Bi-bi-siga aytaman: “Ada, zato tinchmiz-ku!..”

Image caption "Tirikchilikning aybi yo‘q" va yo "Och qornim -tinch qulog‘im"

O‘zbek tili bag‘oyatda boy til. O‘zbegimda xar bir holatga kamida 2 tadan maqoli bor.

Faqat maqol bilan so‘zlasang ham, noningni topib yeysan, ana yana bir maqolnamo gap bo‘ldi...

“Tirikchilikning aybi yo‘q”

Avvallari bu maqolning asl ma‘nosi qanchalar qora ish (farroshlik, hammollik) qilishingdan qat‘iy nazar, halol, peshona tering bilan topsang bo‘ldi degani edi. Hozirga kelib bu maqolni qo‘li egrilar o‘ziga bahona qilib olgan. Qing‘ir ishni qilib - tirikchilikning aybi yo‘q deb turaveradi. Sharaqlatib porani sanab oladi, ko‘zinggizga tik qarab shu maqolni aytadi.

“Och qornim-tinch qulog‘im”

Doim "davlatning siyosatiga, Xudoning ishiga, er-xotinning urushiga aralashma" qabilida ish tutaman. Biroq "bir tovuqqa ham don, ham suv kerak" yoki "sen siyosat bilan qiziqmasang, siyosatchilar sen bilan qizaqadi" deganlaridek... Bir yomon odatim bor, ba‘zilarida uzimni tiyib turolmay, bilmay qitmir savol berib qo‘yaman.

"Barakasini bersa, hech gap emas!"

Image caption "Barakasini bersa, hech gap emas!"

Битта ёш Қори акам борлар, кўрганлар уларни Қори ака деб ҳам ўйламайди, чунки на соқоллари бор на дўппи киядилар - доим костюм, галстук ва қора кўзойнак тақиб юрадилар, бамисоли агент 007. Лекин илмлари жуда кучли, шаръий масалалардаги ҳар қандоқ баҳсли, боши берк кўчадан камида кичкина "форточка" топиб берадилар. Шу акамнинг суҳбатида бўлишни роса яхши кўраман. Сабаби мени ўйлантирган саволларни ёнғоқдек чақиб ташлайдилар. Улардан сўрадим "ака, шу масалага ойдинлик киритинг: баъзи тадбиркорлар 10 миллионлаб топади, лекин доим минусда, бер-бери кўплигидан ўзига юқмайди. Баъзиларнинг эса ойлиги 1 миллионга етар-етмас - турмуш даражаси - кунига 10 миллион. Буни қандай тушунса бўлади?", дедим... Қори ака ўзбекчани ҳам арабча талафуз қилиб ташлайдилар "аъйинларни" чиқариб, шу жойига беш кетаманда локин, дедилар: "Бўтам, пулнинг миқдори эмас, баъракаси муҳим. Юқтирса, баъракасини берса ҳеч гап эмас! Ҳалиги минусдагилар масаласига келсак, улар луқмасига қарасин, у-бу ерида ҳаром-ҳарич аралашгандир," деб тушунтириб бердилар.

Odam bo‘lsa bas, jazo uchun kerakli moddani mosini tanlab berish hech gap emas (bunisi sal o‘zbekchasiga beo‘xshov chiqdi, aslida rus og‘adan qolgan "Esli yestь chelovek, to statьyu podberem"

Image caption Soqol erkaklik emas, ekstremizm belgisi...

Hijob, soqolga qarshi kompaniya nihoyasiga yetay deb, endi nima ish qilsak deb turgan bir paytda - undanda "barakaliroq" telefon chiqdi. Hamma xujjating joyida bo‘lib, haq-huquqlaringni talab qilsang, chuchvarani xom sanabman deyaver…baribir telefondan aniq tutilasan. Chunki tirik jon bo‘lganingdan keyin nimagadir qiziqasan. Sanaymiz, ammo e‘tibor bering, faqat ayrimlarini sanaymiz, demak, telefoningizda Xudo ko‘rsatmasin:

1. Diniy mavzularda yuklamalar bo‘lsa - oqibati ma‘lum - ekstremist.

2. Sal yarim yalang‘och surat va yo video bo‘lsa - pornografiya tarqatish.

3. Kamolot ro‘yxatidan o‘tmagan o‘yinlar bor bo‘lsa - vahshiylikni targ‘ib etish.

4. Oldi-berdilaringizni dollarda yodnoma qilib qo‘ygan bo‘lsangiz - noqonuniy valyuta operatsiyalari yoki soliqdan bo‘yin tovlash!

5. Telegram, Whatsupda sheriklar bilan u-bu narsa almashsang - kamida jarimaga tortsa bo‘ladigan fayl topiladi. Agarda hech qanday yuklamang bo‘lmagan taqdirda ham, albatta internetda u-bu "g‘ayrifikr" saytga kirgan bo‘lasan, joyida tamg‘ani bosish imkoni bor - gumroh, gumashta, vatanfurush, xalq dushmani! “Saqlanganni, Xudo ham asraydi” (rus og‘adan qolgan)

O‘ziga to‘q ba‘zi bir aqlli odamlar smartfonlarni tutmay qo‘ydi, yuqoridagi boshoriqdan nari bo‘lay deb yana “beaql” telefonga qaytib o‘tishdi.Shunday bo‘lsa ham, kimlargadir kerak bo‘lganda, yoki “plan” to‘lmay qolganda, "beaql” telefon ham qutqarmayapti. Qaytaga shubha uyg‘otsa kerak...Bunaqa telefonda anavi idoradigalarga ko‘rib qolsa, “hap sanimi, uyingda asrasang kerak miyalarni po‘tillatadigan ig‘vo fayllarni” deb o‘ylashadimi, bilmadim, ishqilib kerak bo‘lsa to‘ppa-to‘gri uyiga bostirib kirib, shaxsiy kompьyuterini musodara qilib "ekspertizaga" olib ketayotganlarini ham eshitayapmiz!..

"Zato tinchmiz-ku!"

Image copyright Reuters
Image caption "Зато тинчмиз..."

Mana shu yangi “maqolnamo” shukriyaga “besh” ketvoraman o‘zi ham! Qo‘y quyrug‘ini rahmatli Hojiboy aytmish, tomog‘ og‘riganda ham, ko‘z qichiganda ham, oyoq singanda ham, bosh lo‘qillaganda ham ishlatadigan o‘zbegim, bugun mana shu maqol bilan “qurollanib” olgan. “Tinchlikparvar” kuchlar tomonidan ataydan ekilgan bu “shukriya” shunaqa keng tarqaldiki, tunovi 10 yashar o‘g‘ilcham to‘rtta fandan ham qoniqarsiz baho olib keldi. Shundoq kamarimni yechaman deb tursam, “Adajon, qo‘ying, zato tinchmiz-ku!” desa bo‘ladimi?! Lekin albatta mening tinchlikka e‘tirozim yo‘q. Tinchlikka nima yetsin?! “Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi” deyishadi, shunday emasmi? Ammo bu bosh qurg‘ur ham shu kunlar yuqoridagilarning kayfiyatiga bog‘liq bo‘lib qolgan...Ishqilib tepadagilar o‘z uylarida, kabinetlaridagi kollektsiyalarida do‘ppi va salla yetarli bo‘lsin, shunisi muhim. Chunki bizda “zato tinchmiz” degan maqolning akasi juda kuchayib ketgan, mana o‘sha savil gap - “Salla desang, kallasi bilan qo‘shib keladi!”

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq