Rossiya: “Birorta “Buk”imiz chegaradan o‘tmagan”

Image copyright Reproducao

Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z harbiylarining Ukraina sharqida 2014 yil iyulida Malayziya yo‘lovchi uchog‘ining “Buk” raketasi bilan urib tushirilishiga aloqadorligi haqidagi taxminni rad etgan.

Vazirlik uchoq halokati sabablarini o‘rganadigan xalqaro ekspertlarning Bellingcat guruhi hisobotiga munosabat bildirgan.

23 fevral kuni e‘lon qilingan hisobotida Bellingcat “Buk” raketa kompleksini Ukraina hududiga olib kirgan va Malayziya yo‘lovchi uchog‘ini nishonga olgan deb ko‘rgan Rossiya harbiy qismi va harbiy xizmatchilarining nomlarini e‘lon qilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi RBK axborot agentligiga xat yuborgan, bu xatida “Buk” raketa majmuasi Ukraina hududiga olib o‘tilgani va uchoq halokatiga o‘z harbiylarining aloqasi borligini rad etgan.

“Havodan mudofaa tasarrufida bo‘lgan birorta kompleks Rossiya-Ukraina davlat chegarasini kesib o‘tmagan”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligining matbuot xizmati va axborot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksey Komarov nomidan yo‘llangan maktubda.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Bellingcat guruhining so‘nggi hisoboti sharhlashga arziydigan jiddiy hisobot emas.

Image copyright Getty

Bellingcat hisoboti “MN17: 53-zenit raketa brigadasidagi potentsial gumondorlari va guvohlari” deb nomlangan.

2015 yil 13 oktyabrida Hollandiyaning uchoq halokati sabablarini o‘rganish bo‘yicha xavfsizlik kengashi o‘z hisobotini e‘lon qilgan, bu hisobotda 2014 yilning 17 iyul kuni Ukrainaning Donetsk viloyati osmonida parvoz qilayotgan Malaysia Airlines aviashirkatining MH17 yo‘nalishidagi uchog‘i halokatiga “Buk” raketasining portlashi sabab bo‘lgan degan xulosaga kelgan edi.

Hollandiya hukumati hisobotiga ko‘ra, “Buk” raketasi uchoqning bosh qismi tarafida, uchuvchilar kabinasidan chap tomonda portlagan, uchoq bortida bo‘lgan 298 inson halok bo‘lgan.

Biroq bu raketani kim otgan bo‘lishi mumkin, degan savolga javob berilmagan edi.

Rossiya uchoq halokatiga o‘z harbiylarining aloqadorligini doim inkor etib keladi.

Hollandiya hukumat komissiyasining hisobotiga Rosaviatsiya rahbariyati munosabat bildirgan, uchoq halokati borasida kelingan xulosa asossiz deb topilgan edi.

Hollandiya tarafi esa shu kunlarda Rosaviatsiya rahbariyatiga maktub yo‘llagan va Rosaviatsiya taqdim etgan ma‘lumotlar orasida biror yangilik yo‘qligi ta‘kidlangan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq