Turkiya qochqinlarni qabul qilishga tayyormi?

Image copyright AFP

Yunonistondan qochqinlarni Turkiyaga qaytarish to‘g‘risida Anqara va OI shartnomasi amalga oshirilishiga ikki kun qolar ekan, Turkiya muhojirlarni qabul qilishga tayyorligi ko‘rinmayapti, demoqda Ovro‘poning muhojirlik ishlari bo‘yicha rasmiylari.

Turkiyaning Dikiliy shahriga yaqin ro‘yxatga olish markazida bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri Mark Louenga ko‘ra, dastlabki 500 kishini qabul qilib olishga mo‘ljallangan joy bo‘m-bo‘sh, hech qanday tayyorgarlik ko‘zga tashlanmaydi.

Mahalliy hukumat vakillari Dikilida muhojirlar juda oz muddat bo‘lib, mamlakatning boshqa qismiga ko‘chiriladi, deb izohlaganlar bu holatni Bi-bi-siga.

BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha qo‘mitasi va boshqa inson haqlari tashkilotlari qochqinlarning keyingi taqdiridan xavotir bildirganlar. Ularning fikricha, muhojirlarning bir qismi Suriyaga majburan jo‘natishlari mumkin.

Ovro‘po Ittifoqi va Turkiya o‘rtasida 20 martdan keyin Ovro‘poga kelgan qochqinlarga taaluqli qabul qilingan shartnoma 4 aprelda kuchga kiradi.

Kelishuvning maqsadi muhojirlar oqimi bilan yuzma-yuz qolgan Ovro‘po davlatlaridagi tanglikni yengillashtirishdir.

Turkiyaga qaytgan har bir suriyalik qochqin uchun OI allaqachon Ovro‘poda bo‘lgan Suriya fuqarosiga boshpana berish majburiyatini olgan. Shu bilan birga, bu imtiyoz Ovro‘po Ittifoqiga qonuniy yo‘l bilan kirgan suriyalikka berilishi ko‘zda tutiladi.

Olmoniya shunday muhojirlarni, asosan bolalik oilalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Politsiya amaliyotlari
Image copyright AP

Ovro‘po qochqinlarni chegaradan o‘tkazishni to‘xtatganiga qaramasdan, hali ham ko‘plab insonlar Yunoniston qirg‘oqlariga yetib olish fikridan qaytmaganlar.Oxirgi haftaning o‘zida Turkiya politsiyasi yuzlab odamlarni ushlagan.

2015 yilda milliondan ortiq muhojirlar Turkiyadan Yunonistonga tomon dengiz yo‘li mashaqqatlarini yengib o‘tib, Ovro‘poga kirib kelishga muvaffaq bo‘lganlar.

Yunoniston rasmiylarining Assoshieyted press agentligiga bildirishlaricha, qochqinlarni qaytarish dushanba kuni Lesbos orolidan boshlanadi. Birinchi navbatda qochqinlik maqomi rad qilinganlar, jumladan Pokiston fuqarolari Turkiyaga jo‘natiladi.

Rasmiy manbalar qochqinlarni qaytarish kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazilishini ma‘lum qilgan. Ularga ko‘ra, har bir muhojirga bittadan politsiyachi ajratiladi. Qochqinlar avtobuslarda qirg‘oqqacha olib kelinib, maxsus kemalarga joylashtiriladi.

Ayni vaqtda o‘nlab odamlar Ovro‘poga qarab o‘tishga harakat qilmoqda, deb xabar qiladi Bi-bi-si muxbiri Mark Louen. Juma kuni Turkiya politsiyasi qayiqlarda suzib o‘tishga uringan 160 kishi ushlagan.

Shu boisdan, G‘arbda ko‘pchilik OI va Turkiya o‘rtasidagi shartnomaning ish berishiga shubha bildirmoqda. Ba‘zi insonparvarlik tashkilotlari va qator Ovro‘po davlatlari Turkiyani umum qabul qilingan xavfsizlik me‘yorlari va inson haqlariga amal qilmaydi, deb hisoblaydi.

Image copyright AFP

Amnesty International tashkiloti Turkiya muhojirlarni Suriyaga majburan jo‘natib yuborayotganlikda ayblagan. Turkiya muhojirlar ixtiyoriy ravishda ortga qaytayotganlarini aytib, ayblovlarni inkor qilgan.

Yunoniston parlamenti juma kuni ma‘qullagan noqonuniy muhojirlarni Turkiyaga qaytarish imkonini beruvchi qonun loyihasi muhojirlarning noroziliklariga sabab bo‘lgan.

Xios orolida yuzlab odamlar qochqinlar jamlog‘ini to‘sib turgan tikonli simlarni buzib hududni tark etganlar.

"Deportatsiya – katta xato bo‘ladi. Biz bu yerga hayotimizni xavf ostiga qo‘yib, tavakkal qilib, kontrabanda qayiqlarida kelganmiz. Biz ortga qaytolmaymiz. Hayotimizni asrash uchun bu ishni qilganmiz", deydi qochqinlar.

Image copyright AFP

Ayni paytda Yunonistonning Pirey bandargohida vaziyat jiddiy.

BMT ning qochqinlar bo‘yicha agentligi Turkiya va Yunonistonni qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rishga chaqirgan.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,
  • uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq