'Odam bolasi bu qiynoqlarga chidamaydi'

Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti O‘zbekiston tergov hibsxonalari va jazo muassasalarida qiynoqlarga chek qo‘yish talabi bilan yangi global kampaniya boshlagan.

Tashkilot dunyo bo‘ylab faollardan O‘zbekiston Prezidenti va hukumatiga, shuningdek, hibsxona va qamoqxonalar ma‘muriyatlariga "Biz bu yerda qiynoqlar qo‘llanilishini bilamiz. Qiynoqlarni to‘xtating!" degan talab bilan xat va SMSlar jo‘natishga chaqirmoqda.

O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilish uchun Toshturma, Jasliq va MXX SIZOsining yer sun‘iy yo‘ldoshi orqali suratlari aks etgan markalardan foydalaniladi.

Tashkilot militsiya, MXX qiynoqlarni qo‘llashdan voz kechishi, qiynoqlarga mas‘ullar esa javobgarlikka tortilishi kerak, deydi.

Amnesty International 20 yildan beri O‘zbekistondagi inson huquqlarining buzilishi bilan holatlarni murakkab sharoitlarda o‘rganib keladi.

Tashkilotning qamoqxonalarni borib ko‘rish haqidagi yaqinda qilgan iltimosini O‘zbekiston hukumati yana rad etgan.

Biroq ko‘p yillik kuzatishlar, huquq faollarining mahkumlarning yaqinlariga tayanib bergan ma‘lumotlari va qamoqxonalardan qutulib chiqqan insonlarning ko‘rsatmalari O‘zbekistonda Toshturma, Milliy Xavfsizlik Xizmati jazo izolyatori va Qoraqalpog‘istondagi Jasliq qamoqxonasida qiynoqlar muntazam ravishda qo‘llanilishini ko‘rsatadi, deydi Amnesty International.

'Guantanomada ham qiynashadi'

Facebook va Odnoklassnikidagi BBC O'zbek sahifalarida o‘z fikrlarini qoldirgan ayrim o‘zbekistonliklar qiynoqlarni qoralashsa, ayrimlari qiynoqlar hamma yerda qo‘llanishini aytishgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ba‘zilar esa O‘zbekistonda qiynoq qo‘llanishini rad etganlar.

"Guantanomada ham qiynashadi. U yerda ham hammasi terrorist emas-ku. Ana shular haqida yozinglar", deb yozadi Lutfulla Saidov ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

Iskandar Bobojonov uchun esa, qamoqqa tushgan odam qiynoqqa yuz tutishi muqarrar.

"Qiynoqqa solinmaslik uchun qamoqqa tushmaslik kerak", deydi u.

Hayrullo Turdiyev "O‘zbekistonda inson manfaatlari birinchi o‘rinda turadi. Hech qachon qiynoqqa solinmagan" desa, Bekzodinfo Uz ismli foydalanuvchi "Oydan tushganmisiz diyman)" degan istehzo bilan unga e‘tiroz bildiradi.

"Bi-bi-sijon, yaralarimni yangilamang, iltimos. Bu orqali yuqotgan sog‘ligimni baribir tiklab bera olmaysiz, tilka-pora bulib ketgan maykamni butlab, topib bera olasizmi?", deb yozgan Ruzibay Azizmiy.

"Qiynoq qo‘llagan huquq-tartibot xodimlari ustidan arz qayerga arz qilish mumkin, deb o‘ylaysiz?" degan savolimizga Ruslan Sabirovich ismli foydalanuvchi "Allohga" deya javob beribdi.

Odnoklassnikidagi sahifamizda fikr qoldirgan Nargiz Abduholiq uchun qiynoqlardan maqsad ayon:

"Shuniyam bilmaysanlarmi, yo‘q aybini bo‘yniga qo‘yish uchun, u tugagach, boshqalarni ayblashga ko‘rsatma berish uchun".

Biz qiynoqlar mavzusini o‘zi ham qiynoqlar qurboni bo‘lgan va qariyb 17 yil umrini O‘zbekiston qamoqxonalarida o‘tkazgan atoqli yozuvchi Mamadali Mahmudov (adabiy taxallusi Evril Turon) bilan muhokama qildik.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring