Olmon Tashqi ishlar vaziri Markaziy Osiyo bo‘ylab safarda

Image copyright Olmon TIV twitter
Image caption Frank-Valter Shtaynmayyerni O‘zbekistonda hamkasbi Abdulaziz Komilov kutib olgan

Olmoniya Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyerni O‘zbekistonda hamkasbi Abdulaziz Komilov kutib olgan.

Berlindagi Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Frank-Valter Shtaynmayyer O‘zbekiston rahbariyati va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashadi.

Olmon Tashqi ishlar vaziri Samarqandga ham safar qilishi rejalangan bo‘lib, O‘zbekistondan keyin Qirg‘iziston va Tojikistonga tashrif buyurishi rejalangan.

Xabarlarga ko‘ra, Toshkentdagi muzokaralar chog‘ida xavfsizlik masalalariga alohida e‘tibor qaratiladi.

Markaziy Osiyodagi islomiy ekstremizm masalasi ham kun tartibiga chiqishi kutilmoqda.

Olmon vaziri Markaziy Osiyoga safari oldidan mintaqaning strategik ahamiyatini urg‘ulagan.

“Mintaqaga nisbatan xalqaro e‘tibor ikkinchi darajali qabilida bo‘lib kelgan, ammo ayni shu mintaqada Rossiya, Xitoy va Eron manfaatlari to‘qnash keladi. Mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlari ulkan, shu bilan birga xavfsizlik tahdidlariga ko‘z yummasligimiz kerak”, deb aytgan Frank-Valter Shtaynmayyer.

O‘zbekiston bilan Olmoniyaning yaqinlashishi 2001 yil AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning Afg‘onistonga nisbatan harbiy amaliyotlar boshlagan paytiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yili Olmoniya Afg‘onistondagi aksilterror amaliyotlar bois Termiz aeroportida tashkil qilingan Olmon harbiylarini dastaklash markazini yopgan edi.

Inson huquqlari faollari, qator halqaro tashkilotlar 2005 yil Andijon qirg‘inidan keyin Ovro‘po Ittifoqining O‘zbekistonga jazo choralar kiritganini Berlin pisand qilmadi, deya bir necha bor tanqid qilishgan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Andijon voqealari sabab O‘zbekistonga nisbatan Ovro‘po Ittifoqining jazo choralari amalda bo‘lgan davr oralig‘ida (2005-2009 yillar) Olmoniya hukumati Termez havo bazasi uchun rasmiy Toshkentga millionlab yevro miqdorida haq to‘lab turgan

Orada baza uchun yillik to‘lov miqdorlari ham oshirib borilgan.

O‘zbek-Afg‘on chegarasida joylashgan Termez havo bazasi xorijiy ittifoq kuchlari tomonidan Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarni dastaklashda foydalanilgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEKTwitter - BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEKFacebook - BBC UZBEKGoogle+BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype – uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq