Yulduz Usmonova Ramzan Qodirov "syurprizi" bo‘ldi

Checheniston prezidentiga ko‘ra, bo‘lajak jangi oldidan poytaxt Grozniydagi "Safiya" san‘at saroyida bo‘lib o‘tgan vazn tortish marosimida Ruslan Chagayev kutilmagan syurpriz olgan.

"Uni dastaklash uchun o‘zbek estradasining yulduzi, millionlarning sevimli xonandasi, O‘zbekiston Xalq artisti, Qozog‘iston, Turkmaniston va Tojikistonda Xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Usmonova uchib kelgan".

Prezident Ramzan Qodirov bu haqda o‘zining ‘Instagram’dagi shaxsiy akkauntida xabar bergan.

Checheniston rahbari o‘z akkauntiga Yulduz Usmonova qo‘shiq kuylayotgani aks etgan bir necha soniyalik videolavhachani joylagan va xuddi shu so‘zlarni unga izoh tariqasida yozib qoldirgan.

Ayon bo‘lishicha, o‘zbekistonlik taniqli xonanda o‘zining "Adoying bo‘lgaymiz sening, O‘zbekiston" qo‘shig‘i bilan tadbirni ochib bergan.

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni Ruslan Chagayev yana qisqa fursatlardan so‘ng o‘z kamarini himoya etish uchun avstraliyalik raqibi Lukas Braunga qarshi ringga chiqadi.

Rasmiy vazn tortish marosimi ortidan, bo‘lajak raqibi (113 kg) Ruslan (112,6 kg) dan biroz og‘irroq tosh bosishi ma‘lum bo‘lgan.

Image copyright AP

Har ikki bokschi ham jang arafasida turli ommaviy-axborot vositalariga bergan suhbatlarida bugun ringga faqat g‘alaba uchun tushishlarini da‘vo qilishgan.

Videotasvirlardan kecha juma kungi vazn tortish marosimining kuy-qo‘shig‘u raqsga boy, juda rangdor o‘tgani kuzatiladi.

Jangning o‘zi yana sanoqli soatlardan so‘ng Checheniston poytaxti Grozniydagi besh ming kishilik hashamatli "Kolizey" sport arenasida boshlanadi.

Ja‘mi 13 jangni o‘z ichiga oluvchi boks kechasi dunyoning 100 dan ortiq davlatiga olib uzatilishi kutilmoqda.

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Ruslan Chagayev bir necha yildan buyon Checheniston poytaxti Grozniydagi Ahmat Hoji Qodirov boks klubini namoyon etib keladi.

O‘zining ‘Instagram’dagi shaxsiy akkauntida buni prezident Ramzan Qodirovning o‘zi ham tilga olib o‘tarkan, Ruslan Chagayevning "Vatani – O‘zbekiston!" ekani, Ruslan o‘z mamlakatini chin yurakdan sevishi o‘ziga ayon" ekanini ta‘kidlagan.

"Yulduz Usmonovaning ijrosi ortidan, Ruslanning ruhi yanada ko‘tarilganiga ishonchi komil" ekanini ham aytgan.

"Zimdan kuzatib turib, menda Ruslan sahnada bu kabi mas‘uliyatli onda o‘zini qo‘llab-quvvatlayotgan butun O‘zbekistonni ko‘rib turgandek tasavvur paydo bo‘ldi. Shundayin ajoyib dastagi uchun Yulduzga o‘z minnatdorchiligimni izhor etishni istardim", - deb yozgan Checheniston prezidenti.

Ruslan Chagayevning Grozniydan turib, kuni-kecha BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbati tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, Lukas Braunga qarshi jangiga Chechenistonning o‘zida ham qiziqish kuchli.

Chiptalar allaqachon qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan va jangni tomosha qilish uchun O‘zbekistondan ham boks muxlislarining kelishlari kutilmoqda.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Ruslan Chagayev o‘zining professional karerasidagi ikkinchi jahon chempionligi kamarini ham 2014 yilda aynan Grozniyda bo‘lib o‘tgan jangida Fres Okendoni yengib, qo‘lga kiritgan.

Grozniydan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, shu daqiqalarda Grozniydagi "Kolizey" sport arenasida boks kechasi tantanali ochilgan va allaqachon janglar ham boshlanib ketgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq