Savchenko hukm chiqarilishini talab qilmoqda

Rossiyalik ikki jurnalistning o‘limiga aloqadorlikda ayblanayotgan Nadejda Savchenko ustidan hukm 21 martda e‘lon qilinadi.

Mahkama majlisida oxirgi so‘z berilgan Savchenko, o‘ziga nisbatan hukm bir hafta ichida chiqarilmasa, quruq ochlikni davom ettirishini aytgan ukrain tilida.

"Sud mening bir hafta hayotimni o‘g‘irladi. Sizda hukm chiqarish uchun bir hafta vaqt bor, ungacha chidashim mumkin. Ikki hafta va undan ko‘pga cho‘zilar ekan, mening hayotim bilan o‘ynashyapsiz va men hech narsani yo‘qotmayman. Men quruq ochlikni davom ettiraveraman", degan u.

Sudya hukm muddatini ma‘lum qilganda, Nadejda Savchenko Ukraina gimnini kuylay boshlagan. Uning tarafdorlari Savchenkoni quvvatlashgan, mahkama zalidan onlayn translatsiya shu bilan uzib qo‘yilgan.

Image copyright AP

Savchenko mahkamaga chiqishidan oldin isitmasi 38 gradusga ko‘tarilib ketganini aytgan uning himoyachisi Nikolay Polozov.

Nadejda Savchenko mahkama jarayonining cho‘zilishiga qarshi norozilik bildirib, 3 martdan beri quruq ochlikni davom ettirmoqda.

Nadejdaning onasi "qizimni ochlikdan voz kechishga ko‘ndira olmadim", degan BBCga. Oldinroq Savchenkoning yaqinlari va do‘stlari uning Facebookdagi sahifasida mahkamada aytadigan oxirgi so‘zlarini chop etishgan.

Savchenko avvalgidek, ayblarini, Rossiya sudi va chiqariladigan hukmni tan olmasligi aytgan. Hukmga qarshi apellyatsiyaga berishini bildirgan.

Nadejda Savchenko ustidan mahkama Rostov viloyati Donetsk shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Rossiya tergov xodimlari ukrainalik harbiy uchuvchini 2014 yilda Lugansk viloyatida ikki rossiyalik jurnalistning o‘limida aloqadorlikda ayblashgan.

Qoralovga ko‘ra, Savchenko rossiyalik jurnalistlar halok bo‘lgan artilleriya hujumini nazorat qilib turgan.

Savchekoning o‘zi bu ayblovni inkor qiladi. Himoya tomoni ukrainalik uchuvchi rossiyalik jurnalistlar o‘limidan oldin asirga olinganini ta‘kidlaydi.

Bundan tashqari Savchenkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hududiga o‘zini majburan olib kirganlar.

Image copyright Daryna Kucheruk

Mahkama majlisidan so‘ng himoyachilar uning oqlanishini talab qilishlari, ayblov hukmi chiqarilgan taqdirda jazoni o‘tash Ukrainaga o‘tkazilishini so‘rashlarini aytishgan jurnalistlarga.

Image copyright Reuters

Xalqaro hamjamiyat ham Rossiyadan Nadejda Savchenko ishini adolat bilan hal qilishga chaqirgan. Ukraina hukumati Nadejda Savchenko ishini Rossiyaning Kiyevga "bosim o‘tkazish uchun topgan yolg‘oni" deydi.

Ukraina, Gurjiston, Armaniston, Londonda Savchenkoni ozod qilish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq