Tojik chegarachilari yuqori tayyorgarlik holatida

Tojikiston chegarachilari Afg‘onistondan o‘tishga uringan qurolli guruh bilan jangga kirishishi ortidan mamlakat janubida kuch tizimlari yuqori tayyorgarlik holatiga keltirilgan.

Tojikiston Davlat Chegara qo‘mitasi xabar qilishicha, Tojik chegarachilari bilan Afg‘onistondan o‘tishga harakat qilgan qurolli guruh o‘rtasida ilk jang Panj chegara postida 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan.

Bir necha jangari, ikki Tojik chegarachisi halok bo‘lgan.

Tojik rasmiylari qurolli jangarilarni Afg‘onistondan Tojikistonga giyohvand modda olib o‘tish maqsadida bo‘lgan Tolibon jangarilari deb atagan.

Tojikiston kuchishlatar tizimlari xabar qilishlaricha, qurolli guruh chegaradan o‘tishga muvaffaq bo‘lmagan.

Guruh a‘zolarining soni 40 tacha ekani aytilgan.

Buning ortidan qurolli guruhni yo‘q qilishga qaratilgan harbiy amaliyotlar boshlangan va rasmiylar amaliyotlarning hanuz davom etayotganini aytmoqdalar.

"Ammo harbiy amaliyotlarning chegaraoldi hududlardami va yoki chegaraning o‘zida olib borilayotgani haqida biror bir rasmiy xabar yo‘q", deydi BBCning Dushanbedagi muxbiri Iskandar Firuz.

Tojik-Afg‘on chegarasining Pomir yo‘nalishidan boshlab janubiga qadar xizmatda bo‘lgan barcha kuch tizimlari yuqori tyyorgarlik holatiga keltirilgan.

Bu esa, mas‘ullarning quyi Panjdan tashqari, chegaraning boshqa yerlaridan ham yorib o‘tishga urinish ehtimollaridan xavotirda ekanliklariga dalolat qiladi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, chegaraning Pomir yo‘nalishi bo‘yicha va Afg‘onistonga bevosita chegaradosh janubiy Xatlon viloyatida yirik harbiy mashg‘ulotlar ham o‘tkaziladi.

Ularga Rossiya Qurolli kuchlari ham jalb etiladi.

Ayni paytda Tojikiston Mudofaa vazirligi Afg‘on-Tojik chegarasida armiya sonini ko‘paytirishga qaror qilingani haqidagi xabarlarni rad etgan.

Rossiya matbuoti Tojikiston prezidenti chegaradagi askarlar sonini 6000 dan 20000 ga oshirishga buyruq bergani haqida xabar tarqatgan.

"Chegaradagi qurolli kuchlarning soni sarhadlarimizni himoya qilishga qodir" deb aytgan Tojikiston Mudofaa vazirligi so‘zchisi Faridun Mahmadaliyev.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq