O‘zbekiston Rossiyadan yordam so‘raydimi?

Image copyright none
Image caption O‘zbekiston 2012 yilda KXShT dan chiqqan

MDHning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja tashkilot Afg‘onistondagi vaziyat va qo‘shni davlatlar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarni yaqindan kuzatayotganini aytgan.

Uning Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida aytishicha, Afg‘onistonda so‘nggi paytlarda O‘zbekiston Islomiy Harakati va IShID singari jangari guruhlarning faollashgani kuzatilmoqda.

"Chegarada vaziyat juda jiddiy. Men vaziyat xavotirli deb o‘ylayman", - deb aytgan KXShT mulozimi.

Unga ko‘ra, hozirda Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi davlat chegarasini qo‘riqlashni kuchaytirish bo‘yicha maxsus davlatlararo dastur ishlab chiqilmoqda.

Bordyujaning aytishicha, zarurat tug‘ilgani taqdirda KXShT unga a‘zo bo‘lmagan O‘zbekiston va Turkmanistonga yordam ko‘rsatishga tayyor.

"Yordam so‘rab murojaat qilingani taqdirda, bu murojaat ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi", - deya Bordyujadan iqtisob keltiradi Kazinform agentligi.

MDH xavfsizlik tashkiloti mulozimining aytishicha, KXShT ga a‘zo davlatlarning barchasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlikdan manfaatdor.

"Ular bu barqarorlikni dastaklash uchun barcha choralarni ko‘radilar", - degan u.

Rad javobi

Avvalroq Turkmaniston Rossiyaning turkman-afg‘on chegarasini qo‘riqlashdagi yordam taklifini rad etgan edi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning o‘tgan oy oxirida Ashxobodga tashrifi kun tartibida bo‘lgan.

Image caption Bordyujaning aytishicha, O‘zbekiston KXShTning hamkorlik taklifiga javob bermayapti

Janob Lavrovga ko‘ra, turkman tomoni chegarani mustahkamlash yuzasidan o‘zi ko‘rayotgan choralar yetarli ekanligini ta‘kidlagan.

"Turkmaniston rahbariyatining bizga aytishicha, hozir zamonaviy texnologiyalar asosida Afg‘oniston bilan chegarasini xavfsizligini ta‘minlash harakatida. Agar, turkman tomoni bu ishda bizning ko‘magimizga ehtiyoj sezsa, so‘zsiz, ularga yordam berishga tayyormiz. Ammo, yana bir bor takrorlayman. Turkman do‘stlarimiz bizga bu yo‘lda nimalar qilishayotganini batafsil gapirib berishdi. Va biz ham shunga muvofiq ish tutamiz", - deb aytgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri.

"O‘ziga xos"

O‘zbekiston KXShT Bosh kotibining o‘tgan hafta so‘nggida yangragan bayonotiga hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

O‘zbekiston 2006-2012 yillarda tashkilot a‘zosi bo‘lgan.

Image copyright Reuters
Image caption Karimov IShID O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashib kelayotganini aytgan

Rasmiy Toshkentning 2012 yilda KXShT dan chiqish qarorini sharhlagan Nikolay Bordyuja o‘zbek tomoni Afg‘oniston yuzasidan birgalikdagi harakatlarga qarshi bo‘lganini aytgan edi.

U O‘zbekistonning bu boradagi mavqe‘ini "o‘ziga xos" deb atagan.

KXShT mulozimi o‘tgan yil martida O‘zbekiston tashkilotning terrrorchilikka qarshi kurashdagi hamkorlik takliflariga javob bermayotganidan shikoyat qilgan edi.

Avvalroq Prezident Islom Karimov IShID O‘zbekiston chegaralariga yaqinlashib kelayotgani va mintaqada "jangovar ekstremizm hamda diniy radikalizm" tahdidi kuchayib borayotganini aytgan.

Xalqaro radikallashuv va siyosiy zo‘ravonliklarni o‘rganish markazining tadqiqotlariga ko‘ra, hozirda 500 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolari Suriya va Iroqdagi jangarilarga qo‘shilishgan.

Ammo tahlilchilarga ko‘ra, ayrim alohida hujumlarni hisobga olmaganda, O‘zbekistonga IShID va boshqa jihodiy guruhlarning tahdidi ancha cheklangan deb aytish mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • yoki
  • BBCUZBEKInstagram
  • BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBC UZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+
  • BBC UZBEKYouTube
  • BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon