"Bizda hali umuman ishlamagan kallalar bor..."

Image caption "Hayotimiz kundan-kunga go‘zallashmoqda"

Salom BBC! Bahoriy kayfiyatlar qalay?

So‘raganim, aynan shu mavzuda bayon yozing, debdi qizchamni o‘qituvchisi. Unga hozir do‘ndiramiz, shu ham ish bo‘libdimi dedim-da, yoz: "Qorlar erib, kunlar isib, daraxtlar kurtak chiqara boshladi", desam. "Eee, dada, qanaqa qor bu yil, kunlar oylab iliq-ku, qaysi daraxtlar, to‘nka qilib kesib tashlangan daraxtlarmi? Bizga xaqiqiy yangiliklar kerak ekan", deb odamni mot qildi.

Yangilik bo‘lsa yangilik, unda yoz dedim. Erta-indin 1 Mart. Ko‘chalarda jilet savdosi chaqqon. Ba‘zi uddaburon bolalar hattoki reklama ham yozib olgan - "Jilet, luchshe dlya mujchine net!" deb.

Avvalida men ham sizga o‘xshab soqol olish asbobi deb tushundim. Yo‘q, bu fosforli kechasi chiroq nurini qaytaradigan nimcha ekan. 1 Martdan agar shu nimcha mashinada bo‘lmasa jarimani otni kallasidek qilib tayyorlab qo‘yavering. Uzun quloq gaplarga qaraganda, jiletni ham sertifikati boridan olish kerak ekan.

Image caption Hozir jiletlar bozori chaqqon

Xullas hayotimiz go‘zallashmoqda kundan-kunga. Demoqchiman-ki hamma narsa inson uchun. Buni xech bir kinoyasiz aytmoqdaman. Belida fosforli belbog‘i bor nimchaning asl maqsadi inson xavfsizligini ta‘minlashdan iborat. Shu jihatdan o‘zbegim maqtalgan Ovropani ham ancha ortda qoldirgan bo‘lsa ajabmas. Video kameralarni aytmaysizmi... Yaqinda Londonni ham ortda qoldirsak kerak, sababi har bir binoda xonadon yashovchisi xisobidan kuzatuvchi kamera o‘rnatish loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda ekan.

Gap Ovropa xaqida urunib qoldi. So‘ramoqchi bo‘lganim, nega Angliya Ovropa Ittifoqiga kiraman-chiqaman deb "kirdi-chiqdi" bo‘lib qoldi? Shu masalada referendum o‘tkazaman deb qolganmish. Bir xovuch muhojirlar kelib u yerda ham davlat byudjetida yetishmovchilik paydo bo‘ldimi? Ularda ham biz kabi parlament a‘zolarini oddiy fuqarolar sayladimi? Unaqa bo‘lsa nega odamlarni ovora qilib arzimagan masalada ham referendum chaqiradi? Parlamentda o‘zlari kelishib bir ovozdan ham hal qilib qo‘ysa bo‘lmaydimi?

Kerak bo‘lsa kelib mana bizdan tajriba o‘rganib ketishsin. Misol uchun dunyoda moliyaviy bo‘hron boshlanib, chetdan valyuta jo‘natmalari kamayib ketdi. Natijada byudjetda bir kattakon teshik paydo bo‘libdi. Baraka topgur deputatlarimiz aholini boshini og‘ritmay buni o‘zlari bir zumda yamab ko‘yishdi. Mana xech kimning hayolida yo‘q jiletka paydo bo‘ldi. Buni masalaga ijodiy yondashish deydilar. Eh-he, hali kerak bo‘lsa qanchadan-qancha tesha tegmagan g‘oyalar bor. Raxmatli Xojiboy Tojiboy aytgandek: "...bizda xali umuman ishlamagan kattakon kallalar bor, agar ishlab ketsa nima bo‘ladi?!"

O‘zbekistonlik mushtariy.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon