Anqarada portlash: o‘nlab qurbonlar bor

Image copyright AFP
Image caption Qudratdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi voizining aytishicha, bu portlash "terrorchilik amalidir"

Turkiya poytaxti Anqara shahrida ro‘y bergan yirik portlashda kamida 28 kishi qurbon bo‘lgan.

Oltmishdan ortiqrog‘i esa, yaralangan.

Bu haqda Turkiya hukumatining rasmiy vakili bildirgan.

Portlash kimning ishi ekani borasida, hozircha, rasmiylar tomonidan biror bir taxmin ilgari surilmagan.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, portlovchi modda to‘ldirilgan avtomobil portlagan.

Yuz bergan mudhish voqea sabab, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ozarbayjonga rejalagan safarini bekor qilgan.

Bu haqda Buyuk Britaniyaning nufuzli "Reuters" axborot agentligi prezident ma’muriyatiga tayanib, xabar bergan.

Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li esa, Bryusselga borish qaroridan voz kechgan.

Axborot agentligiga ko‘ra, portlash oqibatida turk harbiylarining yotoqxonalaridan biriga ziyon yetgan.

Agar, NTV televizion kanalining xabarlariga tayanilsa, portlash harbiylar tushgan avtobus yaqinida yuz bergan.

Ayni mintaqa Turkiya harbiy qarorgohlaridan biriga yaqinligi aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqayotgan suratlarda portlashdan keyin tutun ko‘kka o‘rlayotgani tasvirlangan.

Qudratdagi Adolat va Taraqqiyot partiyasi voizining aytishicha, bu portlash "terrorchilik amalidir".

Anqara hokimi Mehmet Kilichlarga ko‘ra, mashinaga o‘rnatilgan bomba portlatilgan, ammo Bosh vazir Ahmet Dovuto‘g‘li ayni hodisa sabablari hali tekshirilayotganini aytgan.

Turkiyada o‘tgan oylar davomida bir qator hujumlar ro‘y bergandi.

Yanvar oyi Istanbuldagi portlash oqibatida 10 kishi qurbon bo‘lgandi.

Mulozimlar ayni portlash ISHIDga aloqador shaxs tomonidan sodir etilganini da’vo qilishgandi.

O‘tgan yil oktyabr oyida Anqaradagi portlash kamida 99 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi.

Turkiyada xavfsizlikka asosiy tahdid deya PKK (Kurdiston Ishchilar partiyasi) va IShID ko‘riladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq