Turkiya: "Zaman" tahririyatiga reyd uyushtirildi

Image copyright AP

Turkiya politsiyasi muxolifatdagi "Zaman" ro‘znomasi mahkama tomonidan hukumat nazoratiga o‘tkazilganidan bir soat o‘tib, nashr idorasida tintuv o‘tkazgan.

Juma kuni kechqurun politsiya ro‘znomaning Istanbuldagi binosi oldida to‘plangan namoyishchilarga ko‘zdan yosh yoqizuvchi gaz qo‘llagan va bino ichkarisiga kirgan.

"Zaman" ro‘znomasi ayni paytda AQShda muhojirotda bo‘lgan diniy ulamo Fatxulla Gulenning Hizmet harakatiga yaqindan bog‘liq.

Turkiya hukumati Hizmet harakatini Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on hukumatini ag‘darib tashlashni maqsad qilgan "terroristik guruh" deb hisoblaydi.

Janob Gulenning o‘zi qachonlardir Erdo‘g‘onning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan, biroq ularning yo‘llari keyin ajrashgan.

Harakatning ko‘plab tarafdorlari hibsga olingan.

Rasmiy Anqaraning jurnalistlarga munosabati xalqaro tanqidlar ostida qolgan.

"Demokratiyaning tugashi"
Image copyright EPA

Juma kuni Turkiya mahkamasi ko‘p tirajli "Zaman" ro‘znomasini davlat nazoratiga o‘tkazish haqida qaror bergan. Biroq bu borada rasmiy izoh berilmagan.

Keyinroq "Zaman"ning yuzlab tarafdorlari mahkama qaroriga norozilik ma‘nosida ro‘znoma binosi oldida yig‘ilganlar. Aktsiya ishtirokchilaridan biri "Biz erkin matbuot uchun kurashamiz!" degan shiorni ko‘tarib olgan.

Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purgagichlardan foydalangan.

Jurnalist Abdulla Ayasun politsiya uni offisdan haydab chiqargani haqida yozadi Twitterda.

Emri Sonsan ham "Turkiya hukumati mamlakatning oxirgi tanqidiy ovozlaridan birini o‘chirdi, #Zaman Daily ...Demokratiyaning nihoyasi..." deb twit qoldiradi.

"Zaman" ro‘znomasiga ko‘ra, Turkiya matbuoti erkinlik nuqtai nazaridan "o‘zining eng qorong‘i va og‘ir kunlarini" o‘tkazmoqda.

AQSh Davlat departamenti ro‘znomaga nisbatan harakatni "Turkiya hukumati qo‘llayotgan xavotirli chora" deb atagan.

"Zaman"ga qarshi voqea bundan bir necha kun oldin Turkiya Konstitutsion mahkamasi davlat sirini oshkor qilganlikda ayblangan ikki turk jurnalistining ozod qilishidan keyin yuz bermoqda.

Jumhuriyat ro‘znomasining ikki jurnalisti Turkiya hukumati Suriyadagi islomiy jangarilarga qurol yetkazishga harakat qilgani haqida maqola chop etgani uchun o‘tgan yil noyabr oyida hibsga olingan edi.

O‘tgan yili Hizmet harakati bilan bog‘liqligi bo‘lgan ikki ro‘znoma va ikki telekanal davlat tasarruviga o‘tkazilgan.

Turkiyada matbuot erkinligi

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2015 yilgi hisobotiga ko‘ra, Turkiya 180 mamlakat ichida 149-o‘rinda.

Ayni paytda 30 dan ortiq jurnalist faoliyati tufayli panjara ortida. Ularning aksariyati kurd millatiga mansubligi aytiladi.

Turkiya hukumati mamlakatdagi matbuot dunyodagi eng erkin matbuotlardan biri deb ta‘kidlaydi.

Turkiya kurd isyonchilar harakatini mamlakat xavfsizligiga xatar deb biladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon