Myanmada Aun San Su Chi safdoshi prezident bo‘ldi

Image copyright Reuters

Birmada so‘nggi 50 yilda ilk bor prezidentlikka noharbiy odam saylangan.

Myanma televideniyesi parlamentdagi ovoz berish jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etgan, parlament a‘zolari 70 yoshli Txin Chjoni Myanma prezidenti etib saylaganlar.

Parlament majlisida qatnashgan 652 a‘zodan 360 nafari Txin Chjo uchun ovoz berganlar.

Txin Chjo nomzodini Aun San Su Chi yetakchilik qiladigan muxolifatdagi "Demokratiya uchun Milliy liga" ilgari surgan.

So‘nggi parlament saylovida "Demokratiya uchun Milliy liga" parlamentning quyi palatasida ko‘p joylarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo Birma konstitutsiyasi muxolifat lideri va Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chining nomzodini prezidentlikka ilgari surishga izn bermaydi.

Sababi San Su Chi xonim Britaniya fuqarosi, farzandlari ham xorijiy mamlakat vatandoshlari hisoblanadi.

Txin Chjo Aun San Su Chining 1990 yillardan buyon eng yaqin safdoshi sanaladi.

Shu paytgacha u San Su Chi xonim tashkil etgan xayriya jamg‘armasini boshqarib kelgan.

Image copyright AFP

Birmaning mashhur shoiri o‘g‘li bo‘lgan Txin Chjo professor va adabiyotshunos sifatida tanilgan.

U Yangonda, London universiteti va Kembridjda tahsil olgan.

1970 yillarda sanoat vazirligida ishlagan.

2015 yil noyabridagi parlament saylovlaridan buyon Aun San Su Chi o‘zi prezident bo‘lolmasa ham, saylangan prezident orqali mamlakatni boshqarishga qodir bo‘lishi haqida aytib keladi.

Txin Chjoning o‘z lavozimiga 1 apreldan kirishi xabar qilinmoqda.

1 aprelda Myanmaning joriy prezidenti, general Teyn Seynning vakolat muddati tugaydi.

Birmaning o‘tish davri konstitutsiyasi bo‘yicha mamlakat parlamentidagi o‘rinlarning chorak qismi harbiylarga berilishi lozim. Shu taxlit harbiylarning siyosiy qarorlarga ta‘sir o‘tkazish kuchi saqlab qolingan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon