Yunoniston favqulodda holat e‘lon qilishni so‘ramoqda

Image copyright AFP

Ovro‘po Ittifoqining Muhojirlar masalasi bo‘yicha komissari aytishicha, Yunoniston muhojirlarga to‘lib-toshib ketgan.

Yunoniston hukumati Makedoniya bilan chegarada minglab muhojirlar to‘planib qolishi orqasidan, mamlakatda favqulodda holat e‘lon qilishga chaqirgan.

Bir qator OI davlatlari ichki chegarada nazorat o‘rnatganlaridan keyin, mamlakat shimolida 10 mingdan ortiq muhojir Yunonistonga kirishga urinmoqda.

Komissar Dmitriy Avramopoulos Yunonistonni bu masalada quvvatlash muhimligini aytib, inqirozni hal qilish uchun butun Ovro‘po Ittifoqini birlashishi kerak, deydi.

Image copyright AP

"Biz bu vaziyatga global muammo sifatida qarashimiz kerak", degan u.

Shu hafta boshida OI vakillari muhojirlik inqirozini yengillashtirish uchun 300 mln yevro (233 mln funt sterling, 325 mln dollar) ajratilishini ma‘lum qilganlar.

Uch yil ichida jami 700 mln dollar muhojirlik muammosi bilan to‘qnash kelgan davlatlarga beriladi.

Joriy yil boshidan beri Yunon qirg‘oqlarini 125 mingdan ortiq inson kesib o‘tgan. Bu o‘tgan yil uch oyidan 12 marta ko‘p hisoblanadi.

Aksariya muhojirlar Suriya, Iroq va Afg‘onistondan qochib chiqib, Turkiya orqali Ovro‘poga yetib kelganlar.

Image copyright AP

Muhojirlar oqimi bois, Shengen erkin hududiga kiruvchi 26 davlatdan 8 tasi chegara nazoratini o‘rnatishga qaror qildi.

Ovro‘po kengashi Prezidenti Donald Tuskning bildirishicha, Turkiya orqali Yunonistonga keluvchilar soni hanuz juda yuqori. Shunga qaramasdan, "Yaqin vaqtlarda keluvchilarning soni sezilarli qisqarishiga umid bor".

Donald Tusk Anqarada Prezident Erdo‘g‘on bilan ushbu masalani muhokama etgan.

Juma kuni janob Erdo‘g‘on Suriya shimolida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda qochqinlar uchun yangi shaharcha barpo etishni taklif qilgan. Turkiya anchadan buyon Suriya chegarasida xavfsiz hudud qurishga chaqirib keladi.

Image copyright AFP

Ovro‘po Ittifoqining bildirishicha, Turkiyaga mamlakatdagi muhojirlarga yordam paketining birinchi qismi 3 mlrd yevro ( 3,3 mlrd dollar; 2,3 mlrd funt sterling) topshiriladi.

Ovro‘po Turkiyadan suriyalik qochqinlar uchun darvozasini ochishni talab qilish bilan bir vaqtda, Turkiyani Ovro‘poga oqib kelayotgan muhojirlarni to‘xtatib qolmayotganlikda tanqid qiladi.

Ayni paytda Turkiya eng ko‘p - 2,5 mln suriyalik qochqinlarni qabul qilgan mamlakat hisoblanadi.

Prezident Erdo‘g‘on mamlakatdagi muhojirlar muammosini hal qilish, ularni bu yerda yashab qolishlari uchun moliyaviy ko‘mak lozimligini ta‘kidlaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq