Toshkentda "qarabtep" bo‘yicha chempionat o‘tkaziladi

Navro‘z bayrami munosabati bilan Chustiy’s Cuisine va Tez Food ma‘muriyati "Qarabtep" xalq o‘yini bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.

Musobaqa 20 mart kuni Toshkentdagi "Samarqand darvoza" gipermarketida bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda Chustiy’s Cuisine va Tez Food brendlari muallifi Bahriddin Chustiy o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e‘lon qilgan.

Chempionatni o‘tkazishdan maqsad, unutilib borayotgan milliy xalq o‘yinlarini qayta tiklash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ekani aytilgan.

Bahriddin Chustiyning yozishicha, "Qarabtep"( xalq tilida lanka) xalq o‘yini bir necha asrlar mobaynida xalq sayillarida, "Navro‘z" bayramlarida muntazam ravishda o‘ynalib kelingan. "Qarabtep" xalq o‘yini haqida ilk marta Ibn Sinoning "Tib qonunlari" kitobida ma‘lumotlar uchrashi qayd etilgan. Mutaxassislar bergan xulosaga ko‘ra, ushbu xalq o‘yini inson salomatligiga koni foyda ekan. Xususan, umurtqa pog‘onasi, ko‘z, yurak, qorin a‘zolari, oyoq mushaklari, nafas yo‘llari faoliyatini, qon aylanishini yaxshilaydi".

"Siz ham yaxshilab eslang, bolaligingizda qo‘yning bir parcha junli terisiga metall parchasi (asosan qo‘rg‘oshin) mahkam bog‘langan tepkini do‘stlaringiz bilan miriqib tepar edingiz-ku, to‘g‘rimi? O‘sha beg‘ubor va zavqli davrlarni yodga olmoqchi bo‘lsangiz va yana bir bor miriqib “Qarabtep” o‘ynamoqchi bo‘lsangiz, unda Sizni 20 mart kuni soat 18.00 da O‘zbekiston ochiq chempionatida kutib qolamiz", deb taklif qiladi tashkilotchilar.

Xabar qilinishicha, eng yaxshi deya e‘tirof etilgan 3 nafar ishtirokchiga Chustiy’s Cuisine va Tez Food ma‘muriyati pul mukofotlari topshiriladi.

Bundan tashqari tadbirda "Eng yaxshi yosh ishtirokchi" maxsus nominatsiyasi ham joriy etilibdi.

Chempionat erkin usulda o‘tkaziladi va kim tepkini yerga tushirmasdan eng ko‘p tepsa, o‘sha g‘olib bo‘ladi. Har bir ishtirokchi ikkitadan imkoniyatga ega.

Chempionatda qatnashish uchun Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali ishtirokchi sifatida oldindan ro‘yxatdan o‘tish lozim.

"Qarabtep" o‘yini bo‘yicha ochiq chempionatning axborot hamkori Daryo.uz sayti va Facebookdagi Maslahat.uz guruhi hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari musobaqa tashkil qilinayotganiga ijobiy fikrlar bildirishgan va boshqa xalq o‘yinlarini ham tiklash, ommalashtirish kerakligini ta‘kidlashgan.

Chustiy’s Cuisine va Tez Food brendi bundan oldin milliy taom va shirinliklar namunalarini ishlatib, O‘zbekistonning eng katta xaritasini tayyorlab, namoyish etgandi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq