Suriya: otashkesim 'yaqin'

Image copyright AFP

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya bilan qisman otashkesim borasida "dastlabki kelishuv"ga erishilganini ma‘lum qilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar ortidan gapirgan janob Kerri "otashkesimga har doimgidan ham yaqin ekanliklari"ni aytgan.

Shu oy boshida jahonning qudratli davlatlari "o‘t ochishga barham berish"ga kelishganlar, ammo otashkesim uchun belgilangan muhlat juma kuni nihoyasiga yetgan.

AQSh Davlat kotibi yakshanba kuni rossiyalik hamkasbi bilan otashkesim shartlari haqida kelishganliklari, ammo hali ayrim jihatlarga oydinlik kiritilishi kerakligini aytgan.

Xomsdagi hujum

Ayni paytda yakshanba kuni Suriyaning Xoms shahrida yuz bergan ikki suiqasd hujumida kamida 46 inson halok bo‘lgan.

"Suriya inson huquqlarini kuzatish markazi"ning xabar berishicha, qurbonlarning aksariyati tinch fuqarolardir.

Guruhning aytishicha, yaralanganlar ko‘p va talofatlar soni hali oshishi mumkin.

Suriya davlat televideniyesi hujumda 25 kishi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgan.

Ikki mashinadagi bomba portlatilgan hujum ortida kim turgani ma‘lum emas, ammo o‘tmishda IShID ayni mintaqani nishonga olgan.

Hujum aftidan, prezident Asad mansub bo‘lgan alaviy ozchilik yashaydigan hududni nishonga olgan.

Bashar Asadga qarshi isyonning eng birinchi markazlaridan bo‘lgan Xoms bir vaqtlar "inqilob poytaxti" deya nomlangandi.

Ammo o‘tgan yili isyonchilar otashkesim bitimiga muvofiq, shaharni hukumat kuchlariga tashlab chiqishgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon