Issiq va sovuq suv qimmatlaydi, navbat tok va gazga

1 apreldan Toshkentda suv ta‘minoti uchun yangi narxda haq to‘lanadi.

"Suvsoz" korxonasiga ko‘ra, bu elektr energiyasi va boshqa manbalar narxining oshishi bilan bog‘liqdir.

Apreldan boshlab, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar 1 kubometr suv uchun 370 so‘m o‘rniga 390 so‘m, hisoblagichsiz uyda 4516,88 so‘m o‘rniga 4767,81 so‘m to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Hovli egalari bir kubometr uchun 280 so‘m, hisoblagichsiz uylarda kishi boshiga 4318,71 so‘m to‘laydilar.

Davlat tashkilotlari uchun 1 kubometr suv narxi 170 so‘m qilib belgilangan.

Biroz oldin "Toshissiqquvvati" Ishlab chiqarish birlashmasi ham 1 apreldan poytaxtda issiq suv ta‘minoti va markaziy isitish tizimining yangi tariflari haqida ma‘lum qilgandi.

Markaziy isitish tizimi bir kv metr uchun 1169,7 so‘m, issiq suv hisoblagichsiz kishi boshiga 13511,73 so‘m, hisoblagich bilan 3459,9 so‘m bo‘lgan.

Bu galgi qimmatlashuvni birlashma energiya zahiralarini tejash va aholini suv hisoblagichlarni o‘rnatishga rag‘batlantirish zarurati bilan izohlagan.

Toshkent aholisi uchun issiq va sovuq suv uchun tariflar oxirgi marta 2015 yilning oktyabrida oshirilgandi.

O‘zbekistonda har yili kamida bir marta suv-gaz narxlari oshishi kuzatiladi. 2015 yilda issiq suv narxi ikki marta, isitish narxlari uch marta ko‘tarilgan.

Ya‘ni, issiq suv narxlari shu paytgacha qariyb 28 foiz, isitish tariflari 38 foizga oshgan.

Image copyright none

Kommunal va boshqa xizmatlar narxi orqasidan tabiiyki, oziq ovqat narxlari ham sezilarli ko‘payadi.

O‘zbekistonliklar yil o‘rtasiga borib oyliklar oshirilishiga o‘rganib qolishgan. Maoshlar oshishi e‘lon qilinishi bilan bozordagi narxlar, yo‘l haqlari ko‘tariladi.

Shuningdek, Toshkent shahri hududlarida 4 apreldan 14 maygacha yozgi mavsumga o‘tilishi bilan bosqichma bosqich issiq suv to‘liq uzilishi e‘lon qilingan.

Ayni damda ko‘plab toshkentliklar ijtimoiy tarmoqlarda to‘lovlarning davomli o‘sib borishidan noroziliklarini bildirishgan.

Tayyor turinglar, endi navbat elektr va gazga deb yozadi "Potrebitelь" sayti foydalanuvchilari.

O‘zbekistonda elektr energiyasi to‘lovlari setyabr oyida, gaz narxi 1 oktyabrda o‘zgargan edi.

Mamlakatda ish haqining kamligi, kommunal va boshqa to‘lovlarning muttasil oshib borishi bilan qarzdorlarning ulkan guruhi paydo bo‘lgan.

Oldinroq "Toshkent oqshomi" ro‘znomasi poytaxtdagi suv, gaz, issiqlik xizmatidan qarzdorlarning ismi sharifi va uy manzillarigacha e‘lon qilgandi.

Qarzdorlar ichida to‘lashga imkoni borlar bilan birga, oyma-oy xizmat haqlariga qurbi yetmaydiganlar ko‘pligi ham qayd etib o‘tilgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.com ga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.net ga kiring

Bu mavzuda batafsilroq