IKEA turkmanlar majburiy mehnatini rag‘batlantiryaptimi?

Image copyright Getty

Butun jahon bo‘ylab uy jihozlarini arzon narxlarda sotadigan Shvetsiyaning IKEA kompaniyasi o‘zining ko‘rpa va yostiq jildlarini Turkmanistondan olib kelmoqda. Shvetsiyaning TT xabar agentligi o‘tkazgan jurnalistik tergoviga ko‘ra, IKEA do‘konlaridagi Malu va Niponros nomlari ostida sotilayotgan mahsulotlar Turkmanistonda ishlab chiqilgan.

Xabar mualliflari shved shirkatlari majburiy mehnat qo‘llaniladigan Turkmanistondan bu mahsulotlarni sotib olishi axloqsiz deyishmoqda. BBC tergovni olib borgan jurnalist Ola Vesterbergdan avvalo "Tergovingiz ish beryaptimi?", deb so‘radi.

Vesterberg: Bu yaxshi savol. Kutsak, ko‘ramiz endi. IKEA uchun eng asosiy sinov, u Turkmanistondan mahsulotlarni olishda davom etadimi, yo‘qmi, ana shu bo‘ladi. IKEA turkman mahsulotlarini o‘z do‘konlaridan qaytarib olgani yo‘q, ular butun dunyo bo‘ylab sotilmoqda. Shuningdek, Turkmanistondan hech qanday buyurtmalarni ham to‘xtatmadi. Ko‘ramiz, kelajakda bu kompaniya qanday yo‘l tutar ekan.

BBC: Nimalarni fosh qilishga muvaffaq bo‘ldingiz? Siz aminmisiz turkman paxtasi majburiy mehnat mahsuli ekaniga?

Vesterberg: Shaxsan men, aminman deb ayta olmayman, chunki men ekspert emasman bu sohada. Ammo jurnalist sifatida men ekspertlarga yuzlanaman. Masalan, majburiy mehnatga qarshi kurashuvchi Hyuman Rayts Votch, AQShdagi kasaba uyushmalar va sarmoyadorlardan tashkil topgan "Cotton Campaign", ya‘ni "Paxta kampaniyasi" tashkiloti bilan suhbatlashganimda, ular Turkmanistonda yetishtirilgan paxtaning bari majburiy mehnat orqali yetishtirilishini aytishdi. Demak, ularning xulosasiga binoan, agar Turkmanistondan gazlama yoki to‘qimachilik mahsulotini sotib olsangiz, siz bilvosita majburiy mehnatni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lasiz.

BBC: Turkmanistonning o‘zidagi paxta yetishtiruvchilar yoki hukumat voizlari bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldingizmi?

Vesterberg: Yo‘q, ular bizning savollarimizni javobsiz qoldirishdi. IKEA ham aynan qaysi turkman shirkatidan bu mahsulotlarni sotib olishini oshkor qilishdan bosh tortdi.

BBC: Ammo, biz suhbatlashgan turkmanistonlik mutaxassisning aytishicha, turkman paxtasini faqat turkman hukumatining o‘zi sota oladi, o‘z birjasi orqali. Shunday ekan, IKEA turkman hukumatidan olayapti bu mahsulotni.

Vesterberg: Shunaqa, shekilli, ha. Mening tushunishimcha, IKEA xom ashyoni emas, balki tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini sotib olayapti. Turkmaniston hukumati bu oldi-berdida aralashgan deb o‘ylayman. Turkmanistonda paxta qayta ishlanib, tayyor gazlamalar shaklida IKEAga sotilayapti.

BBC: IKEAning o‘zi nima deyapti, sizning xabaringizga ular jiddiy yondashayaptilarmi?

Vesterberg: IKEA jiddiy yondashayotganini da‘vo qilyapti. "Turkmanistonda majburiy mehnat mavjudligini bilamiz, dalalar va fabrikalarda paxta bu yo‘lda yetishtirilmasligini ta‘minlash uchun bizda mustaqil kuzatuvchi bor", degan bayonot bilan chiqib, faqat axloqiy jihatdan toza yo‘lda ishlangan mahsulotlarni olishlarini aytishayapti. Lekin, men "Paxta kampaniyasi" kabi tashkilotlar bilan buni muhokama qilganimda, ular Turkmanistondek totalitar davlatda uchinchi partiya, ya‘ni mustaqil kuzatuvchilar kirib paxta jarayonini tekshirishiga umuman imkon yo‘q, deyishayapti. Turkmanistonda odamlar sizga ochiqcha aytishmaydi mehnat qilishga majburlanayotganlarini, chunki ular hukumat zug‘umidan qo‘rqadilar.

BBC: Lekin, ba‘zilar bu yerda tanganing boshqa tomoni ham bor deyishlari mumkin. Turkmanistonda ishsizlik yuqori darajada bo‘lgan bir vaqtda, juda ko‘p oilalar, ayniqsa qishloqlardagi qashshoq oilalar bolalari bilan birga paxta terib, non topishadi. Ular uchun bu majburiy mehnat bo‘lmasligi mumkin, deydiganlar bor. Siz ana shu tomonlarini bilasizmi?

Vesterberg: Hozircha, biz u tomonlariga to‘xtalmadik. Lekin, albatta, bu tergovni davom ettirar ekanman, voqeaning boshqa jihatlariga ham qarayman.

BBC: Shvetsiya xalqi uchun ularning to‘shagi yo kiyimidagi paxta qayerdan kelayotganining ahamiyati bormi?

Vesterberg: Ha, umid qilamanki, va o‘ylaymanki, ahamiyati bor. IKEA hikoyasidan bir necha kun oldin boshqa yirik kiyim-kechak kompaniyalari ham turkman paxtasini qo‘llayotgani oshkor bo‘ldi. Masalan, H&M, ZARA, LEE, WRANGLER kabi yirik brendlar shunday yo‘l tutayotgani shved matbuotida shov-shovga sabab bo‘ldi. Shvetsiyadagi iste‘molchilar tashkiloti iste‘molchilarga bunday mahsulotlarni sotib olmaslikni tavsiya qiladi, hamda har bir shirkat majburiy mehnatga ko‘z yummaslik majburiyatiga ega ekanini aytadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon