Maslahat.uzda tanqidiy fikrlar ko‘paygan

Image copyright ALAMY

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Maslahat.uz guruhida keyingi paytda bir nechta tanqidiy mulohazalar o‘rtaga tashlangan.

Toshkentlik jurnalist va talaba o‘zlari duch kelgan holatni misol qilib keltirishadi.

Jumladan, jurnalist Shoira Raufboyeva Shayhontohur tumani 1-son notarial idorasiga ma‘lumotnoma olish uchun borgani, u yerdagi o‘z ishiga mas‘uliyatsiz va sovuqqon notariuslar sabab ma‘lumotnoma olguncha sarson- sargardon bo‘lgani haqida Maslahat.uzda yozib qoldirgan.

“Oramizda o‘z ishini yaxshi bilmaydigan, chalasavod ‘mutaxassislar’ bor ekan, ular bizning asabimizni yeb, vaqtimizni o‘g‘irlashda davom etaverishadi. O‘tgan hafta hujjatlarimni yo‘qotib qo‘ydim (aniqrog‘i o‘g‘irlatdim) ularning ichida mashinamning texnik pasporti ham bor edi. Bu hujjatsiz esa mashinada bugun ko‘chada yurib bo‘lmaydi. Xullas, uni qayta tiklash uchun harakat boshladim. ‘GAI’da ish bir pasda bitdi. Lekin mashinam davlatdan olingan kredit sababli garovda bo‘lgani uchun, yana bir hujjat lozim ekan. ‘GAI’ dagilar menga kreditni rasmiylashtirgan Shayhontohur tumanidagi 1-sonli notariusdan “texnik pasportni qayta tiklashga qarshi emasmiz” qabilida yozilgan bildirgi yozdirib kelishim kerakligini aytishdi. “G‘uncha” kinoteatri qatorida joylashgan notariusga keldim va ana shu nuqtadan mening uch kun vaqtimni o‘g‘irlab, asabimni yegan, yomg‘irda ivib, shaharni piyoda kezishga majbur qilgan “sarguzashtlarim” boshlandi. Mazkur notarius shaharda ancha nomdor, mijozlari ham ko‘p. Ishanova Donoxon opani imzosi bilan ko‘p xayrli ishlar boshlangan. Lekin bu opani mazkur notariusga uch kun qatnagan bo‘lsam, biror marta ham ish joyida ko‘rmadim. U kishining chamasi 7-8ta yordamchisi bor ekan. Hammasi to‘tiqushday ‘hozir keladilar’, deb bir gapni takrorlaydi. Vaholanki, mazkur notarius davlatniki, davlat maosh tayinlab qo‘ygan ishxonaga uch kun kelmaslikni tushunmadim. Lekin opa ko‘rinmas kuch bilan idorani boshqarib turibdilar", deb yozadi Raufboyeva.

Shu tariqa u uch kun deganda GAI, notarius, bank o‘rtasida sarson bo‘lib, ishini bir amallab bitirganini hikoya qiladi u.

"Ertasi 8.30da ham, undan keyin ham opani ishga kelganini ko‘rmadim. Lekin har holda va nihoyat 3-kuni ma‘lumotnomani oldim. U kishi qo‘l qo‘ygan bo‘sh blankalar xodimlarda bo‘lar ekan. (Muhim hujjatlarning taqdiri hal bo‘ladigan vazifada o‘zi 3-4 kunlab ishga kelmay, shu yo‘sinda ish tutish mumkinmi?) Texnik pasportni ham tikladim, faqat alam qiladigani, oramizda o‘z ishiga, mijozlarning muammosiga ana shunday sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘layotganlarning borligi, o‘z ishini yaxshi bilmaydigan chalasavodlarga davlat ishonib topshirgan lavozimi mas‘uliyatini yuklab qo‘yib, odamlarni sarson-sargardon kilib qo‘yishgani. Jamiyatni orqaga tortayotganlar ham ana shunday mas‘uliyatsiz odamlar asli”, — deb xulosa qiladi jurnalist.

Jurnalistning yozganlariga o‘z munosabatini bildirganlar bunday mas‘uliyatsiz notariuslar ustidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga arz qilish va bunday vaziyatlarda ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish kerakligini aytganlar.

O‘zbekistonda bir necha yil oldin xususiy notariuslar yopilib, faqat davlat notariuslarining faoliyat yuritishi shart qilib qo‘yilganidan so‘ng, shaharliklar notariuslar oldida uzun navbatlar paydo bo‘lganidan shikoyat qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda ham davlat notariuslariga berilgan imkoniyatni suiste‘mol qilayotganlar ko‘payganidan noroziliklar yangragan.

Maslahat.uz da bosilgan yana bir shikoyat Jahon Tillari universitetining 4-bosqich talabasidan bo‘lib, u xorijdagi o‘quv dargohiga hujjat topshirishda duch kelgan to‘siqlar haqida gapirgan.

Talaba, jumladan, shunday deydi: “Koreyaga magistraturaga hujjat topshirayotgan edim. Gerbli yumaloq pechat urilishi kerak ekan, buning uchun yo rektor yo prorektorning imzosi kerak (yumaloq pechat uchun). Imzo va pechat urilishi kerak bo‘lgan narsa shu universitetda 4-bosqichda o‘qiyotganligim va o‘qishni iyun oyida tamomlashim haqida ma‘lumotnoma, xolos. Prorektorning oldiga borsam, dekaning javobgar dedi, dekanning imzosi gerbli pechatga asos bo‘lolmaydi, prorektorga yana yuzlandim, xalqaro bo‘limga junatdi. Xalqaro bo‘limdagilarga salom berib, maqsadimni aytsam , ular shunday alik olishdi: ”Nima bo‘lsa xalqaro bo‘lim, nima bo‘lsa xalqaro bo‘lim...”. Ularning savoli: hali hammasi oldinda GOSTlar bor, ulardan o‘tishingizni bilmaymizku — deyishdi. Hamma fanlarim besh, qanday GOSTdan yiqilishim mumkin, degan savolimga baland ohangdagi “bilmayman”, degan javobni oldim. Dekanim qo‘ldan kelgancha yordam qildi, lekin ularning imzosi gerbli pechatga asos bo‘lmaydi. Xullas, undan bunga yugur, bundan unga yugur. Hujjat topshirish muhlati esa 25-mart. Pochta yetib borishiga 2 kun ketadi, dam olish kunlarida pochta ishlamaydi. Nima qilsam ekan?”, deb maslahat so‘raydi talaba.

Shuningdek, Maslahat.uzda ehtiyotsizligi tufayli 4 yoshli bolani kuydirib qo‘ygan bog‘cha opa tanqid qilingan.

Bu kabi chiqishlar O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarida odatda kam uchraydigan hodisa.

Bundan oldin respublikadagi salbiy holatlar haqida maqolalar chop etgan Olam.uz sayti dastlab vaqtincha yopilib, so‘ngra to‘liq tugatilgan edi.

Kun.uz saytida ham tanqidiy maqolalar ortidan kadr o‘zgarishlari yuz bergandi.

Ayni paytda tanqidiy fikrlar yozib qoldirishda Feysbuk, Odnoklassniki ijtimoiy tarmoqlari bilan u qadar muammo yo‘q. Lekin O‘zbekistondan turib biror bir mavzuda tanqidiy fikr yozayotganlarni har doim ham uchratavermaysiz.

O‘zbekistonliklar, ko‘proq rus tilida yozuvchi foydalanuvchilar Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi "Potrebitelь.uz", "Voditeli Tashkenta" sahifalarida aksariyati maishiy mavzuda bo‘lsada, tanqidiy fikrlar yozib qoldirishganini ko‘rish mumkin.

Keyingi paytda esa, o‘zbek tilli o‘quvchilar orasida xizmat vazifalariga doir tanqidiy mulohazalar "Maslahat.uz" sahifasida ko‘paygan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring