Qirg‘iziston chegarani mustahkamlashga kirishdi

Image caption O‘zbekiston bahsli hududga qo‘shin kiritishi chegarada tanglikka sabab bo‘lgan

Qirg‘iziston Bosh vaziri Temir Sariyev O‘zbekiston bilan chegarani mustahkamlash va axborot xavfsizligini kuchaytirishga buyruq bergan.

Bu haqda qirg‘iz mulozimi dushanba kuni hukumatning o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat muhokama qilingan majlisida gapirgan.

Kabar agentligining bosh vazir ma‘muriyatidan iqtibos keltirishicha, qirg‘iz hukumati boshlig‘i chegara bahslarining yechilishida barcha davlat idoralarining muvofiqlashtirilgan faoliyatining muhimligini ta‘kidlagan.

U "Qirg‘iziston hududida joylashgan, ammo boshqa davlatlar tomonidan istifoda qilib kelinayotgan inshootlarni Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tkazish" yuzasidan ishlarni davom ettirish kerakligini aytgan.

Janob Sariyev shuningdek, mamlakatda internet va kommunikatsiya sifatini yuksaltirish orqali Qirg‘izistonning axborot xavfsizligini kuchaytirish haqida topshiriq bergan.

Uning aytishicha, ayni maqsadda Jalolobod viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradagi Aqsi tumanida yangi radiostantsiya ishga tushiriladi.

Tanglik

Shanba kuni O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaraning Chalasart hududidan qo‘shinlar va harbiy texnikani olib chiqib ketgan.

Qirg‘iz tomoni O‘zbekistonni bahsli O‘nqirtog‘ hududini noqonuniy ravishda egallab olishda ayblagan va o‘zbek tomonining harakatlaridan MDHning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga shikoyat qilgan.

O‘zbekistonning 18 mart kuni mintaqaga o‘z harbiylarini kiritishiga qirg‘iz tomonining bahsli hududdagi suv ombori ustidan nazorat o‘rnatishi sabab bo‘lgan.

Tanglik zo‘ravonliklarga sabab bo‘lishi mumkinligi borasida xavotirlar bildirilgan.

Qirg‘iz tomonida mahalliy aholi va muxolifat taarfdorlarining norozilik chiqishlari yuz bergan.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasining 300 kilometrga yaqin hududi hanuz demarkatsiya qilinmagan.

Maxfiy tunnel

Shanba kuni Qizilqiya chegara nuqtasida o‘tgan muzokaralar chog‘ida ikki tomon davlat chegarasida aniqlangan noqonuniy yer osti yo‘lini ham muhokama etganliklari xabar qilingan.

Sputnik agentligining O‘zbekiston MXX Davlat chegara qo‘mitasiga iqtibosan xabar berishicha, uzunligi 120, kengligi 60-70 santimetr va chuqurligi 1.2 metrni tashkil etgan tunneldan kontrabanda mahsulotlar va odamlarni o‘tkazishda foydalanib kelingan.

O‘zbek rasmiylari yer osti yo‘li jangarilar tomonidan qazilgani va qurol-yarog‘ olib o‘tishda foydalanilgani haqidagi farazlarni rad etishgan.

Aytilishicha, ikki davlat chegarasida bu kabi yer osti yo‘li birinchi marta aniqlanmoqda.

O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati noqonuniy inshootni buzib tashlashga kelishilganini aytgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring