Markaziy Osiyoda "baxtlilar baxtlisi" kim?

BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o‘rganuvchi markazi 20 mart Butunjahon Baxtiyorlik kuni oldidan "Baxt indeksi"ni e‘lon qilgan.

Hisobotga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Markaziy Osiyo xalqlari orasida eng baxtlisi, MDH davlatlari aholisi orasida ham eng baxtiyoridir.

O‘zbekiston baxtlilik darajasi bo‘yicha 156 mamlakat ichida 49 o‘rinni egallagan.

Bundan tashqari o‘zbeklar italiyaliklar, rossiyaliklar, polьshaliklar, turklardan va boshqa bir qancha xalqlardan ko‘ra baxtliroq ekanlar.

Ro‘yxatda MDH davlatlari bo‘yicha qaralsa, qozoqlar 54 o‘rinda, Moldova 55, Rossiya 56, Belarus 61, Turkmaniston 65, Ozarbayjon 81, Qirg‘iziston 85, Tojikiston 100, Armaniston 121, Ukraina 123, Gurjiston 126 o‘rinda keladi.

Baxtlilik ro‘yxati yer yuzi aholisi o‘zlarini qanchalik baxtli va hayotlaridan qoniqqan his qilishlarini ko‘rsatadi.

Eng baxtlilar beshligini Daniya, Shvetsariya, Islandiya, Norvegiya va Finlandiya tashkil etgan. Hammadan baxtli daniyaliklar o‘tgan yil eng baxtiyor bo‘lgan shvetsariyaliklarni ortda qoldirgan. Skandinaviya davlatlari baxtli o‘ntalikni ishg‘ol qilishgan. Ular qatoridan Kanada, Hollandiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya ham joy egallagan.

Amerikaliklar dunyoda baxtlilar ichida 13 o‘rinda ekanlar.

Hisobot mualliflari "Baxtiyorlik indeksi" ni tuzishda mamlakatlardagi hayot darajasi, tibbiyot rivoji va ijtimoiy himoyani nazarda tutganlarini aytganlar.

Shuningdek, aholining ijobiy va salbiy fikrlari ham inobatga olingan.

So‘rovda qatnashgan insonlar o‘zlarining hayotiy maqsadlari, biror- bir qaror qilishdagi imkoniyatlari, qanday yashashni xohlashlari, tenglilik, mamlakatdagi korruptsiya, jinoyatchilik darajasiga baho berganlar.

Oldinroq O‘zbekistondagi "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakat aholisini eng baxtiyor xalq deb aytgandi.

Bi-bi-si o‘zbekistonlik fotograf Umida Ahmedova va jurnalist Jasur Hamroyevdan baxtlilik haqidagi fikrlarini so‘radi.

Umida Ahmedovaning aytishicha, yuz foiz baxtli insonni topish qiyin. Lekin o‘zbeklarda shukr qilish ustun bo‘lsa ham, ko‘pchilik atrofdagi muammolarga befarqlik bilan qarab, haqiqiy fikrini aytishga tortinadi yoki qo‘rqadi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Jasur Hamroyevning ta‘kidlashicha, shukronalik bilan yashashning o‘zi baxt. O‘zbek xalqi duo bilan yashashni yaxshi ko‘radi. Duo olgan xalqda baraka, baxt bo‘ladi. Indeksda O‘zbekiston o‘rnini yana ham yuqoriga ko‘tarsa to‘g‘ri bo‘lardi, deb fikrini bildiradi u.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xudoga shukr qilib yashash o‘zbeklar uchun asosiy xususiyat, deb qayd etdi ular.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.com ga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.net ga kiring

Bu mavzuda batafsilroq