Buxoroda quyosh elektr stantsiyasi qurilgan

Image copyright AP
Image caption Dunyoning bir qancha davlatlarida quyosh elektr stantsiyalari bor.

Buxoroda Enesol shirkati tomonidan avtonom mobil quyosh elektr stantsiyasi qurib bitkazilgan. Yangi elektr stantsiyaning MDH da eng yirik quyosh stantsiyasi ekani xabar qilinadi.

sputniknews-uz.com saytining shirkat vakillariga iqtibosan yozishicha, 1,2 mVt quvvatiga ega Quyosh elektrostantsisi kunduzi 5000 kVt gacha, kechqurun 1000 kVt energiya ishlab chiqarish imkoniga ega. Bu esa taqqoslash uchun 1,5 ming aholisi bo‘lgan kichik shaharchani doimiy elektr bilan ta‘minlash deganidir.

Elektr stantsiyasi markaziy elektr ta‘minoti tizimlaridan uzoqda joylashgan ishlab chiqarish ob‘ektlari va Qandim hududida Rossiyaning "Lukoyl" shirkatining qurilish loyihalarini uzluksiz elektr energiya bilan ta‘minlashni ko‘zda tutadi.

Aytilishicha, Samarqandda ham shu kabi loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Samarqanddagi quyosh fotoelektr stantsiyasining quvvati 100 MVt ga teng bo‘ladi.

Loyihaga Osiyo taraqqiyot banki 110 mln dollar, O‘zbekiston ta‘mirlash va taraqqiyot fondi 130 mln dollar ajratgan. Bundan tashqari davlat tomonidan 45 mln dollar, "O‘zbekenergo" 26 mln dollar mablag‘ ajratishi aytilgan.

Dunyoda an‘anaviy energiya zahiralarining kamayib borishi va narx-navoning oshishi bilan, olimlar energiyaning muqobili sifatida "ekologik toza" quyosh energiyasidan foydalanish yo‘llariga e‘tibor qaratmoqdalar. Biroq ularning hisobicha, bu loyihalarni keng amalga oshishi o‘nlab yillarni talab qiladi.

Bu texnologiyalar ancha serxarajat. Ularning qimmatligiga sabab shuki, ular ishlab chiqaradigan energiya ularga sarflangan xarajatga nisbatan juda ozligidir.

Sobiq Ittifoq parchalangach, mustaqil bo‘lgan davlatlar qator iqtisodiy muammolarga duch kelgani ayon. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari ham suv, elektr taqchilligi, gaz ta‘minotida uzilishlarga uchradi va tabiyki bir-biriga u yoki bu masalada qaramlik qator kelishmovchiliklarni yuzaga keltirdi.

O‘zbekiston qishloqlarida o‘n yillardan beri davom etadigan elektr taqchilligi oxirgi yillarda katta shaharlarga ham yetib kelgan. Jumladan poytaxt Toshkentda ham chiroq o‘chib qolish hollari tez-tez yuz berayotgani aytilmoqda.

Viloyatlardagi aksariyat aholi elektr ta‘minotidagi taqchillikni Xitoydan keltirilgan elektr beruvchi vositalar orqali hal qilib keladi. Biroq elektr beruvchi uskunalarni sotib olishga qurbi yetmaganlar kechki payt ko‘pincha qorong‘uda o‘tirishga o‘rganib qolganlar.

Mutaxassislarga ko‘ra, respublikada quyosh energiyasining umumiy potentsiali 51 mlrd tonna neft ekvivalentiga teng deb ko‘riladi. Kelajakda bu quvvatdan to‘liq foydalanish imkoniyatlarini ishga solish kerakligi ta‘kidlanadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq