Uyini sog‘ingan urush bolalari

Image caption Havo hujumlarida Ibrohim onasidan va besh nafar aka-uka va opa-singlillaridan judo bo‘lgan.
Suriyadagi urush mamlakatning yarmidan ko‘p aholisini vatangado qildi. Butun bir bolalar avlodini yo jismonan va yo ruhan majruh ayladi. BBC muxbiri Kerolayn Houliga ko‘ra, shunga qaramay Suriya bolalari boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘ladigan darajada matonat va sabrli ekan...

"Bu bolakayda kelajakda ehtimol kino yulduzi bo‘ladigan darajada chiroy bor, tabassumi o‘ziga rom etadi sizni...Istarasi issiq. Ibrohim 12 yoshda, Iordaniya poytaxti Ammon tashqarisida Suriya urushida jarohatlanganlar uchun reabilitatsiya markazida yashaydi.

U kichik bir tomosha uchun o‘z rolini mashq qilayotgandi. Meni ko‘rishi bilan qo‘ltiqtayoqlarini olib, huzurimga keldi, jilmaydi, ko‘rishdi...

U mendan qanchalar yuragim baquvvatligi haqida so‘raydi.

O‘z oyog‘i o‘rnidagi jarohatni ko‘rsatishni istaydi.

Havo hujumlarida Ibrohim onasidan va besh nafar aka-uka va opa-singlillaridan judo bo‘lgan.

Amakisi va besh nafar jiyanlari ham ana shu havo hujumida qurbon bo‘lgan edi.

O‘shanda oyog‘idan ham ayrilgandi.

Ibrohim va uning otasiga Kanadadan boshpana berishdi.

Kelasi bir necha kun ichida u Kanadaga yo‘l olishi kerak.

"Qanday yaxshi, juda xursand bo‘lsang kerak", deb so‘rayman undan.

"Yo‘q, xursand emasman! Juda uzoq bu mamlakat! Juda ham uzoq!"

Ibrohim imkon qadar tezroq Suriyaga qaytishni istaydi. Jurnalist bo‘lishni orzu qiladi. "Dunyo bizda bo‘layotgan hodisalarning aqalli yarmini bilmaydi", deydi.

Minglab suriyalik bolalar Ovro‘po tomon yo‘l olishgan. Ular ko‘rgan dahshatlarni tasvirlab berish mushkul. Ammo men Livan va Iordaniyada uchrashgan suriyalik bolalarning aksariyati vatanlariga qaytishni istaydi.

Roua besh yoshdagi qizaloq. Ertagayoq Suriyaga jo‘nashga tayyor. 2013 yilda ularning mahallasiga kimyoviy qurol bilan hujum qilishadi.

Uning oilasi jon holatda uylarini tashlab chiqadi.

Roua qo‘g‘irchog‘ini javonga berkitib qo‘yadi.

Uyiga qaytib, o‘sha qo‘g‘irchog‘ini topishni istaydi.

Rouaning ukasi o‘sha payt to‘rt oylik edi. Bir muddat kasalxonaga tushib qoldi.

Ularning uyi endilikda Livanda...Ota-onasi bilan bir kichik chodirda yashashadi.

Iordaniyada men yana bir o‘smir bilan uchrashdim.

U minaga duch kelib, ikki oyog‘i, bir ko‘zi va bir qo‘lidan ayrilgan.

Qachondir u bilan uchrashsangiz, hech qachon stol futboliga olib bormang...

O‘tgan besh yilni o‘zgartirish mumkin bo‘lsa, nimalarni o‘zgartirgan bo‘lishi so‘ralganda, u ortga boqishni istamasligi, faqat oldinga ko‘z tikayotgani haqida aytadi.

Bir kun o‘tib, bolaga protez oyoqlarni qo‘yishdi. Shifoxonada yo yolg‘iz edi. 2014 yildan beri ilk bor tashlagan qadamlarini yaqinlaridan hech kim ko‘rgani yo‘q. U shifoxonadan tashqarida yurg‘izishlarini so‘radi, boshida hadiksirab tashlagan qadamlari keyin tezlashdi. Yurdi, ancha yurdi...

Barrel bombasi portlashi tufayli ota-onasidan ajralgan Mustafo ham oyoqqa tura boshlagan. Bomba uning Halab chetida joylashgan uyiga kelib tusharkan, jiddiy jarohat olgandi. Ammo, shifokorlarga ko‘ra, bolakayning sog‘lig‘i misli ko‘rilmagan darajada tez tiklanmoqda. Ammo, hali uning tos suyaklari almashtirilishi kerak.

Ammandagi "Chegara bilmas shifokorlar" tomonidan boshqariladigan shifoxona urush jabrdiydalariga xizmat ko‘rsatadi. Shifoxonada qayta tiklash jarrohlik amaliyotlari olib boriladi. Ammo, Mustafoning muammosini hal qilish uchun hozircha ular yetarli zahiraga ega emaslar.

Uning bosh miyasida hamon bombaning bir temir parchasi qolgan.

Yarim falaj holatda qolgan va bu parchani jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashning imkoni yo‘q.

Image caption "Uni hamma yaxshi ko‘radi. Men ham istisno emasman..."

Ammo besh yashar Mustafo allaqachon bu yerdagilarning ko‘ngillarini ishg‘ol qilib ulgurgan.

Uni hamma yaxshi ko‘radi. Men ham istisno emasman.

Men besh kun o‘tib uyga qaytaman.

Ikki yashar o‘g‘limni besh kun ko‘rmadim.

Bu eng uzun ayriliqday kechdi.

Kechasi o‘g‘lim uyquga ketar ekan, uning qo‘lini ushlab, yoniga cho‘zilaman... Uning ikki qo‘li bor. Jismonan sog‘lom. Bizning uyimiz shinam, bexatar va muhimi hammamiz bir tom ostidamiz.

Suriya urushiga besh yil bo‘ldi.

Qancha suriyalik bor biz kabi baxtiyor?..

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq