'Boburiylarni tarixdan o‘chiring!'

Image copyright bbc
Image caption Bobur yaratgan sulola Hindiston tarixida ulkan iz qoldirgan.

Hindistondagi Hindu millatchilari Boburiylar sulolasini barcha tarix kitoblari va darsliklardan o‘chirib tashlash talabi bilan chiqishmoqda.

Internetdagi #RemoveMughalsFromBooks Samarqanddan Hindistonga kelib, ulkan saltanat yaratgan sulolani IShIDga tenglashtirgan.

Hindistondagi millatchilar boshlagan #RemoveMughalsFromBooks heshtegi Hindular orasida ommalashgan.

Ma‘lumki, Boburiylar sulolasini hindlar mo‘g‘allar (mo‘g‘ullar) deb atashadi. Shu bois ular #RemoveMughalsFromBooks xeshtegi bilan chiqishmoqda.

Bobursiz Hindiston?

Ijtimoiy tarmoqlardagi ayni kampaniya Hindiston tarixidagi eng muhim va shonli davrni yo‘qotishga qaratilgan.

Boburiylar Hindistonda Islom dinini yoyishgan. Ayni damda ular bu e‘tiqod orqali hind tuprog‘ida yangicha boy madaniyat va san‘at barpo etganlar.

Bugungi Hindiston me‘morchiligi, adabiyoti va taomlari ham Boburiylar ta‘sirida boyigan rivojlangan va yangi cho‘qqilarga chiqqan.

Ayni damda, musulmon hukmdorlar o‘z paytida ko‘plab hindularni o‘ldirishgan, ularni majburan Islom diniga kiritishgan va hindu ibodatxonlarini vayron qilishgan.

Yaqinda iqtidordagi millatchi partiya, yoki BJP vakili so‘zlagan nutq ortidan Boburiylarga qarshi nafrat yanada kuchayib, internetda maxsus heshteg bilan aksilboburiy kampaniyasi boshlanib ketdi.

Image copyright Tern TV
Image caption "Undan keyin Toj Mahalni ham buzasizmi?"- savol tashlagan adib Chetan Bhagat.

Millatchi partiyaning hukumatdagi vazirlaridan biri bo‘lmish Smriti Eroniy boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan tarix darsliklarini tanqid qilib, ular mamlakatdagi diniy adovatni noto‘g‘ri tasvirlaydi, deb chiqdi.

"Darsliklar ko‘pchilik milliy qahramon sifatida biladigan jangovor Hindu yetakchisi Shivaji xotirasini behurmat qiladi" - deb aytgan Smriti Eroniy.

"Innankeyin-chi?"

Eroniyning nutqi esa Boburiylarga qarshi bo‘lgan hindu millatchilari oloviga yog‘ purkab yuborgan va ular Boburiylarni tarix kitoblardan butkul o‘chirib tashlash talabi bilan internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda kampaniya boshlib yuborishgan.

Ba‘zilar esa Boburiylarni IShID jangarilariga qiyoslashgan.

"Boburiylarni kitoblardan o‘chirib tashlasak yaxshi bo‘lardi, chunki ular Hindistonning IShIDchilari bo‘lishgan" - yozadi bir hindu.

"Boburiylarni kitoblardan o‘chirish emas, balki xuddi hozirgi IShID kabi, Boburiylar ham o‘z davrida hindistonliklarga nisbatan qanday shafqatsizlik r va zulm qilishganini ko‘rsatish kerak" - deya javob beradi ikkinchi hindu foydalanuvchi.

Boburiylarga qarshi qaratilgan kampaniya Hindistonda ommalashgan bo‘lsa-da, biroq unga qarshi chiqayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Image copyright THINKSTOCK
Image caption Boburiylar keltirgan som'sa, kichiri yoki biryoniy hindlarning milly taomlari sanaladi.

"Xo‘sh undan keyin nima qilmoqchisiz?" - deb ularga qarshi chiqadi taniqli hind yozuvchisi Chetan Bhagat - "Qizil Qal‘a va Toj Mahalni ham buzib tashlaysizmi?"

"Tarixiy merosimizni vayron etishimiz emas, aksincha, asrashimiz kerak!" - yozadi adib.

"Somsa va kichiri qolsin"

Aksilboburiy kampaniyasiga norozilik bildirgan hindistonliklar esa Bobur keltirgan va barcha hindistonliklar sevib tanovul qiladigan taomlarni eslatishgan.

Masalan, biryoniy, somsa, kichiri yo kulcha nonsiz biron hindistonlik dasturxonini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bu ovqatlarni esa Bobur o‘zi bilan birga Andijon va Samarqanddan, ya‘ni bugungi O‘zbekistondan keltirgan.

"Boburiylar saltanati haqidagi maqolalarni tarix kitoblaridan chiqarib tashlasangiz mayli" - hazilnamo fikr qoldiradi bir foydalanuvchi - "Faqat, iltimos, ular keltirgan ovqatlarni taqiqlamang!"

Islom Hindistondagi ikkinchi yirik din va mamlakat ham son jihatdan dunyoning ikkinchi yirik musulmon mamlakati.

Bu yerdagi musulmonlar Boburiylardan juda faxrlanishadi.

Qolaversa, Hindiston ramzi bo‘lgan Toj Mahalni ham aynan Boburiylar tiklashgan.

Boburiy hukmdor Akbar Shoh davrida esa Hindistonda dinlar orasida uyg‘unlik va do‘stlikka erishilgan.

Betoqat Hindiston

Hindistondagi iqtisodiy o‘sish ortidan shakllangan o‘rta tabaqa orasida millatchilik kayfiyatlari tobora kuchaymoqda.

Shu sababli ham BJP yoki millatchilar partiyasi hozir iqtidorga kelgan.

Ayrim millatchilar hatto Toj Mahalni buzib tashlash kerak, degan fikrlarni ham ilgari surishadi.

Image copyright AP
Image caption Bosh Vazir Modi millatchilarni namoyon etsa-da, Mustaqillik ayyomida musulmonlar tiklagan Qizil Qal'a oldida nutq so'zlaydi.

Ayodhadagi Boburiylar masjidi Hindu xudosi sharafiga qurilgan ibodatxona o‘rnida tiklangan ekan, degan xabar ortidan esa 1992 yili Hindu millatchilari masjidni vayron etishgandi.

Keyingi chorak asr davomida Gujorat shtati va Mumbay shahri hindular va musulmonlar orasidagi o‘ta qaqshatqich xunrezliklarga sahna bo‘lgan.

Kashmir mojarosi va qo‘shni Pokiston bilan o‘rtadagi mavjud adovat ham Hindistondagi musulmonlarga nisbatan yovqarashni kuchaytirgani aytiladi.

Hindi tilida musulmonlar keltirgan arabcha, forsiy va turkiy so‘zlar ko‘p bo‘lsa-da, millatchilar so‘nggi yillari ularning ko‘pchiligini o‘zgartirishdi.

Masalan, adabiy tilda musulmoncha jaranglovchi so‘zlar almashtirildi. Endi "Hindustan" emas "Bharat", "Muhabbat" emas balki "Pyar" deyiladi.

So‘nggi oylarda mol go‘shti yegan musulmonlar hindular tarafidan kaltaklangan va o‘ldirilgan holatlar ham bo‘ldi.

Millatchilar bunday zo‘ravonlikka qarshi gapirib chiqqan Shohruh Xon va Amir Xon kabi yulduzlarni ham xoinlikda ayblab, Pokistonga ketsin, deb talab qilishadi.

Hind ziyolilariga ko‘ra, mamlakatda toqatsizlik vaqt sayin kuchayib bormoqda.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,
  • telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq