Holing qalay qariya yo shukur bolammi?

Image copyright Umida Akhmedova
Image caption O‘zbekistonda keksalarni avaylash uchun maxsus yil ham e‘lon qilingan

O‘zbekistonda yangi Nafaqaxo‘rlar Uyushmasi tuzilishini ba‘zilar xush qarshilasa, boshqalar istehzo bilan qarashmoqda.

Shundoq ham "plastik"ka o‘tkazilgan nafaqalarini naqd qilolmay xunob va sargardon keksalar huquqini yangi uyushma tiklab berishiga ko‘pchilik ishonmaydi.

"Nafaqalarning yarmi plastikka o‘tkazilgani yaxshi, shahar joyida kommunal to‘lov yo ba‘zi mahsulotlar uchun plastik kartochkani ishlatish mumkin" - deydi samarqandlik nafaqaxo‘r Toshpo‘lat Rahmatullayev.

"Lekin hammasini plastik qilib bo‘lmaydi. Unda juda qiynalib qolamiz" -davom etadi suhbatdoshimiz - "Naqd yetmasligi bois shundoq ham sanoqli bankomatlarda pul yo‘q".

Plastik keksalar

Aslida plastik kartochka juda o‘ng‘ay. Lekin bu uchun uni har yerda, naqd pul bilan bab-baravar ishlatish imkoni yaratilishi darkor.

O‘zbekistonda esa xuddi ana shu imkoniyat yo yo‘q, yo cheklangan. Oqibatda, qishloq joylaridagi keksalar qiyin ahvolda qolishmoqda.

Tasavvur qiling, plastik kartochkani tiqib, naqd pul oladigan bankomat mashina topolmaysiz, plastik oladigan do‘konlardagi narxalar bozordan ancha qimmat va kartochkani qishloqda ishlatishning o‘zi imkonsiz.

Ammo O‘zbekiston hukumati plastik kartochkalar qanday ishlatilishi masalasini hal etmasdan, ularni majburan joriy etgan.

Image caption O‘zbekistonda keksayganda, bolang qaramasa, nafaqaga yasholmaysan

Natijada odamlar qiynalmoqda, ayniqsa, keksalar uchun bu yangilik ortiqcha boshog‘riq, ovogarchilik va sarsongarchilik yaratdi.

"Yangidan paydo bo‘lgan uchar sarroflar nafaqalarni naqd qilib berish uchun 10-15% pulingizni olib qolishadi. Odamlar ilojsiz, shunga rozi bo‘lishadi" - deydi qashqadaryolik nafaqaxo‘r.

"Qari odam dori oladi, bozordan arzonroq narsa oladi. Bu uchun esa naqd kerak".

Imtiyoz qog‘ozda, shior devorda

O‘zbekistonda keksalar uchun imtiyozlar ko‘pligi aytilsa-da, ular amalda yo‘q yoxud bo‘lsa ham tuzuk ishlamaydi.

"Dori-darmon, xususan, shoshilinch yordam uchun kerakli dorilar tekin, deb yozib qo‘yilgan" - deydi Toshpo‘lat Rahmuttallayev.

"Amalda esa hammasi uchun pul to‘lash kerak. Tekin dori yo‘q".

"Endi bola-chaqangiz qarashmasa yo biron tijoratingiz bo‘lmasa, juda qiynalib qolasiz" - deydi suhbatdoshimiz.

O‘zbekistonda azaldan ota-onaga qarash farzandning burchi sanaladi va imkonli insonlar o‘z ota-onasini nafaqaga mute qilib qo‘yishmaydi.

Lekin farzandsiz keksalar ahvoli o‘ta og‘ir.

Buning ustiga, bugun yoshlar orasida ishsizlik baland, maoshlar yashashga yetmaydi va o‘sha ham vaqtida berilmaydi.

Shu sababli ham keksa ota-onasning nafaqasi ortidan kun ko‘rayotgan oilalar ozmuncha emas. Ayni damda, ba‘zilar esa ota-onasiga qarashga qiynalmoqda.

Image caption O‘zbek otaxon-onaxonlari odatda noshukurlik qilishmaydi...

"Yaqinda saxovat uyida bo‘lgandik, 100 nafardan ko‘proq qariya yasharkan" - Toshpo‘lat Rahmatullayev qariyalar uyida ko‘rganlarini eslaydi.

"Ularning deyarli barchasi mahalliy millat vakillari. Bolalari ham bor. O‘z vaqtida yaxshi ishlarda ham ishlashgan".

Ma‘naviy pir-badavlat

Ba‘zi sog‘lom keksalar ishlashni istashadi. Lekin yangi qonunlarga ko‘ra, ozgina pul topgan qariya ham nafaqasining yarmidan ajraladi.

Mavjud nafaqalarning eng kattasi esa O‘zbekistonda nari borsa, erkin bozorda 100 dollardan sal oshadi.

"Yaxshi nafaqalar bor, 700 ming so‘m, (110 dollar) undan ham ko‘proq. Meniki ham shu atrofda" - deydi Toshpo‘lat Rahmatullayev.

"Lekin ko‘plar -250-300 ming so‘m (50 dollar) olishadi. Ilgari turli sabablarga ko‘ra ishlamagan yoki bola boqqan uy bekalari shunday kam nafaqa olishadi".

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bolalari qarashmasa, hatto eng yaxshi nafaqaga yashash ham amrimahol.

Lekin O‘zbekistonda keksalar nolishni o‘zlariga ep ko‘rishmaydi. Bu - mamlakatda shakllangan azaliy shukronalik madaniyati.

"Etkazganiga shukur, elimiz-yurtimiz tinch".

Ammo nafaqaga yashashga majbur bo‘lib qolsangiz, unda ramziy nafaqa puli doriga yetadimi, gaz-suv yo oziq-ovqatgami - biron gap aytish qiyin.

Bu o‘rinda esa na shiorlar, na uyushmalar sizga yordam bera oladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon