O‘zbek huquq faollari mukofotlandi

Amerikaning "Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forum" tashkiloti Yelena Urlayeva, Dmitriy Tixonov, O‘ktam Pardayevning olib borayotgan huquq faoliyati uchun mukofotlashga qaror qilgan.

"Ularning yetakchiligi, jasorati va O‘zbekistonning paxtachilik sohasida majburiy mehnat tizimini o‘zgartirish maqsadida harakatlari uchun" taqdirlanadi, deyiladi tashkilot xabarida.

Huquq faollari O‘zbekistonda doimiy bosimlar, kuzatishlar ostida faoliyat olib borishga majbur ekanliklariga e‘tibor qaratiladi.

Bundan oldin Amnesti interneshnl xalqaro tashkiloti 2015 yil yakunlari bo‘yicha hisobotini e‘lon qilgan.

O‘zbekistondagi inson haqlari vaziyati yoritilgan bo‘limda aytilishicha, Yelena Urlayeva, O‘ktam Pardayev va boshqa faollar huquq faoliyati uchun hukumat tomonidan bosimlar va qiynoqlarga tutilgan.

Jumladan, o‘tgan yil 31 may kuni huquq faoli Yelena Urlayeva Chinozda hukumatning majburiy mehnatdan foydalanayotganini hujjatlashtirayotganda, militsiya tomonidan ushlab ketilib, majburiy haqoratli jinsiy tekshiruvdan o‘tkazilgani misol keltiriladi.

Militsiya xodimlari Urlayevani "vatan xoini" deb haqoratlaganlar, kaltaklab, kiyimlarini yechtirganlar. Agar shikoyat qiladigan bo‘lsa, uning suratlarini internetga joylashtirish bilan tahdid qilganlar. Yelena Urlayeva bir necha bor majburan ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

2015 yil noyabr oyida esa O‘ktam Pardayev tovlamachilik, pora olish va haqorat qilganlik moddalari bo‘yicha ayblanib, hibsga olingan.

Prokuror faolga 7 yilu 8 oylik qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Huquq faoli o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni kasbiy faoliyati tufayli ekanini aytgan, ayblovlarni bo‘yniga olmagan.

Image copyright none

O‘ktam Pardayev hibsdaligida bir qancha inson haqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatidan faolni ozod qilishga chaqirishgan. Bundan tashqari O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan juda oz sonli boshqa faollarni ta‘qib qilinishiga chek qo‘yishni so‘rashgan.

Yanvar oyida o‘tgan mahkamada Pardayev amnistiyaga muvofiq, sud zalidan ozod qilingandi.

Biroq jizzaxlik huquq faolining xabar qilishicha, unga nisbatan ta‘qiblar hamon davom etmoqda.

Jizzax shahar IIB O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan O‘ktam Pardayevning o‘zi yashab turgan joydan boshqa yerga borishini taqiqlagan.

O‘zbekistondagi majburiy mehnat va qator qonunbuzarliklarni kuzatib, mustaqil axborot vositalarida yoritgan angrenlik faol Dmitriy Tixonov ham bir necha bor hibsga olingan, militsiya tomonidan kaltaklangan, uyiga noma‘lum kishilar tomonidan o‘t qo‘yilgan.

Dmitriy Tixonov hukumatning doimiy bosimlari bois nihoyat shu yil boshida mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgandi.

"Mehnatkashlar huquqlari xalqaro forum" tashkilotining mukofotlash marosimi may oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.

Huquq faollarining o‘zlari tadbirda ishtirok eta olishlari hozircha noma‘lum.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq