Homiylari Mariya Sharapova bilan bitimlarini to‘xtatgan

Forbes jurnaliga ko‘ra, dunyoning eng ko‘p daromad topib kelgan ayol sportchisi Mariya Sharapova doping sinovidan o‘tolmagani haqida e‘lon qilishi ortidan Nike va TAG Heuer shirkatlari mashhur tennischi bilan homiylik shartnomalarini to‘xtatishga qaror qildilar.

Tennis bo‘yicha ayollar orasida dunyoda birinchi o‘ringacha ko‘tarilgan 28 yoshli Mariya Sharapova 7 mart kuni bayonot bilan chiqdi.

Unda Sharapova yanvar oyidagi Avstraliyadagi "Katta shlem" turnirida doping tekshiruvidan o‘tolmaganini tan oldi.

Los-Anjelesda o‘tkazgan matbuot anjumanida Mariya Sharipova 2006 yildan buyon oilaviy shifokori tayinlagan mildronat deb atalgan dorini qabul qilib kelganini aytgan.

"10 yil davomida bu dori WADA(aksildoping tashkiloti)ning taqiqlangan ro‘yxatida bo‘lmaganini tushunish muhim va men bu dorini o‘tgan 10 yil davomida qonun doirasida qabul qilib kelganman. Lekin 1 yanvardan qoidalar o‘zgargan va mildronat taqiqlangan, bu haqda esa men bilmaganman", deb aytgan Mariya Sharapova.

Xalqaro Tennis federatsiyasi Mariya Sharapovani 12 martdan o‘yinlardan chetlatishga qaror qilgan.

Sport kiyimlarini ishlab chiqaradigan Nike shirkati Sharapovaning doping mojarosi ustidan tekshiruv yakuniga yetgunicha mashhur tennischi bilan shartnomasini vaqtincha to‘xtatgani haqida e‘lon qilgan.

Shveytsariyadagi soat ishlab chiqaradigan TAG Heuer shirkati esa Mariya Sharipova bilan so‘nggi kontrakti 2015 yilning 31 dekabrigacha bo‘lganini, bundan keyin kelishuvni davom ettirmasligi haqida xabar tarqatdi.

Forbes jurnaliga ko‘ra, oxirgi 11 yil mobaynida Mariya Sharapova eng ko‘p daromad ko‘rib kelgan ayol sportchi bo‘lgan.

Nike va TAG Heuer shirkatlaridan tashqari Mariya Sharapova yana olti shirkat bilan homiylik bitimlarini imzolagan.

Ular orasida Cole Haan, Head, Samsung, Evian va Porsche bor.

Mildronat yoki meldoniy Latviyada ishlab chiqilgan dori.

Bu dorini stenokardiya, infarkt miokardi, yurak kuchsizligi kabi xastaliklarga duch kelgan bemorlarga shifokorlar tomonidan tayinlanadi.

Dorining narxi ham arzon va Sharqiy Ovro‘po mamlakatlarining ko‘pchiligida retseptsiz sotiladi.

Biroq G‘arbiy Ovro‘po mamlakatlarida meldoniy litsiyenziyalanmagan.

Xabar qilinishicha, mildronat inson g‘ayratini oshiradi, organizmning jismoniy va ruhiy bosimlarga chidamliligini ko‘paytiradi.

Ayni paytda nerv tizimini tinchlantirish, xotirani kuchaytirish, fikrni jamlash va harakatlarni nazorat qilishni yaxshilashga ham yordam berishi aniqlangan.

Shu sababli ham bu dori sportchilar orasida mashhur bo‘lib ketgan va yuzlab sportchilar meldoniydan foydalanganlar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon