Endi so‘kong‘ich hokimlar kamayadimi?

O‘zbekistonda davlat idoralari xodimlarining axloqiy qoidalarini joriy etishga qaror qilingan.

Gazeta.uz web-saytining xabar qilishicha, 2 mart kuni Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruv organlari xodimlarining axloqiy qoidalarini tasdiqlagan.

Endi bundan keyin O‘zbekistonda yaxshi axloqli bo‘lish, halol, adolatlilik, xolislik va vatanparvarlik davlat mulozimining asosiy professional tamoyillari deb ko‘riladi.

Davlat organida ishlaydigan va har qanday lavozimning egallab turganidan qat‘i nazar, xushmuomala, yaxshi niyatli, to‘g‘ri va e‘tiborli bo‘lishi lozimligi uqtiriladi.

Davlat amaldoridan poraxo‘rlik va kooruptsiya oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish asosiy majburiyat sifatida talab qilinadi.

O‘z idorasidagi xato-kamchiliklarni tanqid qilgan xodimning ishdan haydalishiga yo‘l qo‘yilmasligi ta‘kidlangan.

Aksar kuzatuvchilar, O‘zbekiston mustaqillikka erishib kommunistlar mafkurasidan qutulganidan keyin davlat idoralarida yuqori lavozimlarni egallagan shaxslar orasida axloqsizlik, madaniyatsizlik, ma‘naviy qadriyati yo‘qligini namoyish etadiiganlar ko‘payib ketdi, deb hisoblaydilar.

Mamlakatda O‘zbekiston va xalqining boy ilmiy-madaniy merosga ega ekanligi har doim uqtirilsa-da, kadrlarni milliy vatanparvarlik, boy axloqiy-ma‘naviy fazilatlar ruhida tarbiyalash maqsadida prezident huzurida davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi, "Ma‘naviyat va ma‘rifat" kabi markazlar tashkil etilgan bo‘lsa-da, otasi tengi insonlarni so‘kib haqoratlab va hatto kaltaklaydigan rahbarlar soni ko‘paydi.

Bunga quyi pog‘onadagi amaldorlarning mamlakatning eng oliy lavozimlarini egallagan rahbarlardan o‘rnak olishlari asosiy sabab bo‘ldi.

Bunday rahbarlarning xoh davlatniki, xoh xususiy bo‘lsin, mol-mulk va mablag‘larni o‘ziniki qilib noqonuniy o‘zlashtirishlarini na qonun, na axloqiy qadriyatlar to‘xtata oldi.

O‘zbekistonning qator viloyatlarida hokimlar Toshkentdagi boshliqlaridan o‘rnak olib, o‘z qo‘l ostidagi xodimlar, hokim va fermerlarni so‘kib tanqid qilishi orqasidan bir qancha fojealar ham yuz bergan.

Huquq faollari doxil ko‘plab kuzatuvchilarga ko‘ra, bu holat ayniqsa paxta terimi mavsumida keng tarqalgan. Paxta rejasini bajarmagan ba‘zi fermerlar ko‘pchilik o‘rtasida hokimlardan haqoratli so‘zlar eshitganlariga chidolmasdan, o‘z joniga qasd qilgan holatlar qayd etilgan.

Jumladan, 2011 yilda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida fermer Ismoil To‘ranazarov o‘z joniga qasd qilgan.

Muzrabotlik boshqa fermerlarning aytishlaricha, paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan majlisda 50 yoshli Ismoil To‘ranazarovni kunlik paxta topshirish rejasini bajarmagani uchun Surxondaryo viloyat hokimi tahqirlagan.

2013 yil Sirdaryoning Boyovut tumanilik fermer Ne‘mat Sulaymonov mahalliy rahbarlarning bosim va tahdidlariga chidolmasdan o‘zini osib o‘ldirgani aytilgandi.

O‘tgan yil Chust tumani prokuroridan haqorat eshitgan Baymoq qishlog‘ilik 44 yashar fermer Qurbontoy Usmonov dala shiyponida o‘z joniga qasd qilgan.

Huquq faollari keyingi yillarda Qashqadaryo, Jizzax, Samarqand, Namangandagi shunday holatlar haqida xabar berganlar.

Kuzatuvchilarning fikricha, qo‘pollik o‘zbek amaldorlari muomala tartibiga shu qadar singib ketganki, undan oddiy qoidalar joriy etish bilan qutulish mushkul bo‘ladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon