O‘zbekiston: diniy tutqunlar ruhan va jismonan ezilgan

Bi-bi-si Jahon xizmati insoniyatga xavf solayotgan ruhiy kasalliklar muammosi qirralarini yoritishga qaratilgan turkum eshittirishlarni davom ettirmoqda.

Diniy e‘tiqodlari ortidan qamalgan mahbuslar haqida monitoring olib borayotgan xalqaro "Forum 18" tashkilotining aytishicha, O‘zbekiston qamoqxonalarida diniy tutqunlar ruhan va jismonan ezilgan.Tashkilotga ko‘ra, bunday mahkumlardan biri so‘nggi uchrashuvda yaqinlari bilan vidolashgan, bu qarindoshlarini xavotirga solgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati "Forum 18" yangilik xizmatining muharriri Feliks Korli bilan suhbatlashdi

Feliks Korli: Xayrullo Tursunov uch yil oldin Qozog‘istondan ekstraditsiya qilinib, keyinchalik noqonuniy diniy faoliyatda ayblanib, uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilgan. U Buxoro viloyatidagi qattiq qo‘riqlanadigan Qorovulbozor koloniyasida saqlanmoqda. Uning chet elda yashayotgan qarindoshlaridan birining bizga aytishicha, Tursunov uni o‘tgan dekabrda borib ko‘rgan singillari bilan “xuddi umri oxiriga yetgan odamdek vidolashgan”. Singillarining aytishicha, yoki uni qiynoqqa solishgan yoki u chuqur tushkunlikka tushgan. Yaqinlari aniq sabablarini bilolmaganlar. Biroq, shunisi aniqki, O‘zbekiston mehnat koloniyalarida qamoq jazosini o‘tayotgan va ozodlikka chiqishga umid uzgan har kim chuqur ruhiy ta‘sir ostiga tushadi. Bunday mahkumlar jiddiy tushkunlikdan azob chekishlari holatlarini tashkilotimiz qayd etgan. Xususan, Tursunov misolini olsak, u hukm etilgan o‘n olti yillik qamoq muddatidan uch yil o‘tib, sog‘ligi yomonlashgan, silga chaqlingan, buning ustiga, qattiq ruhiy xastalikka chalingan.

Bi-bi-si: E‘tiqod tutqunlari va umuman boshqa mahbuslarda ham paydo bo‘layotgan psixologik va ruhiy o‘zgarishlarni qaysi tegishli organlar inobatga olishadi, ya‘ni bu ularni tashvishlantiradimi?

Feliks Korli: Bu juda katta muammo. O‘zbekiston kabi mamlakatda birorta rasmiy shaxs mahbuslar ruhiy xastaliklarga chalinganini tan olishi o‘ta qiyin. Ayniqsa, o‘z diniy ibodatlarini bekamu-ko‘st ado etishga urinayotgan yo-da o‘z mamlakatida yuzaga kelgan inson huquqlari vaziyatidan samimiy qayg‘urayotgan shaxslar ushbu abgor ahvolni ko‘rib, buning o‘zidan tushkunlikka tushishlari mumkin. Ya‘ni, bu odamlar O‘zbekistonda Xudoga ishonib, o‘z diniy majburiyatlarini erkin ado etolmasliklarini tushunishadi. Bu kabi odamlar, ayniqsa, uzoq muddatga hukm etilgan shaxslar chorasizlik va noilojsizlikni boshlaridan kechirishlari mumkin. Xayrullo Tursunov atigi qirq yoshda, biroq u qamoqxonaga tushib, sil kasalligiga chalingan. Qamoqxona rasmiylari esa tashkilotimizga aytishlaricha, bu kasallikdan u allaqachon davolanib bo‘lgan. Biroq qamoqxona sharoitlarida sildan davolanish o‘ta qiyin. O‘zbek qamoqxonalarida saqlanayotgan e‘tiqod tutqunlaridan opa-singil Hamdamovalarning misolini ham keltirishim mumkin. 46 yoshli Mehriniso davlat tomonidan tashkillashtirilgan masjidda Islomni o‘rgatgani uchun noqonuniy diniy faoliyat yuritish iddaolari bilan qamalgan. Biz buni taxmin qilishimiz mumkin, chunki O‘zbekistonda rasmiylar nima uchun u yoki bu shaxs qamalganini batafsil tushuntirib o‘tirmaydilar. Mehriniso yetti yilga hukm etilgan, uning 55 yoshda bo‘lgan Zulxumor opasini esa, qarindosh bo‘lgani uchunmi, olti yarim yilga mahkum etishgan. Mehriniso qamoqxona boshliqlari butun tibbiyot xizmatini nazorat qilayotganlarini bilgan holda va bundan qo‘rqsa-da, qamoq sharoitida jarrohlik amaliyotidan o‘tishga majbur bo‘ldi.

Bi-bi-si: Demak, qamoqxona boshliqlari mahbuslarning tibbiy ahvolini yaxshillashni istashyapti deb aytsak bo‘ladimi, hartugul, ular mahbuslarning xibsda o‘lib ketishlarini xohlamayotgandirlar?

Feliks Korli: Aynan bu –eng katta muammodir! Mehriniso Hamdamova boshining orqa tomonida paydo bo‘lgan bir shish 2015 yilning oxirida jarrohlik orqali olib kesilgandi. Biroq, unda rivojlangan boshqa o‘sma - mioma xavfli va qattiq og‘riq beruvchi saratonga yetaklashi mumkin. Bizga aniqki, rasmiylar uning sog‘ligi O‘zbekiston tashqarisida bo‘lgan ko‘pgina odamlarni tashvishlantirayotganidan juda yaxshi xabardor. “Mehriniso Hamdamova olamdan o‘tdi” degan taxminlar paydo bo‘lganida, hokimiyat darhol bu mish-mishni tarqatishga urindi. Qamoqxona rasmiylari opa-singilni aprel –may oylarida ozod etishni ko‘zlamoqda. Agar bunday bo‘lsa, Hamdamovalardan biri unga berilgan to‘la jazo muddatini o‘tirib chiqqan bo‘ladi. Bunga katta umid bog‘layotgan oila a‘zolari mahkuma opa-singilning jismoniy va ruhiy ahvolidan katta xavotirdalar va ularning xavotirlari susaygani yo‘q

Bi-bi-si: “Forum 18” tashkilotingiz O‘zbek rasmiylari bilan muntazam muloqot olib borishga imkonga ega. Ular bilan gaplashganingizda, rasmiylar mahkumlarga nisbatan qo‘llanilgan yomon munosabat va ruhiy bosim hollarini qanday tushuntirib beradilar?

Feliks Korli: Ko‘p hollarda rasmiylar muloqotdan bosh tortadilar, faqat agar ayrim qamoqxona rahbariga qo‘ng‘iroq qilib tushishga muvaffaq bo‘lsangiz, o‘shanda gapirishi mumkin. Masalan, hamkasblarimdan biri o‘tgan yili Xayrullo Tursunov saqlanayotgan qamoqxona ma‘muriyati bilan suhbatlashishga urindi. Muloqot paytida familiyasini oshkor etishdan bosh tortgan mazkur rasmiy Tursunovning sog‘ligi oliy darajada, hammasi yaxshi, ahvoli hech yomonlashgani yo‘q, deya bizning so‘rovlarimizni rad etdi. Rasmiylarni kutilmagan paytda tutsangiz, ular, hoynahoy, javob berishlari mumkin. Biz Ichki ishlar vazirligi qoshidagi GUIN boshlig‘iga murojaat qildik. Bu organ barcha qamoqxonalardagi mahbuslar uchun mas‘ul bo‘lishiga qaramay, biz bilan muloqot qilishdan bosh tortdi. Biz e‘tiqod tutqunlarining oddiy huquqlari nima uchun bajarilmayotganini so‘ramoqchi edik. BMTning mahbuslarga nisbatan ishlab chiqilgan qoidalariga muvofiq, hukumat qamoqda o‘tirgan har bir shaxsning diniy ibodat qilishiga xalaqit qilinmasligini ta‘minlashi lozim. Rasmiylar e‘tiqod tutqunlarini diniy kitoblar bilan ta‘minlab, ularga diniy ibodatlarini bajo keltirishlariga sharoit yaratib berishlari shart. O‘zbek qamoqxonalaridagi mahbuslar esa Qur‘on yoki Injildan erkin foydalanolmaydilar. Xyllas, O‘zbekiston qamoqxona rasmiylari hibsxonalardagi qonunbuzarliklarni yo yoppasiga rad etishadi yo-da “biz qonunga binoan ish tutayapmiz” deya har xil baxona topib, muloqotdan bosh tortishadi. Nazarimda, ular juda qo‘rqadilar yoki ular bunga umuman befarq qaraydilar, ya‘ni, nima uchun o‘z sa‘y-harakatlarini tashqaridagi odamlarga oqlashlari kerak, deb o‘ylashlari mumkin

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq