Amnesty: O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar davom etmoqda

Image caption Жаслиқ қамоқхонасида қийноқлар мунтазам қўлланилади, дейилади ҳисоботда.

O‘zbekistondagi Toshturma, MXX yerto‘lasi va Jasliq qamoqxonasida qiynoqlar eng ko‘p qo‘llaniladi, deyiladi Amnesty International tashkiloti yangi hisobotida.

Xalqaro inson haqlari tashkiloti mahkum va mahbuslarga nisbatan qiynoqlarga qarshi kampaniya boshlanganini e‘lon qilgan.

23 martda Amnesty International tashkiloti veb saytida chop qilingan matbuot murojaatida O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlarga solingan mahkumlar tilga olinadi.

Jumladan, ikki yil oldin Moskvada Rossiya va O‘zbek MXX xodimlari tomonidan o‘g‘irlanib, Moskvada boshida yelim xalta kiygizilib qiynoqqa solingani aytiladi. Hisobotda Toshkentga deportatsiya qilingan Mirsobir Hamidqoriyevning taqdiri keyin qanday kechganiga e‘tibor qaratiladi.

Hamidqoriyev Moskvadan Toshkentga berib yuborilganiga qaramay, ikki haftadan so‘ng uning qayerdaligi uyidagilarga xabar qilinadi.

MXX xodimlari Toshkentdagi uyini tintuv qilgani kelib, Hamidqoriyevning SIZOda ekanini aytishadi. Mirsobir Hamidqoriyev ikki oy davomida MXX yerto‘lasida, so‘ngra Toshturmada qiynoqlarga tutilishi natijasida bir nechta tishi va ikki qovurg‘asi sinadi.

Huquq faollariga ma‘lum bo‘lishicha, diniy ekstremistik faoliyat olib borish, taqiqlangan tashkilot tuzish kabi ayblovlar bilan 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Hamidqoriyevga u saqlanayotgan Navoiydagi qamoqxonada ham qiynoqlar qo‘llanilmoqda. U ozib ketgan, tishlari sindirilgani uchun ovqat yeyishi qiyin. Tibbiy yordam olish imkoni yo‘q. Bundan tashqari u tez-tez jazo izolyatoriga tashlanadi.

Amnesty International 20 yildan beri O‘zbekistondagi inson huquqlarining buzilishi bilan holatlarni murakkab sharoitlarda o‘rganib keladi. Tashkilotning qamoqxonalarni borib ko‘rish haqidagi yaqinda qilgan iltimosini O‘zbekiston hukumati yana rad etgan.

Biroq ko‘p yillik kuzatishlar, huquq faollarining mahkumlarning yaqinlariga tayanib bergan ma‘lumotlari va qamoqxonalardan qutulib chiqqan insonlarning ko‘rsatmalari O‘zbekistonda Toshturma, Milliy Xavfsizlik Xizmati jazo izolyatori va Qoraqalpog‘istondagi Jasliq qamoqxonasida qiynoqlar muntazam ravishda qo‘llanilishini ko‘rsatadi, deydi Amnesty International.

Shu boisdan Amnesty International boshlangan qiynoqlarga qarshi kampaniyaga butun dunyodan faollarni qo‘shilib, bu jazo berish muassasalariga "Biz bilamiz, bu yerda qiynoqlar qo‘llanilmoqda. Qiynoqlarni to‘xtating!" deb murojaat qilishga chaqirgan.

O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilish uchun Toshturma, Jasliq va MXX SIZOsining yer sun‘iy yo‘ldoshi orqali suratlari aks etgan markalardan foydalaniladi.

Tashkilot militsiya, MXX qiynoqlarni qo‘llashdan voz kechishi, qiynoqlarga mas‘ullar esa javobgarlikka tortilishi kerak, deydi.

2007 yilda qurilgan MXX ning tergov izolyatoriga kirish deyarli imkonsiz. U yerdan amallab chiqishga muvaffaq bo‘lganlar o‘zlarining qiynoqqa solinganlarini aytishga qo‘rqadilar.

Biroq 2011 yilda hibsga olingan Turk biznesmeni Voxit Gunesh u yerdagi qiynoqlardan guvohlik bergan. U 10 oy MXX yerto‘lasida hibsda qolgan va qiynoqlarga tutilgan.

Guneshning aytishicha, ayol va erkaklar tergov xonasida, vanna va tualetda, maxsus ovoz chiqarmaydigan, devorlari rezina bilan qoplangan xonalarda qiynoqlar amalga oshiriladi.

Jasliq qamoqxonasi esa qiynoqlarning aql bovar qilmaydigan turlari va xodimlarning shafqatsizligi dahshatga soladi, deb keltiradi tashkilot.

U yerda aksariyat diniy va hokimiyatga qarshi jinoyatda ayblangan mahkumlar saqlanadi. Jasliqdan chiqarilgan maktub va xabarlarga ko‘ra, mahkumlar yalang‘och holda polda sudralib yurishga majburlanadi, ular ikki tomonda turgan turma xodimlari tomonidan dubinka va temir trubalar bilan kaltaklanadi, sovuq xonalarda yalang‘och bir necha kunlab suvsiz va tualetga chiqish imkoniyatisiz qamab qo‘yiladi. O‘nlab mahkumlar og‘ir qiynoqlar ortidan o‘lgani ma‘lum.

Xalqaro inson haqlari tashkiloti yangi kampaniya orqali O‘zbekiston hukumatini qamoqxonalarda qiynoqlarga barham berishga chaqiradi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq