Muslima top model qanday bo‘ladi?

Image copyright none
Image caption Nurayni Nur boshqalar fikrini hurmat qilsa-da, o‘z fikridan qaytmasligini aytmoqda

Malayziyalik muslima model Nurayni Nur o‘zini tanqid qiluvchilarga qarshi gapirib chiqdi. Uning Osiyo Top Modeli ko‘rigida qatnashishi musulmon Malayziyada juda ko‘pchilikni g‘azablantirgandi.

Osiyoning yangi top modeli ko‘rigi uchun tanlangan 14 qatnashchi orasida malayziyalik muslimaning borligi bu mamlakatda ko‘pchilik noroziliga yetaklamoqda.

Ammo Tuti nomi bilan tanilgan modelning o‘zi - Nurayni Nur ularning fikrlarini hurmat qilsa-da, biroq odamlarga yorliq yopishtirishni istamasligini aytdi.

"Bizni terimiz rangi yo dinimiz ajratmaydi" - dedi 24 yashar Nur xonim - "Bu bir imkoniyatdir".

"Yarashmagan ish"

Nurayni Nur yaqinda Osiyoning Yangi Top Modeli tanlovida qatnashadigan modellardan bir sifatida saralangani ma‘lum bo‘lgandi.

Nurayni Nur - ayni mintaqaviy teleko‘rikda ishtirok etayotgan malay millatiga mansub birinchi qatnashchi.

Biroq yangiliklar Malayziyada ko‘pchilikni g‘azablantirdi va ba‘zilar uni ko‘rikdan chiqib ketishga chaqirishmoqda.

Osiyoning Yangi Top Modeli tanlovi Amerika va boshqa Ovro‘po davlatlaridagi xuddi shunaqa ko‘rikdan nusxa olgan.

"Bu ko‘rik musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi" - yozadi bir malayziyalik Facebookda - "Bizning o‘z qonun-qoidalarimiz bor!"

"Mazkur ko‘rik musulmon malay xalqi faxrlanadigan ish emas" - fikr qoldiradi uning boshqa hamyurti.

"Buning ustida, ko‘rik qatnashchilari ochiq-sochiq kiyimlarda chiqishadi, qatnashchi yigitlar ularning badaniga tegib ketadi".

"Orzularim ortidan"

"Har kimning fikri har xil va men buni nazorat qilolmayman" - degan model qiz - "Barchaning fikrini hurmat qilaman".

"Men bor yo‘g‘i o‘z orzularimga erishish uchun harakat qiladigan qizman".

Image copyright Getty Images
Image caption Muslima malaylar hatto hijobsiz o‘tadigan go‘zallik ko‘riklarida ham qatnasha olmaydilar

Nurayni Nurga ko‘ra, muslima model sifatida u prodyuser, suratkash va stilistlar bilan ishlash jarayonida nima mumkinligini, qanday harakat yo holat hassos qabul qilinishini ochiq tushuntiradi.

"Asosiysi, yaxshi fotosuratlar olinsa bo‘ldi. Men shunga harakat qilaman" - deydi model.

Mo‘‘tadil Malayziya?

Malayziyada musulmon malaylardan tashqari katta sonda xitoyliklar va hindular ham yashashadi.

Ammo so‘nggi yillari diniy masalalarda betoqatlik va tushunmovchiliklar tez-tez yuzaga chiqmoqda.

Masalan, o‘tgan yili koreyalik ashulachilar malay qizlarini sahnada quchoqlab ashula aytishi diniy ulamolarni g‘azabga solgandi.

Islomiy partiyani hajv qilgan videolavha yaratuvchilariga esa o‘lim tahdidlari bo‘lgan. Hatto politsiya ham hajvchilar ustidan tekshiruv boshlagandi.

Bir necha yil oldin esa mamlakatdagi g‘ayrimusulmonlar ham Xudo haqida gapirganda "Alloh" kalimasini ishlatmasligi kerak, degan bahslar jamiyatda bahslarga sabab bo‘lgan.

Ayollarning tengligi borasida ham muayyan cheklovlar mavjud.

Masalan, Malayziyadagi yo xalqaro go‘zallik tanlovlarida mamlakatdagi muslima qizlarning ishtirok etishi mumkin emas.

O‘z dinini aytmasdan ko‘rikda qatnashgan muslimalar esa hatto mahkamaga tortilish xavfi ostida qolishgandi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:
  • +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq