O‘zbekiston chegaradagi vaziyatga izoh berdi

O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyatga oydinlik kiritgan.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatining Chegara Qo‘mitasiga ko‘ra, 21 mart Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakat chegaralarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Jumladan, Qirg‘iziston chegarasida ham MXX ning chegara qo‘shinlari kuchaytirilgan holga keltirilgan.

O‘zbek rasmiylarining bildirishicha, harbiy texnika oldinroq xabar qilinganidek Qirg‘iziston hududiga kirmagan, mamlakat chegarasini qo‘riqlab turibdi.

Xavfsizlik xizmati qo‘shimcha zirhli texnika vositalari jalb qilinganini tasdiqlagan. "Barcha ko‘rsatilgan harbiy texnika mamlakat hududida turibdi, davlat chegara hududlarini qo‘riqlash bahsli hududlarga kirmaslik bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma asosida amalga oshiriladi", deyiladi rasmiy xabarda.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, 28 martda "Madaniyat-avtoyo‘l" nazorat maskani ta‘mirlash ishlari bois, bir tomonlama yopilgan. Bu to‘g‘risida o‘z vaqtida Qirg‘iz tomon xabardor qilingan, deb qayd etgan Qo‘mita.

O‘zbekiston Chegara Qo‘mitasi qirg‘izistonlik hamkasblarini voqelikka zid xabarlarni tarqatishdan tiyilib, tomonlar o‘rtasidagi munosabatni murakkablashtirmaslikka chaqirgan.

18 martda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradagi bahsli Mo‘g‘ul hududiga harbiy texnika va askarlarini olib kirgani Qirg‘iz chegara xizmati tomonidan xabar qilingandi. O‘zbekiston tomoni bunga darhol munosabat bildirmagan.

Biroq voqea har yili kuzatiladigan Navro‘z bayrami oldidan xavfsizlik chorasi bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingandi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq