O‘zbekistonda majburiy ruhiy muolaja kimga kerak?

BBC Jahon Xizmati "Ichki dunyo" deb nomlangan mavsum boshladi. Ushbu mavsumda ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq muammolar, sog‘liqni saqlash tizimi va jamiyatda ruhiy xastalarga munosabatga doir maxsus lavhalar berib boriladi. Bugun ushbu mavsum doirasida biz o‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Yelena Urlayevani suhbatga tortdik. Urlayeva xonim o‘z faoliyati uchun bir necha bor majburan ruhiy muolajaga tortilganini aytgan.

Urlayeva: Men inson huquqlarini himoya qilish bilan 1998-yildan beri shug‘ullanaman. Shu faoliyatim tufayli hukumat meni ruhiy shifoxonada davolanishga majburlab keladi. Men va bir qator faollar 2001-2002 yillarda Prezident apparati va hokimiyat qarshisida musulmonlarga qilinayotgan ta‘qiblarga qarshi norozilik namoyishlarini qilgandik. Hukumat bunga javoban bizni ruhiy kasal odamlar deb e‘lon qilishga qaror qildi. Men, Larisa Vdovina, Lidiya Volkobrun, keyinroq esa Jamshid Karimovlar ruhiy muolaja olishga majburlandik. Birinchi safar, men onam bilan uydan piketga chiqayotganimda, mashinada kelishgan va meni ushlab olib, plakatlarimni tortib olishgan. Avvaliga militsiyaga olib ketishgan, keyin u yerga psixiatrlar brigadasi chaqirtirilgan. Qo‘llarimni qayirib, bog‘lab qo‘yishgan. Hech narsaga tushunmagandim. So‘ng ruhiy shifoxonaga yotqizib, meni uch oy davolashgan. Bir yil o‘tgach, yana to‘rt oyga yotqizishdi. U yerda meni karavotga bog‘lab qo‘yib, juda kuchli psixotropik ukollar qilishgan. Juda shafqatsiz munosabat qilishgan. 2005 yilda Andijonda otishmalar yuz bergach, bizni yana tutib, ba‘zilarimizni qamashdi, meni esa yana ruhiy kasalxonaga yotqizishdi. Aksariyat vaqtni karavotga bog‘langan holda o‘tkazdim, ukollar qilishardi. 2006 yilda esa Mirobod tumani sudi qaror chiqarib, meni jamiyat uchun xavfli deb atab, shizofreniya tashxisini qo‘ydi. Hozir men oddiy fuqaro huquqlaridan mosuvo qilinganman. Har oyda psixiatr ro‘yxatidan o‘tishim kerak, ular menga tabletkalar berishadi. Agar bormasam, meni yana kasalxonaga yotqizishadi.

BBC: Sizga ukollar qilishganida, nimalarni sezgansiz? Qanday ta‘sir qilgan sizga?

Urlayeva: Bu ukollar, avvalambor, juda og‘riqli. Fikr yuritish qobiliyatingiz butunlay o‘zgaradi. Hamma narsadan qo‘rqishni boshlardim, burchakka tiqilib olishni xohlardim, ko‘rpaga o‘ranib olardim. O‘zimni juda tushkun, bosim ostida sezardim. Bu juda kuchli preparatlar. Ayniqsa, Moditen-depo degan ukoldan og‘riq paydo bo‘ladi, qo‘llaringiz tortishib qiyshayadi, yurishingiz o‘zgaradi. Ko‘p vaqt titrab yurganman, gapirish qobiliyatim buzilgandi. Ko‘rinishimdan nogironga o‘xshab qolgandim. Har safar kasalxonadan chiqqanimda, buni odamlar ko‘rishardi... Umumiy hisobda, men 1 yilu 3 oyni shu kasalxonada o‘tkazdim.

BBC: Sizni majburan davolashga zarurat bormidi? Nima uchun shunday chora ko‘rilgan sizga?

Urlayeva: Bu jazo psixiatriyasi deyiladi. U odatda o‘z huquqlarini talab qilgan, yoki hukumatga qarshi qandaydir tanqidiy fikrni izhor qilishga uringan, o‘zgacha fikrda bo‘lgan odamlarga jazo sifatida qo‘llanadi. O‘zbekistonda jazo tibbiyoti bizning ovozimizni o‘chirish yo‘lida ishlatiladi.

BBC: Bu sizning faoliyatingizga qanday ta‘sir qilgan? Har qalay, agar sizga ruhiy kasal deya tashxis qo‘yilgan bo‘lsa, sizga yordam so‘rab murojaat qilishni istagan odamlar o‘z fikridan qaytsa kerak? Ya‘ni, ularning yoki hatto yaqinlaringizning sizga bo‘lgan ishonchi susaysa kerak, shundaymi?

Urlayeva: Bilasizmi, bizning hukumatimiz va maxsus xizmatlarimiz xodimlari shunday usulni qo‘llashmoqda. Ular sudning bizga qarshi chiqargan qarorlari, tibbiy tashxislarni bizga yordam so‘rab murojaat qilgan yoki qilishni istagan odamlarga ko‘rsatishadi. Ularning bizga aloqaga chiqishlarini shu yo‘l bilan to‘xtatmoqchi bo‘lishadi. Mana, masalan, bugungi kunda taniqli inson huquqlari himoyachisi Shuhrat Rustamov ruhiy kasal odam deb topilgan. Ko‘plab shikoyatlar yozgani uchun o‘tgan yoz uni ham ruhiy noqobil odam deya e‘lon qilishdi. Gap shundaki, bizda jonli liniya bor, ya‘ni maxsus raqamlar orqali oddiy fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab bizga murojaat qilishlari mumkin. Men, Shuhrat Rustamov, Malohat Eshonqulova, Adelaida Kim juda faol ish olib boramiz. Bizga hozirda butun O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda odamlar oqib kelishayapti. Maxsus xizmatlar xodimlari esa bu odamlarni aniqlab, ularni qo‘rqitishga urinishadi. Uzoq tumanlar va qishloqlardan keladigan, internetni bilmaydigan yurtdoshlarimiz haqiqatdan ham qo‘rqib, murojaat qilmay qo‘yadilar. Lekin, biz kimgadir yordam berishga muvaffaq bo‘lganimizni, yaxshi natijalarga erishganimizni eshitgan odamlar baribir yog‘ilib kelishaveradi. Chunki, bu odamlar uchun biz oxirgi umidmiz. O‘zim bugun ertalab odamlarni qabul qildim, Shuhrat Rustamovga esa navbat juda cho‘zilib ketgan, u oshxonalar yoki bosh pochtaxonada odamlarni qabul qilyapti. Malohat Eshonqulovaning oldiga Buxoro va Samarqanddan odamlar yordam so‘rab kelishyapti. Lekin, bilasizmi, kim kim ekani hammaga ayon. Odamlar bilishadi, biz kimmiz va hukumatdagilar kim. Biz oddiy odamlarni chin yurakdan himoya qilayotgan himoyachilar ekanimizni bilishadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon