G‘urbatdagi g‘ariblar yo 'Moskovobod' hikoyalari

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bugun millionlab markaziy osiyoliklar Rossiyada rizq terishmoqda. Poytaxt Moskvaning o‘zida ularning soni o‘n minglab...

Ammo, bugun G‘arb sanktsiyalari hamda neft narxlari tushib ketgani bois Rossiyada iqtisodiy ahvol og‘irlashgan.

Bu esa, mehnat muhojirlari hayotiga ham ta‘sir etmay qo‘ymagan. Kimlar ishini yo‘qotgan, yana kimlar maoshini ololmayotganidan shikoyat qiladi.

Boshqalar vatanga qaytishdan o‘zga choralari qolmayotgani haqida so‘zlaydilar.

Ammo, Moskvadagi o‘nlab "rezina kvartiralar"ning soni kamayayotgani yo‘q...

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati ana shunday o‘zi tor, ammo ta‘bir joiz bo‘lsa, muhtojlikda bag‘ri keng bo‘lgan xonadonlardan biriga borgan va u yerda 20ga yaqin inson yashayotganiga guvoh bo‘lgan.

Oilalar, oilasi ortda qolganlar, ota-onasi, shu bilan birga xonadonning bir burchagidagi qafasda sevimli hayvonini asrayotgan Ozodbek.

Barcha uchun bitta oshxona, bitta hammom, bitta hojatxona... Eshik oldini oyoq kiyimlar to‘ldirgan.

"Rossiyadagi moliyaviy qiyinchilik bois ushbu "rezina kvartiralar" yanada cho‘zilyapti. Oyoq uzatadigan joy bo‘lsa bo‘ldi ba‘zilar uchun", deya xo‘rsinadi xonadondagilardan biri.

Buni mahalliy aholi vakillari ham tasdiqlashadi.

"Bilasizmi, mehnat muhojirlari ham odam. Oila boqay deb kelishgan bechoralar. Ammo, juda og‘ir ahvolda yashashadi. Bir xonadonda 20-30 kishi birga yashaydiganlar ham bor", deydi moskvalik Svetlana.

Men bo‘lgan xonadondagilar esa: "Qiyinmas, hamma narsaga navbat bor. Ilojini qilyapmiz", deyish bilan cheklanishadi.

"Tashkentskiy pereulok"

Moskva janubi sharqidagi "Tashkentskiy pereulok" ko‘chasiga ertalabki soat 08:00 lar chamasi bordim.

Ko‘rinishidan yoshi olmishdan oshgan bir kishi qor kuramoqda.

"Assalomu alaykum, amaki", dedim hech ikkilanmay.

Ikkilanmasligim sababi, Moskvaga qisqa safarim davomida har qadamda yurtdoshlarimni uchratayotganim va bundan ortiq hayratga tushmayotganim bilan bog‘liq.

Bu kishining ham yo O‘zbekiston va yo Tojikistondan bo‘lib chiqishiga ishonchim komil edi.

"Vaalaykum assalom", deya javob berdi amaki.

"Hormang, amaki, qayerliksiz?"

"Buxorodan", deydi amaki biroz qor kurashdan tin olib. "Siz ham O‘zbekistondanmisiz?"

"Ha, O‘zbekiston", deyman-da, u kishini yana gapga solaman. Amaki Buxoroda oilasi qolgani, Rossiyada bir necha yillardan beri ishlayotgani haqida gapiradi.

U surat olishimga izn bersa-da, videoni ochishim bilan orqasini o‘giradi.

"Tinchlik kerak, qo‘ying, qizim, o‘zi zo‘rg‘a yuribmiz. Narigi tomonga borib oling videongizni, anavi ko‘chadagi farroshlar ham hammasi o‘zbekistonlik".

Suhbatimiz shu yerda tugaydi.

Moskvadagi qisqa safar davomida kim-kimlarni uchratmadim?

Yemakxonada supurgi ushlagan ham, sartaroshxonada taroq tutgan ham, metro bekati chiqishida telefonga sim karta sotgan ham yurtdoshlarim edi.

Jamoat transportida qatorni to‘ldirganlar ham yo o‘zbek, yo tojik va yo qirg‘iz.

Non sotgan, somsa sotgan ham shular.

9 yildan beri pasportsiz yurgan Gulsora... Uning tug‘ilganlik guvohnomasisiz, bu dunyoda bor-yo‘qligi qayd ham qilinmay, bo‘yi yetib borayotgan qizi.

Oylardan beri ishsiz yurganlar, tadbirkorlik qilib boyiyotganlar.

Kasal otasini davolatish uchun bor yo‘g‘ini sotgan, shunda ham qarzga botgan, so‘nggi chora deb bir oylik kelinchagini uyda qoldirib, Moskvaga yo‘l solib kelgan Azamat.

Bolalari, uyini eslasa, ho‘ngrab yig‘laydigan Salomat...

Vatan desa, lablari titrab titraydigan, bolalarini tushlarida ko‘rishini aytib, ko‘z yoshlarini qaytarishga uringan Dadajon.

Image copyright none
Image caption Gulsora asli qirg‘izistonlik, u hujjatlarini to‘g‘rilash uchun bormagan eshigi qolmaganini aytadi
Qo‘rquv

Mendan o‘zlarini olib qochgan faqat "Tashkentskiy pereulok"dagi amaki emas edi. Aksariyat, o‘zbeklar Bi-bi-si deyishim bilan siniqqina jilmayishar yoki indamay ketib qolishardi.

Qishloq xo‘jalik fanlari kandidati, Moskvada kattagina restoran xo‘jayini ham: "Qo‘ying, O‘zbekistonda borar-kelarim bor, men gapirmay qo‘ya qolay. Qolaversa, uydagilar..." deya gapini qisqa qildi.

Sartaroshxonadagi andijonliklar ham "qo‘ying, qo‘ying"lab eshiklarini yopishdi.

"Qo‘rquvning ildizi O‘zbekistonda", deydi huquq faoli Bahrom Hamroyev.

Muammolar

Yarim tasdiqlangan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada birgina O‘zbekistondan qariyb 2 million mehnat muhojiri bor.

Norasmiy raqamlar bundan ham ko‘p.

"Inqiroz o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi", deydi suhbatdoshlarimdan biri.

"Birov ishini yo‘qotdi, birov maoshini ola olmayapti".

Ammo, ular kelishda davom etishmoqda.

Men borib tushgan Domodedovo aeroportini ham, suhbatdoshlarimdan boshqa biri aytmoqchi, "o‘z uyi, o‘lan to‘shagini tashlab kelayotgan qora ko‘zlar" to‘ldirishgandi.

Ammo, hammaning ish o‘ngidan kelavermaydi. Oylab ishsiz yurganlar qancha...

Bu yoqda patent yo-da, Rossiyada ishlash ruxsatnomasi narxi oshgani mehnat muhojirining hayotini yanada og‘irlashtirdi.

"Endi qarang, patent olish uchun 10 ming rubldan ortiq sarflashingiz kerak. Uyning haqini to‘lash kerak. Yeb-ichmasangiz bo‘lmasa. Uyiga pul yubora olmayotganlar ham bor. Hozir juda qattiq ishlasangiz, 100-200 dollar orttirasiz. Bu yerda yurishning ham ma‘nosi qolmayapti. Ammo, vatanda shuning ham iloji yo‘q-da", deya bosh chayqaydi suhbatdoshlarimdan yana biri.

Boshqalar esa, "patent" ni olganingizdan keyin ham politsiya ta‘qiblaridan qutilib bo‘lmasligi, ularga ham "uzatib" turish kerakligini aytishadi.

"Hozir politsiyachilar ham tojikcha, o‘zbekchani o‘rganib olishgan. Tojikchalab :"500 beraqolay", desangiz, "Qanaqa 500, 1500 ming ber" deyishadi", deydi men tojikistonliklarning oshxonasida uchratgan Rahimiddin.

"Ish topganda ham, baxtsiz hodisalar yo‘q emas", deydi Tolib.

Yana ko‘plar o‘z haqlari toptalishi, bugungi iqtisodiy inqiroz davrida ayrimlarning maoshlari berilmayotgani haqida gapirdilar.

Sabablarni izlayman.

"Sabab oddiy - ular qonunlarni bilishmaydi, ko‘plari tilni yaxshi bilmaydilar..." deyishadi mutaxassislar

Image copyright none
Image caption Markaziy osiyolik muhojirlarni Moskvaning har bir burchagida uchratasiz
Chorasiz qayerga bosh ursin?

"Men 10 yildan beri bunaqa tashkilotlar borligini eshitmadim", deydi yana bir muhojir Baxtiyor.

"Ular bor, ammo yetarli emas. Mehnat muhojirlari soni shu qadar ko‘pki, sanoqli sondagi tashkilotlar ularning har biriga qanday yetib borsin", deya fikr bildiradi "Chegara bilmas tinchlik" tashkiloti rahbari Farhod Ustajalilov.

Shunda ham suhbatdoshlarim ko‘plari shikoyat qilishdan tiyiladilar.

"Bilasizmi, dardini dasturxon qilmaslik endi qonimizda bor, endi shikoyat qilaversak ham noshukurlik bo‘ladi", deyishadi ular...

"Moskovobod" va yo muhojirlarning navbatdagi hikoyalarini tinglab tomosha qilish uchun bbcuzbek.com va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring