'Mosul yaqinida IShIDchi o‘zbeklar o‘ldirilgan'

Iroqning Mosul shahri yaqinida IShID jangarilarining hujumlarini Kurdlarning 'Peshmerga' qurolli guruhi jangchilari qaytarishga muvaffaq bo‘lganlar, bu janglarda ko‘plab xorijiy jangarilar, xususan, o‘zbeklar ham o‘ldirilgan.

Bunday bayonot bilan 'Peshmerga' qo‘mondonlari chiqqanlar.

'Peshmerga' qo‘mondoni Zaim Alining aytishicha, juma kuni o‘zlariga qarshi hujumni IShIDning o‘zbek qo‘mondoni qo‘li ostidagi jangarilar boshlaganlar.

O‘zini 'Islomiy Davlat' deb ataydigan guruh jangarilari urush jabhasining Aske Mosul, Keske va Shnduxan deb atalgan joylarida hujumga o‘tganlar.

'Peshmerga' jangchilari xalqaro koalitsiya dastagida IShID jangarilarining hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo‘lganlar.

'Peshmerga' qo‘mondoniga ko‘ra, janglarda qariyb 100 xorijiy jangari o‘ldirilgan, IShID qo‘shinlari chekinishga majbur bo‘larkan, jasadlar jang maydonida qolib ketgan.

Bundan oldin qator xorijiy ommaviy axborot vositalari Arab va G‘arb manbalariga tayanib IShIDga qarshi xalqaro koalitsiya 2016 yili bu guruhni yo‘q qilishni rejalashtirgani haqida xabar tarqatgandilar.

IShID 2014 yildan buyon Iroq va Suriyaning katta hududini qo‘lga kiritgan, Iroqning Mosul va Suriyadagi Raqqa shaharlarini 'Islomiy Davlat' o‘z nazoratida ushlab turibdi.

Kurdlarning 'Peshmerga' guruhi duch kelgan janglar Mosul bilan Raqqani bog‘laydigan yo‘l kesib qo‘yilgani haqidagi xabarlar ortidan tarqalgan.

Iroq rasmiylariga ko‘ra, Iroq hukumati armiyasi IShIDning ikki poytaxtini bog‘lagan yo‘lni kesishga muvaffaq bo‘lgan.

Suriya hukumat kuchlari ham Raqqa viloyatida hududlarni IShID qo‘lidan tortib olayotgani xabar qilinadi.

IShID safidagi o‘zbekistonliklarning soni haqida aniq ma‘lumot yo‘q.

Ayrim tahlilchilar 2000 bilan 3000 orasida deb taxmin qiladilar.

3 mart kuni Tojikiston Bosh prokurori Rahmon Yusuf ekstremist guruhlar, shu jumladan, "Islomiy Davlat" safida 1094 tojikistonlik jang qilayapti, degan bayonot bilan chiqdi.

Rossiya o‘zining Suriyadagi havo hujumlarini IShID saflarida jang qilayotgan va keyin vataniga qaytishi mumkin bo‘lgan MDH davlatlari fuqarolari sanalgan jangarilarga qarshi degan vaj bilan tushuntirgan.

MDH rahbarlari uchrashuvida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin IShID safida 7000 MDH fuqarosi jang qilayapti, degan bayonotni bergan edi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq