Qirg‘iziston Maxsus xizmati binosida yong‘in chiqqan

Xabarlarga ko‘ra, 4 mart kechki soat 20:00lar chamasida Bishkekdagi Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasining binosida yong‘in boshlangan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, yong‘in elektr simlarining nosozligidan kelib chiqqan.

Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi binosida chiqqan yong‘in mahalliy ommaviy axborot vositalarida turlicha talqin etilmoqda.

"Yong‘in binoning bir xonasida, elektr simlarining nosozligi sabab kelib chiqqan. Tez orada o‘t o‘chiruvchilar yetib kelib, havfni bartaraf etdilar. Sepilgan suvlar qurigunicha, elektr yorug‘ligini yoqishga ruxsat berilmagani bois, bino vaqtincha qorong‘u xolatda bo‘ldi" – deydi qo‘mitaning matbuot kotibi Rahat Sulaymanov.

Voqea guvohlari, hamda mahalliy jurnalistlarning ma‘lumotlariga ko‘ra, yong‘in yuz bergan bino ichidan odamlar tashqariga olib chiqilgan. Biroq, yong‘in oqibatida 9 nafar havfsizlik xizmati hodimi jabrlangan.

"Jabrlanganlarning barchasi yongan mahsulotlar, uglerod oksididan zaharlangan. Olti nafari kasalxonaga yotqizildi. Ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir. Yana to‘rt kishi o‘rta darajada jabrlangan. Qolgan uchtasi yengil jarohat olgan" – deydi tez yordam xizmati xodimi.

Yong‘inda jabrlangan havfsizlik xizmati xodimlari bugun yoki ertaga kasalxonadan chiqishlari kutilayotganini qo‘mita matbuot kotibi Rahat Sulaymanov bildirdi.

Shuningdek, Sulaymanov ayni damda yong‘in chiqish sabablarini o‘rganish va keltirilgan ziyonni aniqlash maqsadida, o‘t o‘chiruv xizmati mutaxasislari bilan birgalikda ish olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Yong‘in tungi soat 23:00gacha batamom o‘chirilgan va voqea joyiga vaziyatni o‘rganish maqsadida qo‘mita raisi kelgan.

Bu orada qator mahalliy ommaviy axborot vositalari, Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi binosidagi yong‘in tergov izolyatorida, portlash oqibatida kelib chiqqanini yozgan. Yong‘in oqibatida binoning uch xonasi kuchli zararlangani xabar qilinadi.

Biroq, Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi matbuot kotibi Rahat Sulaymanov, bu kabi ma‘lumotlar haqiqatdan yiroq ekanligini, yong‘in faqat elektr simlarining nosozligidan kelib chiqqanini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon