So‘z Sizga: To‘ylar haqida o‘ylar...

Image copyright bbc
Yana bir bor to‘ylar mavzusini ko‘tarish va bu haqda sizning fikringizni bilishga bizni mustaqil jurnalist Shamsiyaning maqolasi undadi.“E‘tibor bilan kuzatayotgangan bo‘lsangiz, to‘ylar, ma‘rakalar, turli qadimiy marosimlarga yilma-yil, davrma-davr turfa “yangiliklar” qo‘shilayapti. Go‘yo bu bilan an‘analarni boyitayotgandekmiz. Aslida esa, o‘zimizga o‘zimiz muammolarni yanada ko‘paytirmayapmizmikin?" deya savol qo‘ygan jurnalist.

Biz ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilarimizga: Siz bugungi o‘zbek to‘ylarining hashami va dabdabasini qanday baholaysiz? To‘ylarga sarflanayotgan ortiqcha sarf-xarajatlar sizni qanchalik o‘ylantiradi? O‘z kuzatuvlaringizdan kelib chiqib aytganda, bu kabi to‘y xarajatlari oilalarni qanchalik qiyin ahvolga solib qo‘yayotir? Aynan siz to‘ylarni kamchiqim qilish yo‘llarini nimada ko‘rasiz? degan savollar bilan murojaat qildik.

(Ayrim o‘xshash fikrlar qisqartirildi va ayrim izohlar tahrirsiz berilmoqda)

To‘ylar isrofgarchilikmi?

Lola Axmedova: Hozir pul topish ancha qiyinlashgani uchun ko‘pchilik tanishlarim kelishib, hamma narsani kamaytirib qilishyapti... o‘zini cho‘ntagini, asabini o‘ylaydigan, isrofgarchilikni kamroq qiladiganlar ko‘paysa yaxshi bo‘lardi... Hashamatli to‘y qilib, baxtni hech kim topmagan.

Farkhod Abdurakhmonov: Men maqolani o‘qib chiqdim va umuman olganda bildirilgan fikrlari to‘g‘ri. Lekin, ko‘plab yosh yigit va erkaklarimizning Rossiya yoki boshqa davlatlarga ishlab yurganlarini to‘y qilib qarzdor bo‘lganlari va uni uzishlari uchun yoki aynan to‘y qilish maqsadida pul yig‘ish uchun borganlar deb bo‘lmaydi, ya‘ni bu ikki voqe‘lik o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrelyatsion bog‘lanish mavjud emas.To‘y qilishdagi dabdababozliklarning sabablarini milliy zehniyatimizdagi nuqsonlardan axtarishimiz lozim deb o‘ylayman. Xohlaymizmi-yo‘qmi boy-kambag‘al hamma jamiyatlarda ham topiladi, lekin bizda shakllangan boy-kambag‘allik zamirida ob‘ektivlik mavjud emas, ya‘ni Sizning boy yoki kambag‘al bo‘lishingiz mehnatingiz, ijodingiz, ilmingiz sifatiga qarab shakllanmaydi balki sub‘ektiv omillar ta‘sirida barpo etiladi. Shuning uchun boylarimizning aksariyatlari pulni bellari og‘rimay topganlari uchun ham to‘ylarda dabdababozlik qiladilar, riyokorlikka beriladilar, manmanlik, kibru-havo uchun turli chora-tadbirlarini o‘tkazadilar. Bizdagi boylarning aksariyati ustiga-ustak ma‘naviy qashshoq insonlardir.Qolgan xalq ham buni ko‘rib o‘zlaricha shunday to‘ylar qilmoqchi bo‘ladilar, ular odam umrida bir marta to‘y bo‘ladi deb katta orzu-havaslar bilan yozilganidek qarz olib bo‘lsa-da, to‘y qiladilar. Buni soddalik deb ham, ongsizlik yoki mantiqsiz g‘urur deb ham aytish mumkin. Yana bunga qo‘shimcha boylarimizda va kambag‘allarimizda ham kim o‘zarga, ko‘z-ko‘z qilish, "meni undan nimam kam", hasad, degan illatlar ham bor, albatta. Menimcha, bu illatdan qutulish uchun avvalo jamiyat "obrazovanny", ilmli, ma‘rifatli bo‘lishi kerak, adolatli davlat tizimi shakllangan bo‘lmog‘i darkor. Hukumat qancha qaror chiqarmasin, cheklovlar qo‘ymasin samarali bo‘lmaydi. Chiqarilgan qarorga esa, birinchi galda mulozimlarni o‘zlari amal qilishlari muhimdir. Agar jamiyat ma‘rifatli bo‘lsa hamma o‘z ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadigan bo‘ladi, katta to‘ylar ham va kichik to‘ylar ham o‘tkazilaveradi, ma‘rifatli jamiyatda insonlar kim o‘zarga to‘ylarga pullarini sarflamaydilar, ilmga, safar qilishga intiladilar, bunday jamiyatda hasad ham bo‘lmaydi, isrofgarchilikka ham yo‘l qo‘yilmaydi. Eng avvalo adolatli jamiyat bo‘lsa unda aholining asosiy qismi o‘rta tabaqa sinfi yuzaga keladi, boy va kambag‘allar o‘rtasida katta farq bo‘lmaydi. Shuning uchun ushbu mavzu ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy ahamiyatga molik muammodir.

Lola Azizova: Ming afsuski, jamiyatimizda bunday fikrlovchi yoshlar juda xam kam.Sizga tarbiya bergan ota-onangizga ming rahmat.

Pulat Turon: To‘yi ham, azasi ham musibat. Kim o‘zarga yamog‘ini ko‘rsatmaslikka urinadilar...

Ilxom Kasimov: ... ulug‘ allomalarimiz Beruniy, Al-Xorazmiy, Buxoriy, Termiziy, Farg‘oniy, Marg‘iloniy, Moturudiy, Ibn Sino va boshqa ajdodlarimizning shu tarzda to‘y qilishsa nima bo‘lardi, yo alhazar? ... Har bir inson o‘z qurbiga yarasha, o‘z imkoniyatiga yarasha, aql chegarasidagi orzu, havaslarni qilmog‘i darkor. Siz nafsingizning quli emas, nafsingiz sizning qulingiz bo‘lsa olam guliston! Farzandlaringiz haqqiga duolar qilib baxt-saodat tilang. Agar molu-dunyo, orzu-havas, sarf-harajatlar evaziga farzandlar baxtli bo‘lishsa edi, dunyodagi, tarixdagi barcha boy badavlat kishilarning bolalari baxtli bo‘lar edilar. Bunday emasligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Erlaringizga, o‘g‘il-qizlaringizga raxmingiz kelsin, ey ayollar! Ularni qiynamang, behuda, haddan ziyod sarf-harajatlar girdobiga tortmang! Alloh barchamizga insof bersin...

Ilxom Kasimov: To‘y kuni qurbi yetsa, bitta qo‘y so‘yib, yetmasa bitta osh tayyorlab, mahallaning oqsoqollariga uylanayotganini e‘lon qilib kelinni olib kelavergan. Kelin tomon qurbi yetsa, kuyovga bitta ko‘ylak, chorsi(qiyiq) va do‘ppi hozirlagan, qurbi yetmasa, kelinning o‘zi tikkan bitta chorsi berilgan. Shu asnoda tinch, osoyishta, toqatdan tashqari talablar girdobiga g‘arq bo‘lmay, kamtarona, qulay hayot boshlangan va ko‘p yillar qo‘sha qarib, totuv, inoq, havas qilsa arzigulik umr kechirishgan. Buni muhtaram o‘quvchi o‘z ota-bobolarining hayotlariga nazar solish bilan bilsalar ham bo‘ladi...

Zamonaviylikmi yo?

Kamola Erkinovna: Meni masalaning boshqa tomoni ko‘proq hayron qoldirmoqda. Masalan, kelin-kuyov barchaning oldida katta ekranda o‘zlarining tanishgan kunidan to bugungi kunigacha bo‘lgan suratlarini uyalmasdan ko‘rishyapti. Axir ularning nikoh marosimiga qancha nuroniylar, qolaversa, yosh farzandlar borishadi. Nahotki, O‘zbegimning to‘yida shu yarashsa! Yana bu ham kamday, belidan ushlab vals ham tushadi. Qani, o‘zbekona or, qani uyat?! Shoir Muhammad Yusuf "Do‘ppi peshtaxtada qolib ketyapti", degandi. Nahotki, nomus yo uyat ham shunday bo‘layotgan bo‘lsa?!

Golden Rose: Borgan sari chiroyli udum bo‘lgan to‘ylarimiz shoularga aylanyapti...

Masharif Rajabov: Hammaga salom. Men bundan 12 yil oldin Amerikada bir tanishimning to‘yiga borgandim. O‘zi ingliz biznesmen, millioner. Lekin, to‘yida kelin tarafdan 12, kuyov tarafdan 14 ta odam bo‘ldi. To‘y juda ham zo‘r o‘tdi. Hech kim qistir-qistir ham qilmadi, faqat tabriklab qo‘yishdi.

Abror Tukhtayev: To‘y harakatlari umuman kuyov zimmasiga yuklatilishi kerak, deb o‘ylayman. Qalin, osh berish, sarpo va uy jihozlash, mebel va boshqa narsalar. Shunda odamlar sal o‘ylab to‘y qiladi va yosh oilalar buzilishi kamayadi. Chunki, qiz tomon qilgan oddiy parda yoki mebel yoqmagani uchun ham nikoh buzilishiga yoki qudalar orasiga sovuqchilik tushganiga guvoh bo‘lganman.

Shahnoza Jabbarova: Hamma qurbi yetguncha qiladi. Bu - orzu-havas, chiroyli dasturxon yozib to‘y qilishning nimasi yomon? Inson nima uchun o‘lib- tirilib ishlaydi, mehnat qiladi? Shunaqa chiroyli to‘y qilish uchun-da...

Abdu Rakhmanov: Voy tovbaaa, mana shu fikr noto‘g‘ri-da, o‘zbeklarda. O‘lib-tirilib, misqollab, yillar topadi-da, 2 soatlik to‘yga bosar-tusarini bilmay botmonlab ishlatadi. Bitta artist o‘zini 15 minut qimirlatganga minglab dollar beradi... Bu bitta xarajatga misol.

Nargiza Karimberdieva: 100 kishi yaqinlar bilan ham shunday chiroyli to‘y qilsa bo‘ladi... nima keragi bor pulni keraksiz, ortiqcha narsalarga sarflab? Bu hashamatli to‘ylarni to‘xtatishga kimningdir kuchi yetarmikan yoki har doimgidek gap bo‘lib qolib ketaverarmikan?

Husniddin Karabayev: Birinchidan, bu chikarilgan qarorlar insonlarga foydasi tegsa yoki ma‘qul kelsagina, unga rioya kilishadi, agar foydasi tegmasa, unga rioya qilishga na hojat! Ikkinchidan, to‘yni butunlay qisqartirishsa bo‘ladi (bir maqol borku: "O‘limdan boshqa hamma narsaning iloji bor)...

Sevarhon Pratova: Bu mavzuda to‘xtamasdan bir oy gapirilsa ham, tugamasa kerak. Buni hammasi o‘zgartirish o‘zimizning qo‘limizda. Lekin, ko‘pchilikning ongiga buni singdirish uchun juda ko‘p vaqt kerak. Dabdabali to‘y bir kunda o‘tib ketadi, yoshlarning baxtini hech kim o‘ylamayapti. Ajrashishlar ko‘p. Undan ko‘ra to‘yni ixchamlashtirib, yoshlarning baxtiga ko‘proq e‘tibor berish kerak, deb o‘ylayman.

Ilxom Kasimov: To‘y va sep muammolari yoki pul topib, aql topmaganlar haqida! Hozirgi kezlarda har bir o‘g‘il-qizi bor oilani qiziqtiradigan va o‘ylantiradigan masalalardan biri to‘y-hashamlarimizga bog‘liq bo‘lgan muammolardir. To‘y kuni belgilangach, "To‘y qaysi restoran yoki kafeda bo‘ladi, qaysi va nechta xonandani chaqiriladi, necha yuz odam taklif qilinadi, necha 100 kilogramm guruch osh damlanadi, nechta va qanaqa qo‘y olinadi, dasturxonga necha xil noz-ne‘matlar qo‘yiladi, tortning qanaqasidan buyurtiriladi, kelinga necha sidra bosh-oyoq sarpo tayyorlanadi, quda tomonga qancha sarpo kiydiriladi, kelinga nechta xona uy ajratiladi va u qanday remont qilinadi, kelinni ko‘rishga qanaqa ko‘rmanalar hozirlanadi, umuman, to‘y harajatlari jami qancha bo‘ladi, degan muammolar yigit tomon qudalarning boshini og‘ritadi. Qiz tomon qudalarning esa, "Qizimizga berilgan xonalarni qanday to‘ldiramiz, mebelning qayernikini olamiz, nechta gilam, ko‘rpa-to‘shak, yostiq va ko‘rpachalar tayyorlash kerak, necha xil idish-tovoq olish, qimmatbaho servizlar, billur idishlar, qoshiq-vilkalar, choyshabu odeyallar,sochiq, salfetka va har-xil kelinlik uyni bezash uchun kerak bo‘ladigan bezaklar olish kerak. Necha millionga "Elita" pardalar osamiz, qizimizga qancha ko‘ylagu lozim, qancha poyafzal, palto, jemper, sumkalar, tilla asboblar va hokazo va hokazo seplarni tayyorlashimiz kerak. Kuyovimizga necha sidra bosh-oyoq sarpo hozirlaymiz, quda-andalarga, amma-xola, amaki-tog‘alarga, katta xola va katta ammasining bolalariga, qudaning qarindoshu qo‘shnilariga qanday hadya, sarpolar tayyorlaymiz, bularning hammasi qanchaga tushadi", degan muammolar qiynaydi. Vaholanki, bunday muammolar bizning bobokalon va momolarimizning, hattoki, yoshlari ulug‘roq ota-onalarimizning ham boshlarini og‘ritmagan. Bu masala ularning zamonida osonlik bilan hal bo‘lgan. Uylanadigan yigit bo‘lajak oilasi yashashi uchun qasr emas oddiygina bir uy va uy ichiga hayot uchun zarur bo‘lgan, ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan ro‘zg‘or buyumlari bilan jihozlagan va kelinchakka bir yoki ikki sidra bosh-oyoq sarpo: ko‘ylak, lozim, ro‘mol va kovush tayyorlagan.

Tino Tara: Hammamizni boshimizga tushadigan savdo - bu... bu dabdabalar kim va nima uchun, bilmadim...

Abdusattor Nishonov: G‘arbdan oq kelin ko‘ylakni o‘rgandik, kamchiqimlikni o‘rganmadik.

Ray Xakim: Maxalla raislari Prezident qaroriga asosan ishlamaydilar. Aksincha, kim boyroq, shuni gapi to‘g‘ri, shu inson tutgan ishi ma‘qul deb bilishadi. Bizning Namanganda shahar aholisi 70% i kelinni uyidan, ya‘ni quda tarafdan juda katta umidlar kutishadi, haftasiga tog‘ara-tog‘ara ovqat, shirinliklarni o‘zlari qayerdan olishgacha aytishadi. Bechora kelin xizmatini u xonadonda qiladi. Biror yeri og‘rib qolsa, ota-onang ko‘rsatsin, quda tarafga jo‘natiladi. Qani, bizning o‘zbekona or-nomusimiz, vijdonimiz?

"To‘y qilinglar to‘rt kunlik dunyoda"

Abror Mustafa: Qo‘lidan kelsa Marsda, xohlasa Qrimda to‘y qiladi, orzu-havasi bor hammaning. Qarzga botish botmaslik - shaxsiy fikri va muammolari. To‘ylar muborak azizlar, to‘y qilinglar to‘rt kunlik dunyoda.

Gulya Guli: To‘y bir kunda o‘tadi ketadi, ertangi kunni o‘ylash kerak.

Fahriddin Adilov: Hammasi ilmsizlikning oqibati...

Abdusattor Nishonov: To‘ylar rasvo darajada bo‘lyapti.

Maxmuda Azimova: Bizning to‘ylarimiz dunyo turguncha, o‘zgarmasa kerak.

Eshmurodova Muborak: To‘y bo‘lsa, dasturxon shunday bo‘lsin.

Nilufar Ergasheva: Faqat isrofgarchilik .....

Zohan Madridista: Qiyin 400-500 odamni yedirish, ichirish.

Dildora Gulomova: Kam bo‘lsa yetadi, ko‘p bo‘lsa, ketadi. Ana shunaqa...

Shahob Iddin: To‘y to‘ydek bo‘lsin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon