AQSh va Turkiyani nima yarashtiradi?

Image copyright Reuters
Image caption Rahbarlar.
Vashington va Anqara o‘rtasidagi diplomatik aloqalar ikki davlat uchun muhim bo‘lib qolsada, ayni damda murakkab davrni boshdan kechirmoqda.

Bundan oldin AQSh bilan NATOning boshqa a‘zosi orasida bu qadar ziddiyatli munosabatlar kuzatilmagan edi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onning AQShga shu haftaga rejalashtirilgan safariga vaziyatni bir qadar izga solish harakati deb qarash mumkin. Shu bilan birga ikki davlat rahbarlari bir-birlari to‘g‘risida qanday fikrdaligi ham ko‘proq oydinlashadi.

Yaqinda Atlantic saytida chop qilingan Jeffri Goldbergning Barak Obama bilan qilgan ko‘p sonli intevьyulariga asoslanib Erdo‘g‘onning tashqi siyosatiga baho berilgan tahliliy maqola bosildi.

Maqolada Erdo‘g‘on Obamaning umidlarini oqlamagani ta‘kidlanadi.

Goldbergning so‘zlariga ko‘ra, Obama Erdo‘g‘onga Sharq va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘maklashuvchi mo‘‘tadil musulmon rahbar sifatida qaragan bo‘lsa, hozir undan hafsalasi pir bo‘lgan.

Obama Suriyada barqarorlikni ta‘minlash uchun Erdo‘g‘on o‘zining qudratli armiyasidan foydalanishni xohlamaydi, deb hisoblaydi.

Obama Erdo‘g‘on haqidagi fikrlarini oshkor qilmasada, Turkiya rahbari amerikalik hamkasbiga nisbatan bir necha bor keskin munosabatlar bildirgan.

Jumladan mart oyida u Obama ma‘muriyatini Suriyadagi kurd isyonchilarini dastaklayotganini qoralab, Vashingtonning haqiqatni anglamasligi mintaqani qonga botirdi, deb aytgan edi.

Suriya inqirozi
Image copyright AFP
Image caption Turkiyani Iroq va Suriyadagi kurd bo‘lginchilaridan tashvishda

Vashington va Anqara o‘rtasidagi kelishmovchilik AQShning Turkiya ichki siyosatidan qoniqmasligida ham ko‘rinadi.

Biroq eng katta ziddiyat bu Suriya inqirozi bo‘lib, IShIDga qarshi kurashda kurd qurolli guruhlarining o‘rniga munosabatdir.

AQSh va Turkiyaning Suriyada ko‘zlagan maqsad va tutgan yo‘llari tubdan farq qiladi.

Anqara boshidanoq, Assad kuchlariga qarshi kurashgan suriyalik isyonchilarni quvvatlab keladi.

Assadning qudratdan ketishi Turkiya hukumati uchun strategik muhim sanalgan. Assad ketsagina Suriyada barqarorlik tiklanadi, deb hisoblaydi Turkiya.

Suriya inqirozi Turkiyaga bevosita ta‘sir qilib, bu nafaqat mamlakat hududida sodir etilgan terror hujumlari ko‘rinishida, balki suriyalik qochqinlarning ulkan oqimiga bas kelishga to‘g‘ri keldi.

Bu Turkiyaning Suriyada AQSh va xalqaro koalitsiya kuchlari tomonidan himoyalanadigan "xavfsiz hudud" tashkil qilishni quvvatlashining sabablaridan biridir.

Biroq Obama ma‘muriyati bu g‘oyaga qarshi chiqib keladi. Vashington uchun "Islomiy davlat"ga qarshi Suriya va Iroqda kurashish muhim sanaladi.

Iroq bu o‘rinda AQSh uchun yanada manfaatliroq, boisi Iroqda boshqaruvdagi tuzumning muqobili ko‘zda tutilmaydi.

Vashington suriyalik isyonchi guruhlarni qurollantirishga urinishi boshida kutilgan natijani bermadi.

Strategik muhim
Image caption "Qo‘shning tinch..."

Turkiya ham Suriya, ham Iroq bilan chegaralarga ega. Shu boisdan Vashingtonning IShIDga qarshi kurashi uning uchun ham strategik muhim.

AQSh bu maqsadlari uchun Turk havo bazalaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi, biroq Anqara uzoq vaqt bu g‘oyaga ishonqiramay qaradi. Va nihoyat ruxsat berilar ekan, kuzatuvchilar fikricha, Vashington Turkiyaning kurdlarga qarshi hujumlarini "ilg‘amaslik" evaziga bu imkoniyatni oldi.

Kurd masalasi Turkiyani IShIDdan ko‘ra ko‘proq tashvishga soladi. Shu bilan birga, kurd isyonchilarining jihodchilarga qarshi kurashda ko‘proq natijalari ko‘zga tashlanadi.

Janglar davomida kurd isyonchilarning Vashingtondan yetarli moddiy mablag‘ olib turgani Turkiya rahbariyati uchun "buqaga ko‘rsatilgan qizil latta" kabi edi.

Turkiya mamlakat ichida kurd bo‘lginchilariga qarshi kurashib keladi, kurd jangarilarining tashqarida har qanday yutuqlari kurd millatchilariga qo‘shimcha kuch berishi tayin.

Shu tariqa qog‘ozda Vashington va Anqara ittifoqchilar sanalsada, Suriya masalasida butunlay qarama qarshi mavqeni egallaydilar.

Bu mojaroga Assad tomonida Rossiyaning qo‘shilishi esa, vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

Turkiya Rossiya uchog‘ini o‘zining havo hududiga kirgani uchun urib tushirganini aytadi, Rossiya buni inkor qiladi. NATO a‘zolari bunga turli munosabatda bo‘lishdi: jamoatchilik oldida ular Anqarani quvvatlagan bo‘lsalarda, Anqara ta‘biricha, bu hodisaga mas‘uliyatsiz yondoshdilar.

Turkiya havo hududini Amerika uchoqlari kuzatishi aytildi, biroq tezda bu qaror bekor qilindi.

IShIDning o‘sib borayotgan tahdidi Turkiyani yanada ko‘proq e‘tiborli bo‘lishni talab qiladi. Turkiyaning mavqei mintaqada o‘zi xohlaganchalik kuchli emas. Bundan tashqari do‘stlari va ittifoqchilarini ham mintaqada ko‘p deb bo‘lmaydi.

Bir paytlar Ahmad Dovuto‘g‘li yangi tashqi siyosatda qo‘shnilar bilan muammolar yo‘qligini aytgan edi.

Ayni paytda muammolar hammma jabhada paydo bo‘ldi. Yaqin Sharqda o‘zini asosiy o‘yinchi deb e‘lon qilish maqsadi Anqarani burchakka kirgizib qo‘yganga o‘xshaydi.

Suriya inqirozi Turkiyani mamlakat ichida kurdlarni mustaqil bo‘lish harakatini kuchaytirishi xavotirini yuzaga keltirdi.

IShID terrorizmi xavfi kuchaydi. Iroq va Suriya chegarasida boshboshdoqlik hukmron.

Vashington bilan munosabatlarning yomonlashuvi Moskvaga qo‘l keladi.

Ayni paytda Turkiyaning Yaqin Sharqdagi yana bir yetakchi o‘yinchilardan Isroil bilan munosabatlari ko‘ngildagidek emas.

Anqara tashqi siyosatda burilish yasashi lozim. Vashington bunda balki ko‘mak bera oladi. Biroq ularning Suriya masalasida ancha chuqurlashgan kelishmovchiligi bunga to‘sqinlik qilishi mumkin.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype – uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq