Toshkentda Oloy bozori buzilmoqda

Toshkentdagi Oloy bozori savdo rastalari 29 fevraldan buzila boshlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, bozor hukumatning bozorlarni qayta qurish rejasi asosida amalga oshirilmoqda.

Biroq toshkentliklarning ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan izohlariga ko‘ra, rasmiylar bozor qurilishi haqida oldindan xabar berishmagan.

Bozorda bo‘lgan ba‘zi shaharliklarning aytishicha, buldozerlar allaqachon rastalarni surib tashlagan, ba‘zi sotuvchilar mahsulotlarini bozor atrofida qulay yerlarga sotishga harakat qilishmoqda. Ayni paytda faqat bozorning kirish qismi, tilla buyumlar sotiladigan pavilon buzilmay qolgan.

Bundan faqat ikki kun oldin "Toshbozorsavdo" birlashmasi rahbari Sohibjon Ne‘matullayev Oloy va Mirobod (eski Gospitalny) bozorlari qayta qurilishi haqida mahalliy matuotga ma‘lum qilgan.

Oloy bozori to‘liq, Mirobod bozorining kirish qismi zamonaviy talablarga javob bermagani uchun yangilanadi.

Bozor rekonstruktsiyasi mustaqillik bayramigacha yakunlanishi aytilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Quyluqdagi ulgurji bozori ham boshqa binoga ko‘chiriladi.

Hukumat savdo rastalari egalariga qandaydir moddiy tovon to‘lashi haqida hozircha ma‘lumot yo‘q. Bundan oldin, 2011 yilda Oloy bozorida sotib olingan savdo joylaridan bozorning qayta qurilishi tufayli ayrilgan kishilar hech qanday kompensatsiya berilmaganini aytganlar.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bozorlar buzilishiga munosabatlari turlicha bo‘lmoqda.

Facebookdagi "Potrebitel" guruhi a‘zosi "Natali Sharipova": "Pavilonlarning hammasi joyida ediku? Endi yozda issiq bo‘ladigan plastmassaligidan qurib qo‘yadi", deb yozadi.

Unga javoban, "Kamal Sharipov": "Muhimi, tashqaridan ko‘rinish chiroyli bo‘lsa bo‘ldi, boshqasi muhim emas! Odamlar uchun qulaylik va boshqalar hech qachon ko‘zda tutilmagan!" - deydi.

"Ekaterina Chen"ning fikricha, "bu yana navbatdagi pul yuvish hisoblanadi. Keyin plastmassa do‘konlarda to‘satdan... yong‘in yuz beradi, xuddi Qatortoldagiga o‘xshab".

"Sadoqat Aslanova" esa, qilinayotgan qurilishlarni ma‘qullagan: "Siz uyingizni ham ta‘mirlab turasizku. Hammasi endi boshlandi, yanada chiroyli va toza bo‘ladi, deydi u.

"Ravshan Alimukhamedov" ham bu fikrni yoqlaydi: "Hamma yoqda axlat bo‘lib yotardi. Beton rastalar. Turistlar u yerga boradi deyishadi. Hayron qolaman, turistlar u yerda nimani ko‘rishadi? Nima ular mevalarni ko‘rishmaganmi?" - deb ta‘jublangan.

Elhanio Teqiero" ga ko‘ra, "bundan ko‘ra saraton bilan og‘rigan bolalarni davolashsa bo‘lardi, kasalxonalar to‘la. Yoki pensionerlarga qo‘shimcha pul berishsa yaxshi edi".

Ko‘pchilik poytaxtliklar Oloy bozorini bolalik xotiralari bilan bog‘lab, uning buzilishidan afsuslanganlar.

Ma‘lumotlarga binoan, Toshkentdagi ikki bozor qayta ta‘mirlanishiga 15 mlrd so‘m ajratilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq