Ruslan Chagayevni yenggan bokschida doping topildi

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi uchun jangda o‘zbekistonlik Ruslan Chagayevni yengib, chempionlik kamariga ega bo‘lgan avstraliyalik bokschi Lukas Braunda doping topilgan.

Ruslan Chagayev bilan jangdan keyin dopingga tashhis topshirgan bokschi peshobida taqiqlangan klenbuterol moddasi aniqlangani xabar qilinmoqda.

Bu modda sportchilarga musobaqa paytidan tashqari undan keyingi muddatda ham qabul qilish taqiqlanadi.

Dopingga namunalar bokschilardan jangdan besh kun oldin va u o‘tgandan keyin darhol olinadi.

Shu tariqa, Braun jahon chempionligidan mahrum qilinishi va Ruslan Chagayev yana chempionlik kamari uchun ringga tushishi mumkin.

Lukas Braun va Ruslan Chagayev jangi 5 mart kuni Checheniston poytaxti Grozniyda bo‘lib o‘tgan. Braun 10 raundda texnik nokaut bilan Ruslan Chagayev ustidan g‘alabaga erishgandi.

Ungacha Ruslan Chagayev oltinchi raundda Braunni nokdaunga uchratgan. Biroq o‘zini o‘nglab olgan Braun jangni davom ettirib, 10 raundda Chagayevga ketma-ket zarbalar bergandi.

Hakam jangni Lukas Braun foydasiga to‘xtatishga qaror qilgan.

Ruslan Chagayev hakamning qaroriga norozilik bildirgan, jangni davom ettirishini aytgan.

Bungacha o‘tgan barcha raundlar Ruslan Chagayevning ustunligi ostida o‘tgan. Ishqibozlar ham, sport sharhlovchilari ham Ruslan Chagayevning g‘alabasini bashorat qilib turishgan.

Ruslan Chagayev jangdan so‘ng ishqibozlaridan kechirim so‘ragan va albatta revansh match o‘ynashga va‘da bergandi.

Bugun Lukas Braun o‘zida doping topilganiga munosabat bildirarkan, bu qandaydir tushunmovchilik deb aytgan. Shuningdek, u advokat maslahatini olishi kerakligini qayd etgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq