Dushanbelik to‘ralar toshkentlik hamkasblaridan o‘rnak olmoqda

Image copyright Gafur Shermatov

Tojikiston poytaxti Dushanbening me‘moriy yodgorliklari deb ko‘riladigan binolarni buzib tashlashga qaror qilganlar.

BBC Rus xizmati muxbiri Anora Sarkorovaning xabar qilishicha, shahar markazidagi sobiq Tojikiston kommunistik firqasi markaziy qo‘mitasi, mustaqillikning dastlabki yillarida prezident ma‘muriyati vazifasini bajargan bino, Mayakovskiy nomidagi Rus Drama teatri binosini buzish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Dushanbe shahri hokimligi, Lohutiy nomidagi akademik teatr va Tojikiston poytaxtining eng ko‘zga ko‘ringan ramziy binosi "Rohat" choyxonasini ham buzish rejasi ko‘rib chiqilayotgani xabar qilinmoqda.

Rus drama teatri jamoasi bino buzilishi va boshqa joyga ko‘chishlari lozimligi haqida boxabar etilgan.

Dushanbe nisbatan yosh shahar va aksar binolar Sho‘rolar davrida, asosan, Ikkinchi Jahon urushidan keyin barpo etilgan.

Tojikiston Me‘morchilik va qurilish qo‘mitasidan BBCga aytishlaricha, me‘moriy ahamiyati yo‘q binolarni vayron etishga qaror qilingan va ularning o‘rnida zamonaviy, chiroyli binolar quriladi.

Image copyright Gafur Shermatov

Rasmiylarga ko‘ra, Dushanbe shahri hali Sho‘rolar zamonida ko‘rib chiqilgan va ma‘qullangan shaharni qayta qurish rejasi asosida yangilanayapti.

Tojik rasmiylarining o‘tmish merosiga sodiq ekanliklari xaqidagi qayta-qayta bergan bayonotlariga qaramasdan, oxirgi yillarda Sho‘ro me‘morchiligi yodgorliklari faol yo‘q qilinayotgani kuzatilmoqda.

Dushanbening tarixiy markazi vayron etilishiga qarshi bo‘lgan tanqidchilar fikricha, Tojikiston hukumati shu yo‘l bilan Sovet o‘tmishi va Sho‘ro zamonini qo‘msashga qarshi kurashmoqdalar.

Aholining Sho‘ro zamonini ko‘rgan qismi hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy ahvoldan norozilar va bu narsa eski zamoni qo‘msashga yetaklaydi.

Shu bilan birga, tanqidchilar fikricha, shaharning nufuzli qismida barpo etilgan yangi turar-joy binolari iqtisodiy inqiroz va ko‘chmas mulk narxlari tushib ketganiga qaramasdan, mo‘maygina daromad keltiradi.

Tojikistondagi qurilish shirkatlarining ko‘pchilini hukumatdagi ta‘siri bor amaldorlar va ularning oila a‘zolari bilan bog‘langan.

Buzilgan binolar o‘rniga dabdabali inshootlar paydo bo‘lgan.

Misol uchun, 40 million dollar sarflangan Milliy kutubxona, dunyodagi eng baland bayroq osgich va butun Markaziy Osiyodagi eng yirik va eng ko‘p namozxonni sig‘dira olishi aytilayotgan masjid binolari.

Tojikiston poytaxtining tashqi qiyofasini o‘zgartirish rejasi jamiyatda qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi.

Tarixiy Dushanbeni vayron etishni to‘xtatish talabi bilan onlayn-petitsiya tashkil qilindi, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Dushanbe shahri hokimi Mahmadsaid Ubaydulloyev nomiga bitilgan petitsiyaga minglab kishilar imzo chekdilar.

Oddiy insonlar va mutaxassislar qadimiy binolar kelajagi borasida bir qarorga kelishdan oldin tarixchilar va me‘morlar bilan maslahatlashish lozimligini ta‘kidlamoqdalar, dunyoning ko‘plab qadimiy shaharlarida ko‘chadagi oddiy bir tosh yoki g‘isht ham qadrli sanalishini eslatganlar.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyatni yaqindan biladigan aksar kuzatuvchilar fikricha, Toshkent va Dushanbeda o‘tirgan to‘ralarning mantig‘i bir.

Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan keyin na Moskvaga, na xalqiga hisobot berishdan "qutulgan", na o‘z mamlakati konstitutsiyasi va qonunlarini hurmat qiladigan davlat tepasidagi amaldorlar faqat o‘z manfaatlari va hokimiyatda qolish yo‘llarini o‘yladilar.

Barcha mamlakatlarda hokimiyat tepasiga kelib qolgan bir hovuch amaldorlar va ularning yaqinlari millioner-milliarderlarga aylandilar, xalqning yashash sharoiti yildan-yilga yomonlashdi.

Odamlar o‘zlarining mustaqillik yillaridagi va SSSR zamonidagi hayotini taqqoslashga va Sho‘ro davrini qo‘msashga tushdilar.

Bu narsa o‘z hokimiyatlari uchun tahdidli ekanini anglagan amaldorlar Sovet zamonini eslatib turadigan barcha unsurlardan voz kechishga qaror qildilar.

O‘zbekistonda SSSRni eslatishi mumkin bo‘lgan tarixiy qimmatga ega binolar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish yoki buzib tashlashga hali 1990-yillarning o‘rtalaridan kirishilgan edi.

Jamoatchilik noroziliklariga qaramasdan, Amir Temur xiyoboni tag-tomiri bilan qo‘porildi, Toshkentda ham eski "Skver"dagi Rus Drama teatri binosi buzildi, jamoa eski "Bilimlar uyi"ga ko‘chirildi, xalqlar do‘stligining ramzi bo‘lgan Shomahmudovlar oilasi yoki SSSR zamonida o‘rnatilgan Gagarin, Pushkin haykallari ham boshqa joyga ko‘chirildi.

"Buning arifmetikasi juda jo‘n, - deydi o‘z ismi-sharifi oshkor etilishini istamaydigan tahlilchi. – "Buzamiz va o‘rniga chiroylisini quramiz", deb byudjetdan yuz-yuz millionlik mablag‘lar rasmiylashtiriladi. Eski qurilish materiallari ham, ko‘chalarni soya-salqin qilib turgan daraxtlar ham pullanadi. Byudjetdan olingan pullarning ozgina qismi yangi, did-saviyasiz, oynavand binoning qurilishiga sarflanib, qolgani cho‘ntakka uriladi".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon