MK: "Qotil ayol ruhiy kasal bo‘lgan"

Image copyright none
Image caption Yosh qizchani o‘ldirgan o‘zbekistonlik ayolning ruhiy xastaligi ham tekshiriladi. (Surat "Moskovskiy Komsomolets" nashridan olingan)

"O‘z qaramog‘idagi qizaloqning boshini kesgan enaga 15 yildan beri shizofreniyaning og‘ir ko‘rinishidan aziyat chekib kelgan".

"Moskovskiy komsomolets" nashri Rossiyani larzaga solgan qotillik yuzasidan o‘tkazgan o‘z tekshiruvi ortidan ana shunday xulosaga kelgan.

Gazeta vakillari O‘zbekistonga qo‘ng‘iroq qilib, qotillikda ayblanayotgan Gulchehra Boboqulova yashagan qishloq bilan ham bog‘lanishgani haqida yozishmoqda.

"U ro‘yxatda turadi va har bahor shifoxonada davolanib chiqadi" - ayolning qishloq shifokoridan iqtibos keltiradi gazeta.

Nashrga ko‘ra, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ham ayolning qarindoshlarini so‘roq qilishgan.

Gulchehra Boboqulovaning yaqinlari bu mudhish jinoyatdan dahshatga tushishgan, biroq uning og‘ir ruhiy kasallikka chalingani sabablimi, qattiq hayratlanishmagan.

Rossiya nashri, shuningdek, uning kasali bahorda qo‘zib turishini, aynan kasalligi tufayli bir necha yildan beri eri bilan ham yashamaganini yozadi.

"Moskovskiy komsomolets" gaplashgan mahalliy nozir uning kasali yil sayin kuchayib borganini bildirgan.

"Bir marta uni ikki yil kasalxonada tutib turishgandi, aftidan, ahvoli jiddiy bo‘lgan" - mahalla noziridan iqtibos keltirgan gazeta.

Nashr, shuningdek, Gulchehra Boboqulovaning bayramlarda O‘zbekistonga borib turganini, uch nafar farzandi borligini yozadi.

"Moskovskiy komsomolets"ga ko‘ra, ayol o‘z kasalligini boshqalardan yashirib, Rossiyaga ketgan bo‘lishi mumkin.

Kecha dushanba, 29 fevral kuni Moskvadagi metro bekati yaqinida ko‘lida yosh qizchaning kesilgan kallasini ko‘tarib, "Ollohu Akbar!" deya qichqirib yurgan ayol ushlangandi.

Rasmiylarga ko‘ra, Gulchehra Boboqulova ismli samarqandlik ayol o‘zi enagalik qilgan oiladagi 4 yashar qizaloqni o‘ldirib, boshini tanidan judo qilgan, uyga o‘t qo‘ygan va qizaloq kallasini olib ko‘chaga chiqqan.

Rossiya nashrlari makzkur voqeani yozishgan bo‘lsalar-da, voqeaga milliy yoki diniy tus berilgani yo‘q. Ayrim telekanallarlar esa bu borada xabar ham berishmagan.

Millatchilar g‘azablanib, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolariga nisbatan viza tizimi joriy etish kerak, degan talablarni ilgari surishmoqda.

Biroq Kreml rasmiylari ayni mudhish jinoyat milliy masalaga umuman bog‘liq emasligini ta‘kidlashgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,
  • telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBCUZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+BBC
  • UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq