"Bolalar raqsi bachabozlarni jalb etmasin!"

G‘arbiy Qozog‘iston viloyat prokuraturasi bolalar raqs studiyalaridagi o‘qituvchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, bolalarning ba‘zi bir raqs ko‘rinishlari bachabozlarning e‘tiborini tortishidan ogohlantirgan.

Prokuraturaga ko‘ra, 2010 yilda bolalarga qarshi jinsiy mazmundagi 12 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2015 yilda 52 marta bunday jinoyatlar qayd etilgan.

"Ba‘zi hollarda ko‘p odam yig‘iladigan joydagi sahnalarda bolalar risoladagidek ko‘rinishda yuborilmaydi. Ularning diqqatni jalb qiladigan tashqi ko‘rinishi va raqslarda qo‘llaniladigan ba‘zi harakatlari bachabozlar tomonidan boshqacha qabul qilinib, bolalarning xavfsizliga daxl qilishi mumkin", deb aytgan prokuratura vakili.

Rasmiylarning fikricha, shu tariqa bolalar raqslari tushirilgan foto va videolavhalar bachabozikni targ‘ib qiluvchi web saytlarga tushib qoladi.

Shu boisdan bolalar raqsini sahnalashtiradigan raqs o‘qituvchilari bilan tushuntirish ishlari olib borish kun tartibiga chiqqan.

Bundan oldin Qozog‘istonga MDH davlatlaridan bachaboz va jinsiy zo‘ravonlikka moyil shaxslarning kirishi man etilishi aytilgandi.

Huquqni muhofaza qilish idoralariga ko‘ra, hamkor davlatlardan jinsiy mazmundagi jinoyatlarni sodir etganlarga doir ma‘lumotlar almashilsa, ularning mamlakatga kirib kelishini oldi olinadi.

2015 yil avgustida Qozog‘iston prokuraturasiga bolalarga qarshi jinsiy zo‘ravonlikka chora sifatida bachabozlarni bichish taklifi berilgan edi.

O‘tgan yilda Rossiyaning Orenburg viloyatida ham huquqni himoya qilish xodimlari bolalar raqs maktabi nomerida bachabozlar e‘tiborini tortadigan erotik elementlar borligi haqidagi shikoyatlarni o‘rganishgan.

"Asalari" kiyimidagi qizchalar raqsida bel harakatlari ko‘p ishlatilgani ba‘zi tomoshabinlar va ota-onalarning noroziligiga sabab bo‘lgandi.

Keyinroq "asalarilar" raqsidagi elementlarda hech bir yomon mazmun yo‘q, degan qarorga kelingan.

Ayni paytda qozog‘istonlik rasmiylar bolalar raqsida shahvoniy hislarni qo‘zg‘aydigan elementlar kiritilmasligi kerakligi, kiyimlari, pardozlari va raqslari ularning o‘ziga xos beg‘ubor bo‘lishi lozimligini aytishgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq