Jamala Ovronigohda qrim tatarlar haqida kuylaydi

Image copyright AP

Ukraina bu yilgi Ovronigoh uchun qrim tatar xalqining sovet diktatori Iosif Stalin tomonidan badarg‘a qilinishi to‘g‘risidagi qo‘shiqni tanlagan.

Xonanda Jamala kuylagan 1944 yil qrimtatarlar fojeasi uning o‘zining oilasini ham chetlab o‘tmagan. Stalin 240 ming qrim tatarlarni O‘rta Osiyoga badarg‘a qilganda, ular orasida qo‘shiqchining katta buvisi ham bo‘lgan.

Minglab insonlar yo‘lda ochlikdan va kasallikdan vafot etadilar.

Ingliz tilidagi qo‘shiqda naqorat so‘zlari qrim tatar tilida yangrab, ularning boshiga solingan azob-uqubatlar kuylanadi.

Qo‘shiq shunday so‘zlar bilan boshlanadi: "Ular sizning uylaringizga kelishadi, ular hammangizni o‘ldirishadi va biz aybdor emasmiz, deyishadi".

Chorasizlik

2014 yilda Rossiya tomonidan Qrimni bosib olinishi yana 1944 yil voqealari bilan bog‘liq xotiralarni yodga solgan. Ovronigoh-2004 g‘olibi ukrainalik Ruslana Jamalaning qo‘shig‘i haqida shunday deydi:" Bu qo‘shiq... bu aynan o‘sha narsa, Ukrainada bugun biz shuning uchun azob chekyapmiz".

"Bu qo‘shiq haqiqatdan mening oilam haqida desam bo‘ladi", deb aytgan Jamala. Stalin tatarlarni nemis fashistlar bilan hamkorlik qilishda ayblab, hozirgi Markaziy Osiyo mamlakatlariga deportatsiya qilganida, Jamalaning hali o‘ttizga kirmagan katta buvisi ham to‘rt o‘g‘li va qizi bilan quvg‘inga uchraydi. Bolalarning biri yo‘lda halok bo‘ladi.

"Bu qo‘shiq menga yengillik beradi, uni katta buvimni xotirasi uchun, o‘sha qabri ham yo‘q qizning xotirasi uchun kuylayman", deydi u.

"Rossiya kelib, yerlarini bosib olganida o‘zini himoyasiz sezgan odamlar qo‘shig‘imni eshitishlari uchun Ovronigohda qatnashyapman" deb qayd etadi ukrainalik xonanda.

Jamala asli Qirg‘izistonda katta bo‘lgan. Qrim tatarlar vatanlariga qaytishga ruxsat berilgan 1990 yillarda oilasi bilan Qrimga qaytadi. Dastlab Simferopol musiqa bilim yurtida, so‘ngra Kiyev Milliy musiqa akademiyasida opera qo‘shiqchiligi bo‘yicha tahsil oladi.

Siyosiy qo‘shiqlar mumkin emas

32 yoshli qo‘shiqchi 1944 yil voqealari haqida kuylayotganida Qrimda qolgan oila a‘zolari, millatdoshlari haqida kechayotgan fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.

"Qrim tatarlar hozir qamalda qolganlar, ularga juda og‘ir", degan u. "Ular katta bosim ostidalar. Ularning ba‘zilari bedarak yo‘qolganlar. Bu odamni dahshatga soladi. Men tarix yana qaytarilishini istamayman".

Ovronigoh shartiga ko‘ra, siyosiy mazmundagi qo‘shiq bilan tanlovda qatnashish taqiqlanadi.

2009 yilda Gurjiston guruhiga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qaratilgan hazil qo‘shig‘i bilan tanlovda ishtirokiga ruxsat berilmagan. Qo‘shiq Rossiya armiyasi Janubiy Osetiyaga olib kirilishidan bir yil o‘tib chiqarilgan.

Bu yilgi Ovronigoh tanlovi may oyi oxirida Shvetsiya poytaxti Stokgolmda bo‘lib o‘tadi.

2015 yil Avstriya poytaxti Venada o‘tgan "Ovronigoh" musiqiy tanlovda shvetsiyalik qo‘shiqchi Mons Selmerlev "Hero" qo‘shig‘i bilan g‘olib bo‘lgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon