Rog‘unda o‘nlab yigitlar hibsga olingan

Tojikiston militsiyasi Rog‘un yaqinidagi Qalai Nav qishlog‘ilik o‘nlab yosh yigitlarni hibsga olgan.

Bu haqda xabar tarqatgan Aziya plyus saytiga ko‘ra, hibsdagilarning yaqinlariga yigitlar nimaga ushlangani va qayerda saqlanayotgani aytilmagan.

9 mart kuni bir guruh ayollar Dushanbe shahrining Firdavsiy tumani Ichki ishlar bo‘limi oldiga yig‘ilib, erlari va o‘g‘illari nimaga ushlab turilganiga izoh talab qilganlar.

Ayollarning so‘zlariga qaraganda, hibsdagilar poytaxtga olib kelingan bo‘lishi mumkin. "To‘rt kun oldin uyimga militsiyadan kelib, o‘g‘limni hech narsa demay olib chiqib ketishdi. Uch kun o‘g‘limni izladim, keyin boshqalar aytishdiki, Dushabega olib ketishgan deb", deydi hibsga olingan yigitlardan birining onasi.

Yana bir keksa ayolning aytishicha, uning ikki o‘g‘li va nevarasini olib ketishgan. "O‘g‘illarim va nevaramni salafitlar deb ushlashgan bo‘lsa, ular hatto namoz o‘qishmaydi", degan u.

Tojikiston huquqni muhofaza qilish idoralari rog‘unlik yoshlarni nimaga hibsga olingani haqida ularning oilasiga ham matbuotga ham ma‘lumot bergani yo‘q.

Bundan tashqari 10 martla Tojikiston IIV Dushanbeda hech qanday ayollar yig‘ilmagani haqida xabar tarqatgan.

Ayollardan birining aytishicha, militsiya xodimlari o‘g‘lini boshiga qop kiygizib olib ketishgan.

"Bu qanday ahvol? O‘g‘limni kim va qayerga olib ketganini bilmasligim mumkinmi axir?" deb aytgan u.

Boshqa ayolga ko‘ra, uning o‘g‘li hali juda kichik, 1997 yilda tug‘ilgan. Bundan tashqari u nima qilib qo‘yganidan xabari ham yo‘q.

Ayollar Tojikiston hukumatidan bir haftadan beri daragi yo‘q o‘g‘illari va nevaralari haqida ma‘lumot berishni talab qilishmoqda.

Tojikistonda oxirgi oylarda yuzlab fuqarolar diniy ayblovlar bilan hibsga olingan.

Hibslar to‘lqini mamlakatdagi yagona muxolif partiya "Islom Uyg‘onish partiyasi" taqiqlangani, terroristik tashkilot deb e‘lon qilingani va o‘nlab a‘zolari mahkamaga tortilgani orqasidan kuzatilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq