Ezgulik: O‘zbekistonda majburiy mehnat tugamagan

Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnat sohasida o‘zgarishlarni oshirib ko‘rsatib, jarayonni kuzatgan faollarga bosim o‘tkazishga imkon bermoqda, deydi "Ezgulik" jamiyati.

Toshkent bilan aloqalarini yaxshilash harakatida AQSh Davlat Departamenti Odam savdosi bo‘yicha 2015 yillik hisobotda O‘zbekistonga taluqli natijalarni yumshatib ko‘rsatgan.

O‘tgan yil iyun oyida e‘lon qilingan hisobotga ko‘ra, tahlilchilar paxta terimi mavsumida majburiy mehnat doimiy tarzda davom etganini aytganlar.

Shu hafta mahalliy ommaviy axborot vositalarining AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlenga iqtibosan yozishicha, O‘zbekistonda paxtachilik sohasida ijobiy o‘zgarishlar yuz bergan.

"Ezgulik" jamiyatiga binoan, bu kabi izohlar "majburiy mehnat jarayonini bevosita borib ko‘rgan o‘zbek faollarini yolg‘onchiga va monitoring natijalarini yolg‘onga chiqaradi".

"AQShning ijobiy tasdiqlashi kam sondagi o‘zbek faollarini rasmiylar oldida tuhmatchi qilib qo‘yadi".

AQSh elchixonasidan bu borada tezda munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Huquq faollarining aytishicha, Toshkent davlat tomonidan boshqariladigan paxta yig‘im-terimida majburiy mexnat borligini yashiradi.

O‘zbekiston paxta eksporti buyicha dunyoda beshinchi davlat hisoblanadi.

Faollar o‘zlariga doimiy bosimlar, tahdidlar va hibsga olishlar bo‘lishini aytishadi.

Islomiy jangarilarning tarqalishi, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va Rossiyaning mintaqadagi ta‘sirini kamaytirish maqsadlarini ko‘zlagan Vashington Markaziy Osiyoda aholi eng jich joylashgan O‘zbekiston bilan yaqinlashishga intiladi.

Soxta xulosalar

Bundan oldin ham "Ezgulik" inson huquqlari guruhi BMTning Xalqaro Mehnat Tashkiloti va Jahon Bankining "O‘zbekistonga keladigan ikkiyuzlamachi delegatsiyalari" bilan har qanday muloqot va uchrashuvlardan voz kechishini aytgan edi.

Ayni tashkilotlar O‘zbekistondagi ahvol borasida noto‘g‘ri xabarlarni tarqatganlar, deyiladi tashkilot chiqargan bayonotlarda,

"Ezgulik" jamiyati O‘zbekistonda bolalar mehnati mavjud emas, degan soxta xulosalarni jahon hamjamiyatiga havola etgan Jahon Banki va BMTning Xalqaro Mehnat Tashkilotiga boykot e‘lon qiladi" - deyiladi Toshkentda chiqarilgan jamiyat bayonotida.

Bayonotga binoan, O‘zbekistondagi ahvolni o‘rganishga kelgan mazkur xalqaro tashkilotlarning vakillari mamlakatdagi vaziyatni yaqindan kuzatib keladigan "Ezgulik" bilan uchrashmasdan, aksincha, "O‘zbekiston hukumatining nog‘orasiga o‘ynab, mamlakatda bola mehnati ekspluatatsiyasi hollariga ko‘z yumdi".

"Mamlakatimizning Andijon, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bolalar mehnatidan foydalanish, ularni paxta yig‘im-terimiga jalb etish hollari uchradi" - deydi "Ezgulik" o‘z kuzatuvlariga asoslanib.

XMT (Xalqaro Mehnat Tashkiloti) vakillari O‘zbekistonda bo‘lib, mamlakatda bola mehnatidan deyarli foydalanilmayotganini aytib, o‘z o‘rnida, "kattalarning majburiy mehnatga jalb qilinayotganidan" tashvish bildirishgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon