Bryussel aeroporti va metrosida portlashlar ro‘y bergan

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Belgiya poytaxti Bryusselning Zaventem aeroporti va Ovro‘po Ittifoqi muassasalariga yaqin metro bekatida portlashlar ro‘y bergan.

Mahalliy televideniye xabar qilishicha, portlashlarda kamida 31 inson qurbon bo‘lgan, 100 dan ortig‘i yaralangan.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 8 larda aeroport binosi ichkarisida ikki kuchli portlash ovozlari eshitilgan.

Odamlar aeroport binosidan tashqariga qochib chiqayotganlari aks etgan foto va videolar Internet ijtimoiy tarmoqlarida paydo bo‘lgan.

Suratlarda aeroport binosining tomi vayron bo‘lgani, oynalari sinib ketganini, ichkaridan tutun tashqariga chiqayotganini ko‘rish mumkin.

Tvitter foydalanuvchisi Giorgi Tabagari binoda yaralangan insonlarning fotosuratlarini e‘lon qilgan.

Eurocontrol tashkiloti Bryussel aeroportini yopishga qaror qilgan.

Havo qo‘nalg‘asi vaziyatga qarab ertaga ertalab ochilishi mumkinligi aytilmoqda.

Mahalliy matbuotning hodisa guvohlariga tayanib xabar tarqatishicha, portlashdan oldin otishma ovozlari va arab tilida szo‘lovchilarning gaplari eshitilgan.

Guvohlar portlash American Airline shirkatining tekshirish nuqtasi yaqinidagi yuz berganini aytganlar.

Portlashlar xudkush hujumchilar tomonidan sodir etilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Ertalabki soat 9:11 larda Bryussel metrosining Maalbeek bekatida ham kuchli portlash ro‘y bergan.

Bu metro bekati Ovro‘po Komissiyasiga yaqin va Ovro‘po Ittifoqi bosh qarorgohi o‘z xodimlariga ishga chiqmaslik, o‘z uylarida qolishni so‘rab murojaat qilgan.

Maalbeek bekatiga kirish joyida jarohatlangan insonlar yotgan yoki o‘tirgani tasvirlangan video e‘lon qilingan.

Rasmiylar Bryusseldagi barcha metro bekatlarini yopishga qaror qilganlar.

Avtobus va tramvay qatnovlari ham to‘xtatilgan.

Butun Belgiya bo‘yicha terror tahdidi maksimal - to‘rtinchi darajagacha ko‘tarilgan.

Belьgiya xuddi falajlangandek, odamlar vahimada, barcha transpor vositalari to‘xtatilgan, odam gavjum bo‘ladigan binolar yopilgan, deb xabar beradi Bi-bi-si muxbiri.

Belgiya maxsus xizmatlari atom stantsiyalarida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Mashinalar politsiya va harbiylar tomonidan tekshirilmoqda.

Bryusseldagi portlashlar ortidan Frantsiya, Olmoniya va Britaniyadagi aeroportlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani xabar qilingan.

Belьgiyaning Frantsiya bilan chegaralari ham yopilgan.

Iordaniyada bo‘lgan Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar rahbari Federiko Mogerini Ovro‘po hozir xuddi Yaqin Sharq kabi azoblanmoqda deb aytgan.

"Bu Ovro‘po uchun juda qayg‘uli kun. Ovro‘po va uning poytaxtlari bu dardni har kun boshidan o‘tkazadigan Yaqin Sharqning azobini o‘zida sinamoqda", degan u.

Bryusselga hujum butun Ovro‘poga hujum , biz birlashishimiz kerak, deb aytgan Frantsiya Prezidenti Fransua Olland ham.

To‘rt kun oldin Bryusselda 2015 yil noyabrida Parij hujumlarini tashkillashtirishda gumon qilingan Saloh Abdusalom hibsga olingandi.

U hozir ko‘rsatma berishni boshlagan.

Bir necha kun oldin Belgiya Tashqi ishlar vaziri Didьe Reynders Saloh Abdusalom Belgiyada yangi terrorchilik xurujlarini rejalagani haqida aytgan edi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring