So‘z Sizga: “Muxolifat kerak, ammo...”

Image copyright Reuters
Image caption Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati ham har qanday muxolifatga nisbatan eng toqatsiz rejimlardan biri sanaladi.

Agar Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga ishonadigan bo‘lsak, muxolifat bu “xalq dushmanlari”dir.

O‘zbekistonda Sho‘rolar davrida ham “xalq dushmanlari”, “vatan xoinlari” kabi ta‘riflar keng qo‘llanilgan.

Bugun ko‘klarga ko‘tarilayotgan Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat va Behbudiylar kabi ziyolilar ham Stalinga sodiq o‘zbek ziyolilari tomonidan “xalq dushmanlariga” chiqarilgan.

Bugun ham muxolifat va yo mustaqil fikrdagilarga nisbatan bu kabi ta‘rif berish O‘zbekistonda keng tarqalgan va tarqatilmoqda.

1990 yillar boshlarida mamlakatdagi endi tetapoya bo‘layotgan muxolifat hukumat tomonidan yo‘q qilindi.

O‘sha davrda endi erkinroq nafar olishni boshlagan matbuot ham bo‘g‘ildi.

Bugungi iqtisodiy muammolar va yo millionlab o‘zbekistonlikning Rossiyada majburiy muhojirotda qolgani haqida mamlakat ommaviy-axborot vositalari sukut saqlamoqda.

Asosan muhojirlikda bo‘lgan o‘zbek muxolifatining tanqidiy chiqishlariga qarshi hukumat keltirayotgan yagona, ammo o‘ta asossiz da‘vo bugun Yaqin Sharq, ayniqsa Suriyadagi vaziyat bilan bog‘liq.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘tgan yigirma besh yil davomida hukumatning bir tomonlama tashviqoti bilan voyaga yetgan avlod esa “tanganing ikkinchi tomoniga” qarashga o‘rganmagan va bu kelajak uchun xatarlidir.

Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati ham har qanday muxolifatga nisbatan eng toqatsiz rejimlardan biri sanaladi.

BBCUZBEK Facebook va Odnoklassnikida muxlislarimizdan so‘ragan savollarimiz aynan muxolifat bilan bog‘liq edi.

Sizningcha, O‘zbekistonda muxolifat bo‘lishi kerakmi?

O‘zbekiston hukumati tanqidlardan tashqarida qolishi kerakmi?

(Aksariyat izohlar o‘zgartirilmagan – tah.)

BBCUZBEK Facebook

Narimmat Yuldashev: Muxolifat kimga kerak birinchi navbatda bizning uzbekistondagi tinchlik va barkarorlikni kuraolmayotgan chet el boylariga xamda xammani uz ulchoviga solishga urinayotgan yevropa va amerika raxbarlariga kerak . vatanida biror narsaga erisha olmagan yoki biror bir jinoyat kilib kochgan ,bugungi kunda chet ellik egalaridan davlat tunarishi uchun mumaygina pul olib, ushanga xizmat kilayotganlarga kerak . Bizga esa bunaka soxta vatan parvarlar bir tiyinga xam keragi yuk !!!!!!!!!!!!!! Negaki bizning tushunchamizdagi farovon xayot ,uzbekchilik -insoniylik degan tushunchalar ularga yot narsa . Bizga esa yevropaning urfu odatlari yot narsa ,bizda erkakni erkak - ayolni-ayol deydi ,evropada keyingi paytda bari xotin chalish . Yokin 3- 4 yilda arablar bilan afgonlar yevropada uz tartib koyidasini urnatsa bilmadim............

Farkhod Abdurakhmonov: Avvalo “xalq dushmani” iborasi xususida adabiyotlarda ta‘kidlanishicha mazkur ibora Rim huquqi bilan vujudga kelgan va respublikaga qarshi qo‘liga qurol olib urushuvchi askar sifatida talqin etilib, bunday insonni jismonan yo‘q qilib tashlashni bildirgan. Frantsuz inqilobi davrida esa bu so‘z ommaviy terrorni oqlash uchun rejimga qarshi turganlarga nisbatan ishlatilgan. Xalq dushmani iborasi ayniqsa Stalin hukmronligi davrida o‘zining cho‘qqisiga chiqdi. Kommunizm qurish g‘oyasi va sinflar o‘rtasida kurash bahonasida Stalin boshchiligidagi totalitar siyosiy rejimiga qarshi bo‘lganlar xalq dushmani sifatida badarg‘a qilindi, qamoqqa tashlandi, o‘ldirildi. Achinarlisi shundaki, jamiyatning o‘ta ziyoli va haqiqiy vatanparvar insonlari mazkur rejimning qurbonlariga aylandilar. Agar ta‘bir joiz bo‘lsa, men “xalq dushmani” deb xalqning boyligini talayotganlarni, xalqning huquq va erkinliklarini poymol etayotganlarni, erkin so‘zni bug‘ayotganlarni, o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida har qanday jinoyatga tayyor turganlarni, korruptsiya botqog‘iga botganlarni, mahalliychilikni avj oldirayotganlarni, hur fikrli insonlarni turli bahonalar bilan umrlariga zomin bo‘layotgan shaxslarni aytgan bo‘lar edim. Ming afsuski, bunday kishilar ba‘zan xalq qahramoni sifatida xalq ongida gavdalantirilmoqda, xalq dushmani bo‘lib esa yana o‘sha haqiqiy, xolis niyatli, vatanparvar ziyoli insonlar sanalmoqdalar. Muxolifat tushunchasi demokratik jamiyatda siyosiy tizimning muhim tabiiy elementi sanaladi. Muxolifat mavjud amaldagi Hukumatlarga, ularning ba‘zi siyosiy hatti-harakatlariga, dasturlariga qarshi turuvchi hamda muqobil o‘zining yo‘liga ega bo‘lgan tomon, harakat, siyosiy partiya deyish mumkin. Agarki qaysi jamiyatda haqiqiy, erkin va o‘z siyosiy kuchiga ega bo‘lgan muxolifat mavjud bo‘lsa o‘sha jamiyatda amaldagi Hukumat o‘z hokimiyatini suiste‘mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, uning oldi olinadi. Asosan muxolif partiyalar, ularning parlamentdagi fraktsiyalari, jamoat harakatlari orqali xalq o‘z so‘z erkinligini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ta‘kidlash joizki, odatda muxolifat partiyaning ham maqsadi hokimiyatni qo‘lga olishdir va ushbu jihatdan ular amaldagi hukumatga raqobatchi hisoblanadilar. Shuning uchun amaldagi Hukumat uchun va ayniqsa demokratik bo‘lmagan davlatda muxolifat istalmagan bir kuch sifatida qaraladi. Yana bir narsaga e‘tibor qaratish lozimki, har qanday muxolifat kuchni ham biz demokratik deya olmaymiz. Tajribalar ko‘rsatmoqdaki, ayrim muxolifat kuchlar Hukumatga kelish uchun qonuniy yo‘llar bilan birgalikda noqonuniy hatti-harakatlarni ham amalga oshiradilar. Jumladan, amaldagi Hukumatni nokonstitutsiyaviy yo‘l bilan ag‘darib tashlash, terror amaliyotini qo‘llash, amaldagi Hukumatga bo‘htonlar uyushtirish, xalqqa noto‘g‘ri ma‘lumotlarni tarqatish, targ‘ib etish, tashqi kuchlar ko‘magi bilan hukumatni qo‘lga olishga harakat qilishlarni aytish mumkin. Bunday muxolifat kuchlarni radikal ko‘rinishdagi harakat deyish mumkin. Bunga qarama-qarshi konstruktiv muxolifat kuchlar bo‘lib, ular o‘z faoliyatlarini qonun doirasida amalga oshiradilar, amaldagi Hukumat siyosatiga qarshi real o‘z dasturlarini taklif etadilar, xolis tanqid qiladilar, populistik bayonotlar bilan chiqmaydilar.Aynan konstruktiv ko‘rinishdagi muxolifat har qanday jamiyat uchun zarur deb hisoblayman. O‘z navbatida siyosiy rejimi demokratiyaga asoslanmagan Hukumatlar muxolifat kuchlariga nisbatan noqonuniy ishlarni amalga oshirishlari mumkin va hattoki umuman har qanday muxolifat kuchlarni yo‘q qilib tashlashgacha bo‘lgan choralarni qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘zbekiston demokratik jamiyat barpo etishni maqsad qilib qo‘ygan ekan va bunday sharoitda albatta muxolifat kuchlar bo‘lishi zarur, aks holda jamiyat zamonaviy taraqqiyotdan orqaga qoladi, poraxo‘rlik, korruptsiya avj oladi, hamma sohalarda adolatsizlik yuzaga keladi, xalqning talab-istaklari qondirilmaydi. Bularga o‘zimiz ham guvoh bo‘lmoqdamiz. Bizda hozir to‘rtta partiya parlamentda o‘zining fraktsiyasiga ega, biroq ularning birontasini ham muxolifat deb hisoblash qiyin masala. Gap shundaki, bironta bir masala yuzasidan muayyan bir partiyaning o‘zgacha qarashligi mavjudligini ko‘rmayapmiz, Hukumat tomonidan qanday qaror qabul qilinmasin ular bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashadi. Ular bizda sharqona demokratiya va biz boshqalar kabi majlislarda ur-to‘polon qilmaymiz, madaniyat bilan ishlarimizni reklama qilmagan holda, parlamentda o‘tirib odob doirasida bahs-munozara qilib qonunlarni qabul qilamiz, Hukumat qarorlariga o‘zimizning munosabatimizni bildiramiz deb da‘vo qiladilar, o‘zlarini oqlaydilar. Haqiqatda esa bu iddaolarga ishonish ham qiyin. Isbot sifatida birgina misol, Toshkentda propiska masalasi, viloyatdan kelganlarni ro‘yxatga olish, OVIR, biometrik pasport yuzasidan so‘nggi paytlarda xorijda yurganlar uchun yuzaga chiqqan muammo, gaz, svet yo‘qligi va shu kabi bir qator muammolar bo‘yicha shu kungacha bironta partiya o‘z qarashini, muqobil taklifini berdimi? Mahalliychilik, korruptsiyani yo‘qotish yuzasidan ulardan biron muqobil taklif o‘rtaga tashlandimi? Qishloq xo‘jaligida hali maqbullashtirish hali ixchamlashtirish va hokazo muammolar bo‘yicha bironta partiya o‘zining qarashiga, taklifiga egami? Sog‘lom, xolis yoki asosli tanqid har qanday jamiyat uchun foydali hisoblanadi. Bunday tanqid qabul qilinmas ekan bu degani o‘sha davlatda sog‘lom Hukumat mavjud emas. Bironta ham Hukumat tanqiddan holi bo‘lmasligi kerak, shu jumladan, O‘zbekiston Hukumati ham. Albatta biz ushbu o‘rinda sog‘lom, xolis, asosli tanqidni nazarda tutyapmiz. Biz sog‘lom, xolis tanqid qiluvchilarni “xalq dushmani” deb emas balki “xalqning jonkuyari” deb atasak adolatli so‘z bo‘lardi. Agarki, biz haqiqatda vatanimizni buyuk bo‘lishini xohlasak, aynan shunday insonlarning takliflarini hisobga olishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz, o‘z iqtisodiy, ijtimoiy siyosatimizni ishlab chiqishda ularga tayanishimiz darkor. Agarki davlatda qonunlar ustuvor, adolatli va hammaga barobar qo‘llanilsa bunday sharoitda sog‘lom tanqid hech qachon urushlarga olib kelmaydi. Shuningdek, sog‘lom tanqid muhiti yuzaga kelishi uchun siyosatchilarda siyosiy madaniyat shakllangan bo‘lishi kerak.

Daminjonov Bakhtiyor: Agar muxoliflar o‘z davlatidan, buyuk davlatlar maqsadini ifodalasa, bu sotqindir. Agar muxolifat shunchaki ma‘rifat va erkinlikka da‘vat qilsa, bu vatanparvarlikdir.Agap muxolif chet elga qochib hamda o‘sha yerdagi sharoitni maqtsa, o‘z vatanidagi kishilarni yomonlab, bu ham yetmaganday boshqalarga ham o‘z tariqatini singdirsa bu haqiqiy dushmanlikdir...

Man Man: Uzbekistonda demokratiya buladi nasib. Avval 75yil rossiyaga kul bb yashagan xalk demokratiyani nimaligini tushunib yetsin uzini kadrini bilsin narkotik kurol obkirishni yomon okibatlarini tulik xis etsin keyin xammasi buladi yullar xam ochiladi. Ato arzimagan pulga dovlatini sotvoradiganla exxe. Siyosatimiz tugri olib borilayapti.

Ali Khan: Xukumat, muxolifat, siyosat... Jin ursin bulani xammasini!!Bittasi 25yildan beri "buyuk kelajak" xakidagi xatto uzlariyam ishonmiy kuygan safsatani takrorlashdan charchamidi. Yana bittasi chet elda utirvolib, xali bulashadigan narsani uzi yu joyda bir birini tagiga suv kuyish bilan band.

Isoqjon Zokirov: Ming afcyc býlcinkim xozir xam vatan xoini xalk dyshmani degan ibopalap ishlatilmokda.Ilgapi Ctalinning davpida xam shynday edi.Demak ecki toz,ecki xammom,ya‘ni xech napca ýzgapgani yýk !

Jonibek Xudaybergenov: Juda akilli fikrlar bildirildi Mening fikrim xam xukumatga rakobatchi muxolifat kerak Rakobat bor joyda usish buladi bu FAKT

Abdufattoh Kamalov: Diktatorlar muxolifatni xalq dushmani deb ataydi...Aslida esa muxolifat diktatorning shaxsiy dushmani, xalq dushmani emas

Bahodirkhon Eliboyev: Varrak uchirishning oddiy qonuni bor: hech yo‘q qarshi tarafdan yengil shabada bo‘lishi kerak. Shamol emas, shabada bo‘lsa maqsadgu muvofiq. Aks holda, varrak uchiruvchi yuguraverib charchab qoladi. Biznikilar shabadani shamolning bir turi deb bilishdi. Oqibatda o‘zlari charchab qolishdi. Ayni damda tashqaridagi muxolifat ham shabada bo‘lish o‘rniga, shamolday, dovulday harakat qilishni maqsad etdi. Oqibatda bular bilan ham varragimiz uchmaydigan ko‘rinadi.

Nafisa Hamroyeva: Yurtimiz tinch bulsin xozirda xar mamlakatda urish Tinch Mamlakat Uzbekistan. kuz tegmasin yurtimizga

Farhod Rahmonov: Muxolifat urushga yetaklaydi...

Abdufattoh Kamalov: Diktatura-chi?

BBCUZBEK O d n o k l a s s n i k i

Odinokiy Volk: Muxolifat bo‘lishi kerak emas, hamma bir xil, to‘g‘ri va halol yashashi kerak...

Zeynep Sodik: Muxolifatga yo‘l bermagan davlat diktatura hukmron bo‘lgan davlatdir. Muxolifat yuzimizni oynaga qarab qancha kamchiligini ko‘rsak, ana shu oynaday kerak...

K o n s t r u k t o r: Muxolifat bulishi zarur, fakat tuzum xakikiy demokratik shaklga utganda. Sof demokratik tamoyil diktatorlikka asoslangan tuzumni kushandasi, shuning uchun xam Markaziy Osiyo diktatorlari "demokratik mamlakat" deb ataladigan mamlakatlariga xakikiy demokaratiya kirib kelishidan manfaatdor emas.

Nargiz Abduxoliq: Muxolifat rivojlanish va adolatli bulish, izlanishga sabab buladi va doimo bulishi kerak, xalk bilsin kim davlat boshiga kelsa kanday manfaat kuradi, muxolifatni istamaganlar esa kursisini oldirib kuyishni istamaganlardir

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.com ga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.net ga kiring

Bu mavzuda batafsilroq