Muhojirlar inqirozi: OI Bolqon yo‘lini yopmoqchi

Image copyright EPA
Image caption Olmoniya, Turkiya va Gollandiya rahbarlari Bryusselda uchrashganlar

Turkiya va Ovro‘po Itttifoqi rahbarlari Bryusselda muhojirlar bo‘hronini muhokama qilish uchun shoshilinch anjumanga yig‘ilganlar.

Ovro‘poga kirib kelayotgan qochqinlar oqimi Ikkinchi Jahon urushidan keyin yuzaga kelgan eng jiddiy muhojirlik inqirozi deb qaralmoqda.

Muhojirlar oqimini to‘xtatishga harakat qilar ekan, Ovro‘po Bolqon orqali shimoliy yo‘nalishni yopishni rejalashtiryapti.

Hamda Turkiyadan boshpana olishga huquqi bo‘lmagan minglab iqtisodiy muhojirlarni olib qolishni so‘rayapti va buning uchun Anqaraga 3 mlrd yevro (2,3 mlrd funt, 3,3 mlrd dollar)va‘da qilmoqda.

O‘tgan yil OI ga bir milliondan ortiq noqonuniy muhojir Turkiya orqali Yunonistonga qayiqlar orqali kirgan.

Image copyright

Ko‘plab muhojirlar Yunoniston orqali Shimoliy Ovro‘poga o‘tishga harakat qilishadi. Biroq Ittifoqqa a‘zo 8 mamlakat allaqachon chegara nazorati joriy etgan.

Ayni paytda Makedoniya Xorvatiya, Vengriya va Sloveniya talabi bilan chegarasini yopganidan so‘ng Yunoniston shimolida 13 ming muhojir to‘planib qolgan.

Shanba kuni Yunoniston hukumati qochqinlar va muhojirlar oqimi tufayli mamlakatda favqulodda holat e‘lon qilishni so‘ragandi.

Inqirozni hal qilish uchun Yunonistonga yordam zarurligini, butun Ovro‘po birlashishi kerakligini aytgan OI komissari.

Image copyright AFP

Yakshanba kuni Turkiyadan yo‘lga chiqqan qayiqning ag‘darilib ketishi natijasida 25 kishi halok bo‘lgan.

Ovro‘po Ittifoqi davlatlari muhojirlar masalasida turli mavqe‘da turibdilar. Shu boisdan Shengen shartnomasining kelajagi ham kun tartibidan o‘rin olgan. Ovro‘po Ittifoqi iqtisodiga milliardlab foyda olib keladigan tizimni saqlab qolish niyatida.

Ayni paytda Slovakiyada "musulmon muhojirlarni Ovro‘poga kirgizmaslik kerak" deb chiqqan partiya saylovlarda g‘olib chiqqan.

Anjumanda Turkiyada bo‘lgan muhojirlarni joylashtirish masalasi ham ko‘riladi.

Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘tgan hafta Turkiya suvlarida ushlangan muhojirlarni mamlakatga qaytarib olishga tayyor ekanini aytgandi.

Juma kuni janob Erdo‘g‘on Suriya shimolida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda qochqinlar uchun yangi shaharcha barpo etishni taklif qilgan. Turkiya anchadan buyon Suriya chegarasida xavfsiz hudud qurishga chaqirib keladi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, har kuni 2000 dan ortiq muhojir Turkiya orqali Yunonistonga kirib kelmoqda. Ularning aksariyati Suriya, Iroq va Afg‘onistondan.

Yunonistondagi muhojirlar jamlog‘ida bo‘lgan BBC muxbiri ularning ahvoli murakkabligi, suv va yegulik yetkazish bo‘yicha muammolar paydo bo‘lganini xabar qilgan.

Joriy yil boshidan beri Yunon qirg‘oqlarini 125 mingdan ortiq inson kesib o‘tgan. Bu o‘tgan yil uch oyidan 12 marta ko‘p hisoblanadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon