Suriya: 140 inson o‘limi uchun mas‘uliyatni IShID oldi

Image copyright AFP

140 dan ziyod insonni o‘ldirgan portlashlar uchun mas‘uliyatni o‘zini "Islomiy Davlat" deb ataydigan guruh zimmasiga olgan.

Dastlab Homs shahrida ikki avtomobil portlashi oqibatida 57 halok bo‘lgan.

Ularning aksari tinch fuqarolar bo‘lganlar.

Keyin poytaxt Damashq chetidagi Sayyida Zaynab mavzesida to‘rt portlash ro‘y bergani xabar qilinmoqda.

Suriya davlat matbuoti xabar qilishicha, portlashlarda kamida 83 inson hayotdan ko‘z yumgan, 178 kishi jarohatlangan.

Image copyright AP

IShIDga bog‘liq axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Sayyida Zaynab mavzesida IShID jangarilari dastlab avtomobilni portlatganlar.

So‘ng xudkush hujumchilar o‘zlarini portlatganlar.

Sayyida Zaynab maqbarasi Shialar uchun muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi, Eron hukumati va Livandagi "Hizbulloh" guruhi Prezident Assadni qo‘llab-quvvatlayotganlari sababini Sayyida Zaynab maqbarasi kabi Shialar uchun muhim ziyoratgohlarni muhofaza qilish maqsadlari bilan tushuntiradilar.

O‘tgan oy ham Sayyida Zaynab mavzesida ro‘y bergan xudkushlik portlashlari tufayli 71 kishi hayotdan ko‘z yumgan, ushbu hujumlarni ham IShID uyushtirganini da‘vo qilgandi.

So‘nggi halokatli hujumlar Suriya sharqidagi Halab shahri uchun qaqshatqich janglar davom etayotgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Image copyright AFP

Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari vaziyatini kuzatish guruhi xabar tarqatishicha, Halab uchun janglarda kamida 50 IShID jangarisi o‘ldirilgan.

Rossiya havo hujumlari dastagida Suriya hukumat kuchlari Halab atrofida tobora ko‘p hududlarni o‘z nazoratiga olmoqda.

Ayni paytda Suriya Prezidenti Bashar al-Assad oddiy suriyaliklarni o‘z uylariga qaytishdan qo‘rqmaslikka chaqirgan.

O‘z xalqini o‘ldirayotganlikda uzoq vaqtdan ayblab kelinadigan Prezident Assad aytishicha, urush tufayli yashashi og‘irlashgani tufayli mamlakatini tark etgan insonlar hukumat tomonidan biror chora ko‘riladi deb qo‘rqmasdan Suriyaga qaytishlari mumkin.

Image copyright AP

"Biz odamlarning Suriyaga qaytishlarini xohlaymiz", deb aytgan Prezident Assad jurnalistlarga.

2011 yil martida Prezident Assad boshqaruviga qarshi boshlangan noroziliklar fuqarolar urushiga aylandi.

Shu paytgacha 250 mingdan ortiq suriyalik halok bo‘ldi deb ko‘riladi.

11 million atrofida inson o‘zlarining yashab turgan joylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldilar.

Shulardan 4 millionchasi xorijga, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib Ovro‘poga yetib olish uchun qayiqlarda dengizlar orqali yo‘lga chiqdilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq